AsosiyFanlarKitoblarReyting
Qo‘llab-quvvatlash

O‘quvchilar va abituriyentlar uchun bepul testlar va kitoblar. Testlar doim bepul.

Loyihani qo‘llab-quvvatlash

Platforma

  • Fanlar
  • Kitoblar
  • Reyting
  • Kabinet

Loyiha

  • Qo‘llab-quvvatlash
  • Telegram: @bilgo_uz_bot

Huquqiy

  • Maxfiylik siyosati
  • Foydalanish shartlari
  • Hisobni o‘chirish

© 2026 Bilgo · Barcha huquqlar himoyalangan

AsosiyFanlarKitoblarReyting
← Bog‘chasaroy fontani1 / 1

Bog‘chasaroy fontani

Aleksandr Pushkin

Bog‘chasaroy fontani

Men ham ko‘plar kabi ko‘rgandim bir chog‘, Ba’zilar endi yo‘q, o‘zgalar yiroq… Sa’diy

Qovoq solib o‘tirar Garoy. Lablarida kahrabo chilim. Dahshatli xon atrofida jim Bosh egib tek turardi saroy. Jimjit edi butun koshona: Hamma xonning xafa yuzidan, G‘am va o‘yli g‘azab izidan Payqar edi mubham nishona.

Ammo mag‘rur sohibi farmon. Qo‘llarini bir siltab soldi: Barcha sekin tarqaldi har yon. Ko‘shklar aro bir o‘zi qoldi: Erkin nafas oldi siynasi. To‘lqinlanib buzmay sukutni O‘ynab turgan ko‘rfaz oynasi Aks etgandan qora bulutin Uning jiddiy manglayi ayon Dil to‘lqinin aylardi bayon.

U mag‘rur dil ne g‘am-la o‘lmish, Qanday fikr bilan band bo‘lmish Yana Rus-la jang qilmoqchimi, Yo Polshani tang qilmoqchimi, Nega xafa, ne u sindirar, Va yo qonli o‘chmi yondirar. Yoki qo‘shin aylamish isyon. Yoki tog‘li xalq janglaridan, Genuyaning‘ nayranglaridan Tashvish tortib o‘ylanarmi xon?

Yo‘q, endi u charchab qolmishdir. Zerikmishdir shuhrat, zafardan. Berahm qo‘l ortiq tolmishdir. Xayol uzoq qondi safardan. Nahot, haram ichra xiyonat, Nahot, yelga uchib diyonat, Asira qiz jinoyat qilmish, Kofirga dil inoyat qilmish?

Yo‘q, G‘aroyning‘ xotinlari hech Bunday ishga jurat qilmaslar, Mungli nola chekib erta-kech, Yomonlikni asti bilmaslar. Oyna uyda o‘sar gul kabi, Oy yuzlari zindon ichra berk, Zulm ostida go‘yo qul kabi Ularda had yo‘kdir, yo‘qdir erk, Oyu yillar navbatma-navbat G‘amgin oqin bilan o‘tarlar. Bildirmasdan yoshlik, muhabbat Barchasini olib ketarlar.

Kunlar birday kechadir g‘amda, Bitta-bitta imillar soat. Yalqovlik amr etar haramda, Kam ko‘rinar safo-farog‘at. Yosh juvonlar qayg‘uga to‘lib, Bir ish qilib ovunmoq bo‘lib, Zeb berishib kiyim kiyishar, Gaplashishar, o‘ynab yeyishar. Yoki o‘ynoq suvlar sasida, Toza, shaffof zamzamasida To‘p-to‘p bo‘lib sayr etishadir Chinorlarning‘ zich soyasida. Ortlarida ularni poylab, Yovuz og‘a yurar hay-haylab, Undan qochish, berkinish bekor: Hasadli ko‘z, ding qulog‘i bor.

U hiylakor, u laganbardor. Har bir ishdan voqif, xabardor. Unga ko‘ra o‘rnashmish mangu Abadiy bir tartib saroyda, Unga xonning izmi har joyda Yagona bir qonundirki, u Uni Qur’on farzidek bilar; Dilda saqlar va bajo qilar. Uning ko‘ngli sevgi istamas, U but kabi sezgidan mahrum, U hissizlik domida mahkum, Na ko‘z yoshi, na yumshoq nafas, Na ta’naga bermas e’tibor; Asiralar chekkan ohu zor Unga asti qilmaydi ta’sir; Pinagini buzmaydi taqir; Yolvorishga quloq solmaydi; Haqoratni qilmaydi pisand. Hech na uni yumshatolmaydi, Tosh qalbi-la mag‘rur va xursand.

