Istamas
Hech inson dunyoda faqru fanoni istamas, Hech tan o‘z jonig‘a ranju baloni istamas.
Aylama pandu nasihat nokasa behudakim, Qobiliyat bo‘lmasa, sharmu hayoni istamas.
Ilm rohidan adashgan besarupolar abas, Bexabar kavnayndan, rohi hudoni istamas.
Mayli jannat aylamas diydoridan ummidvor, Tolibi diydor emas, amri xudoni istamas.
Sidq ila shar’i payambarg‘a amal qilmaski ul, Ro‘zi mahsharda Muhammad Mustafoni istamas.
Choriyori bosafog‘a har kishi munkir esa, Ul Hasan birla Husayni Karbaloni istamas.
Har kishida bo‘lmasa ixlos hubbi xonadon, Nuri chashmi Mustafo xayral-nisoni istamas.
Har kishini tab’ida gavharshinosi bo‘lmasa, Qadri qimmat bilmasa, qimmatbahoni istamas.
Qimki ummattur, biling, har ishda payravliq qilur Ayshu ishratdan kechub zavqu safoni istamas.
Ummat ersa har kishi millatni anduhin chekur, Kimki Hijron bo‘lmasa, millat kazoni istamas.