Unga xotin odati ma’lum, U ko‘p ko‘rmish, har yerda har zum. Hurlikda ham, erksizlikda ham Yumshoq nigoh, ko‘zlardagi nam Ko‘ngliga hech hokim bo‘lolmas. U ularga ortiq ishonmas. Soch yozishib haram qizlari — Asiralar cho‘milar ekan, Sehr sochgan go‘zal yuzlari Chashmalarda ko‘milar ekan. Qip-yalang‘och qizlarga loqayd, Bee’tibor termilib, shu payt U poyloqchi hozirdir yana, Tutqunlarga nozirdir yana.

Kechalari barg ham mizg‘iru, U uxlamas. Ohista bosib, Har eshikka bir quloq osib, Haram ichra tanho izg‘ir u; Kim dam olar, kim tushda ingrar, Kim oh tortar— hammasin tinglar Uydan uyga bildirmay ko‘chib Keng tashlaydi u makkor domni; Birontasi sandirab, cho‘chib Tilga olsa begona nomni, Yo mabodo do‘stiga bir oz Taqdiridan koyib, qilib roz Dildagini aylasa izhor, Balolarga bo‘lar giriftor!

Garoy nega tinmay chekar g‘am? Chilim o‘chib qolmish qo‘lida. Botinolmay dam olgani ham Ostonada, xonning yo‘lida Imo kutib turadir og‘a, Ibo tutib turadir og‘a. O‘yga botgan hukmdor turar: Oldidag‘i darcha ochiq, u — Ko‘ngli cheksiz qayg‘uga to‘lgan. Indamasdan ohista yurar Kechagina sevimli bo‘lgan Xotinlarin qabriga to‘g‘ri.

Xonni kutib, ko‘rish ko‘yida, O‘ynab turgan fontan bo‘yida Ipak gilam uzra o‘ynashib, Bir to‘da sho‘x qizlar osuda O‘ltirishar edi yayrashib: Bolalarday shodlanib, suvda Marmar tubda ko‘ringan liqqa Gir-gir yuzib yurgan baliqqa Termilishar edi yayrashib. Gohilari unga ataylab Oltin sirg‘a tashlardi boylab. Joriyalar atrofda xushbo‘y Sharbat tashib yurardi. Nogoh, Shirin qo‘shiq, jaranglagan kuy Bor haramni ayladi ogoh:

T a t a r q o‘ sh i g‘ i

I Yig‘i, jafolarni boshdan ko‘tarib Tangri o‘zi berar har kimga ehson: Baxtiyordir, yillar so‘nggida qarib Makka borib ziyorat qilgan inson.

II Baxtiyordir Dunay sohillarini Qoni bilan taqdis etgan bahodir. Jannat qizi yozib kokillarini Unga shirin kulgi bilan boqadir.

III Ammo, Zarema, eshitgil tag‘in, Dunyo va rohatga bermay e’tibor. Xuddi gulday seni o‘z quchog‘ida Erkalatgan hammasidan baxtiyor.

Ular kuylar. Ammo qani u, Muhabbatning yulduzi qani. Haram ko‘rki — kunduzi qani. Qayda qoldi Zarema bonu?

Hayhot, uning‘ gul rangi so‘lmish. Hayhot dili qayg‘ug‘a to‘lmish, Maqtovlarga solmaydi quloq, Ko‘zlarida yosh buloq-buloq, Yashin urgan xurmodek qaddi Bukilmishdir, yo‘q endi haddi. Hech na unga yoqmasdan qoldi, Chunki, Garoy boqmasdan qoldi. Vafosizlik qildi xon… Ammo, Ey gurji qiz, sen-la chiroyda Kim tenglashar? Hattoki oy-da Da’vo qilsa, bo‘lur muammo.

Chambar qilgan soching, ey pari, Ilon kabi yurak yoradir. Yarqiragan ko‘zing javhari Kundan yorug‘, tundan qoradir. Dil dardini kimlarning sasi Sendan kuchli bayonlay bilar? Kimning shirin-shakar bo‘sasi Senikidan jonlilik qilar? Senga bir yo‘l ko‘ngli tushgan er Qanday qilib boshqa ko‘rkni der?

Lekin, loqayd, zolim Garoyxon Haramiga Polsha qizini Asir qilib olgandan buyon. Sendan nari tutib o‘zini, Xo‘rlab seni tashlab qo‘ydi-yu, O‘zi g‘amgin, tunlar beuyqu Tanholikni ayladi odat. Qo‘llaringdan ketdi saodat!..

Yosh Mariya yaqindagina O‘zga diyor ko‘kini ko‘rdi: Gulday ko‘rki bilan qizgina O‘z yurtida gullab yururdi. Faxrlanar edi u bilan Qarib qolgan otasi har on, Lobarim,— deb, maqtanuv bilan Erkalatar edi bearmon. Uning bola erki chol uchun Qonun edi, tinglardi butun… Cholni qiynar edi bir tilak: Istardiki, baxor kunidak Ochiq bo‘lsin qizining‘ baxti, Xushnud kechsin umrbod vaqti, Zarragina qayg‘u ham uni Ranjitmasin,— der edi u chol. Hech bir narsa biron dam uni Lanj etmasin,— der edi u chol. Hatto erga chiqqanida ham Xotirlasin,— derdi,— tush kabi O‘tib ketgan, g‘unchaday sabiy Betashvishu beozor, beg‘am Yashnab yurgan qizlik chog‘ini, Osmonday keng erk quchog‘ini.

Uning‘ yumshoq sevimli nozi, Tabiati, laziz ovozi, Yonib turgan moviy ko‘zlari, Dona-dona shirin so‘zlari Bir-biridan jozibadordi; Hammasida ajib kuch bordi. Ochiq qo‘lli, saxiy tabiat Ayamagan edi borini; San’at bilan u najib xilqat Bezar edi gul diydorini. Sehr to‘la arfa bilan qiz Uy bazmini jonlantirardi. Amaldorlar, boylar izma-iz Orqasidan izlab yurardi.

Yigit-yalang «Oh…» deb o‘yida, Azob chekar edi ko‘yida. Lekin, go‘dak bola edi u, Ko‘ngli ishqni bilmasdi aslo. Na kamu ko‘st, na g‘am, na qayg‘u, Yuragini tilmasdi aslo. Otasining qasrida ozod O‘rtoqlari bilan o‘ynab shod, Uchar qushday hur va xursanddi. U ko‘pdanmi bu yerda bandi?

Bir vaqt tatar to‘plari mahkam Daryo kabi Polshani bosdi; Xirmonlarga tushgan yong‘in ham Bu qadar tez yoyilolmasdi. Kunpayakun bo‘lib urushda Etim qoldi gullab yotgan yurt, Bu berahm yovuz yurishda Faryod soldi qonga botgan yurt. Butun atrof qayg‘uga toldi: U kulgilar, o‘yinlar bitib, Erkalatgan qo‘yinlar bitib, Hashamatli saroy bo‘sh qoldi.

Mariyaning uyi jimjit, bo‘sh… Uy ma’badi ichra bir to‘da Mumiyalangan o‘liklar xomush Rohat qilib, sovuq uyquda Knyazlikka maxsus nishon-la, Oltin toj-la, haybatli shon-la Yotar ekan, u yerda yana Paydo bo‘lmish yangi sag‘ana…

Ota go‘rda, asoratda qiz. Koshonada baxil bir voris Amri farmon berib yuradir, Tavqi la’nat ostida, beor Xarob bo‘lgan yurtni aylab xor Badnom etib, yerga uradir. Hayhot! Saqlar qo‘ynida quldek Bog‘chasaroy yosh knyaz qizin, Erksizlikda yosh to‘kar, guldek Sarg‘aytirib Mariya yuzin. Ayaydi u baxtsizni xon: Uning munggi, u chekkan fig‘on Uyqusini bezovta qilib, Garoyga hech bermaydi omon. Bechoraga xon rahmi kelib, Qat’iy haram qonunlarini Yumshoq tutar unga ataylab.

Tund poyloqchi na kun, na tuni Qiz oldiga kirmaydi poylab; Yotar paytda joyiga uni Uning g‘amxo‘r, parvoli dasti Olib chiqib yotqizmas asti; Mariyaga nigoh tikmakka Botinolmas uning kir ko‘zi; Joriyasi bilan qiz yakka Xilvat uyda cho‘milar o‘zi; Asiraning g‘amgin oromin Buzib qo‘ymay, bo‘lmay, deb zomin Xon o‘zi ham qo‘rqar ichida: Haramning bir yiroq burchida Unga yashash ijozat etgan, Go‘yo, unda samoviy bir jon Yashiringan, uzlatga ketgan.

U yerda hech tinmasdan hamon Aziz qizning‘ oldida butun Chiroq yonib turar kunu tun. U yerda qiz ko‘nglin yupatib Mas’ud kechgan o‘tgan zamon-la O‘z yurtini dilga eslatib, Umid yashar yuvosh imon-la. U yerda yosh to‘kar tinmay qiz Kundoshlardan narida, yolg‘iz. Lekin atrof g‘arq bo‘lmish yaksar Tentaklarcha bir ishrat ichra. Mo‘jiza-la ajralgan hujra Yosh sanamni berkitib asrar. Ozg‘in o‘ylar qurboni u dil, Buzuq kayflar orasida ham, Bir garovni saqlaydi har dam Bir ilohiy his-la muttasil…

Tun qoraydi, bosdi qorong‘u Tavridaning gul bog‘larini; Bor olamni mast qildi uyqu, Gullar yig‘di yaproqlarini, Uzoqlardan bulbul zorini Eshitaman: oy diydorini — Ko‘rsatadir yulduz ketidan; Ko‘m-ko‘k, toza osmon betidan Nur to‘kadir gulzor bog‘larga, Vodiylarga, o‘rmon, tog‘larga. Bog‘chasaroy ko‘chalarida Kechki paytlar oq ro‘mol o‘rab, Oppoq oydin kechalarida Bir-biridan hol-ahvol so‘rab, Gaplashishib o‘tirish uchun Oddiy tatar xotinlari tek Lipillashib yengil soyadek Uydan uyga kezishar butun.

Saroy tingan, uxlagan haram Tinch rohatga cho‘mib parvosiz: Tun tinchligin biron narsa ham Buzolmaydi. sodiq muhofiz O‘zi kezib chiqib bor-yo‘qni, Yotmish; ammo tinch qo‘ymas tashvish Hatto unda uxlagan ruhni. Xiyonatni kutib xavflanish Orom bermas asti ham bunga: Goh kimningdir shitirlagani, Goh birovning pichirlagani, Goh qichqiriq eshitilar unga. Bekorlarga aldanib birdan Sapchib turar, qaltiroq bosar; Atrofiga tinch quloq osar…

Hamma sokin, sas yo‘q bir yerdan: Marmar hovuz ichra o‘ynashar Faqat bulbul dili poralar, Faqat shirin kuy favvoralar Sevimli gul uzra kuylashar… Bular uni uzoq band etar, Yana takror uyquga ketar. Qanday xushdir bilguvchilarga Sharq kechasin qora chiroyi! Payg‘ambarni sevguvchilarga Qanday shirin boqadir oyi!

Ularning‘ uy-o‘choqlarida, Maftun etar gul bog‘larida, Oy ostida sirlarga to‘lgan, Tinchlik bilan hamsuhbat bo‘lgan, Shahvat bilan dardu farog‘at Tashib yotgan haramlarida, Kechalarning tinch damlarida Qanday ko‘rk bor, qandayin rohat! Xonning hamma xotinlari tinch Uxlar edi, bittasi notinch, Uxlay olmay, o‘rnidan turib, Eshigini ochdi-yu, asta, Bitta-bitta ohista yurib Tashqariga chiqdi birpasda…

Kushday mudrab, ko‘zi ilinib Qari og‘a oldida yotar. Agar bu ish unga bilinib Qolsa, umri qayg‘uga botar… Oh, u cholning‘ qattikdir qalbi. Yalinganga bermas e’tibor: Uyqusi ham aldamchi, ayyor! Yonboshidan sekin, ruh kabi Sezdirmasdan o‘tib ketdi u. Bir eshikka borib yetdi-yu, Titrab sekin ochdi qulfini…

Ichkariga kirdi, ham uni Sirli vahm bosdi shu zamon. Ajablanib boqdi to‘rt tomon: Shamdon yonar, to‘kar so‘nik nur, Yaltiraydi burchakda bir but, Qiz yotadir, yuzida sukut, Ko‘ksida xoch porlab ko‘rinur. Ey gurji qiz, bular hammasi Eslatdilar senga moziyni, Go‘yo o‘tgan kunlarning sasi Aytgan kabi bo‘ldi rozini. Ko‘z o‘ngida tinch rohat bilan Uxlab yotar u knyaz qizi, Qizlikka xos harorat bilan Anor kabi qizarib yuzi. Oshkor ekan sarin yosh izi, Zaif kulgi ostida yonar: Yomg‘ir yuvib, o‘chib ketgan rang Oyning xira nurida arang. Xuddi shunga o‘xshab tovlanar.

Go‘yo, jannat o‘g‘li osmondan Uchib tushib, uxlab yotganday. Asiraga achinib jondan Uyqusida yig‘lab yotganday… A, Zarema, ne bo‘ldi senga! Chidolmadi, qalbi siqildi, Beixtiyor yerga yiqildi. Va yalinib: «Achingil menga. Rad etmagin arzimni!» — dedi, Uning so‘zi, u chekkan fig‘on Uxloq qizni cho‘chitib shu on Tinch uyqudan uyg‘otgan edi. Knyaz qizi turib, oldida Begona bir xotinni ko‘rdi; Ko‘rqib, unga qarab oldi-da, Hayajon-la qaltirab so‘rdi; «Kimsen? Tunda, tanho nechun sen Bu yerdasen?» — «Senga keldim men Meni saqla; taqdirim uchun Menga faqat qoldi bir chora… Rahm aylasang, yo‘qolsa zora Umrim ufqin qoplagan tutun. Baxt qo‘ynida ko‘p huzur qildim, Na qayg‘uni, na g‘amni bildim… O‘tdi orom bergan u soya, Tingla, halok bo‘lmayin zoye, Men bu yerda tug‘ilganim yo‘q, Mening yurtim yiroqdir, yiroq… O‘tgan kunlar, u dardli firoq, Yodimdadir hali ham to‘liq. Yodimdadir gullagan bog‘lar, Osmon bilan o‘pishgan tog‘lar, Tog‘dan oqqan irmoqlar, soylar, O‘tib bo‘lmas o‘rmon-to‘qaylar; Yodimdadir kechgan saodat, O‘zga qonun, o‘zga bir odat.

Ammo, qanday taqdir-la nechun O‘z yurtimdan ayrilganimni, Bu yoqlarga qayrilganimni Bilmayman men; faqat, qora tun Elkan uzra turgan odamu Hamda dengiz esimda xolos… Shu choqqacha qo‘rqinch va qayg‘u, Alamlardan men edim xalos. G‘avg‘odan chet tinchlikda xandon Haram ichra gullab yurardim, Itoatli ko‘ngil-la har on Ishq darsini kutib turardim; Bu yashirin orzularim tez Ushaldilar. Konli urushdan Charchab dahshat sochgan yurishdan Qaytib keldi haramg‘a xunrez. Ta’zim qilib, xonning‘ oldiga Biz hammamiz chikdik. U menga Diqqat bilan indamay, so‘zsiz Ochiq, nurli nazarin soldi, So‘ngra, meni chaqirib oldi…

Shundan beri biz kami ko‘stsiz Tinim bilmay, rohatda masrur Nafas oldik baxt bilan har dam; Biron yo‘l ham na fitna, na dam; Na tuhmatu na shubha, qusur, Na azobli rashkning sitami. Na xafalik va na alami Bizga tashvish sololmagandi, Vaqtimizni ololmagandi. Mariya, sen duch kelding unga. Bir ko‘rishda xush kelding unga… Shundan berli ko‘ngli toraydi. Jinoyatli o‘y-la qaraydi!

Xiyonat-la yetkazib ozor Eshitmaydi hech xitobimni, So‘ramaydi asti tobimni. U noladan, fig‘ondan bezor; U eskiday menga topinmas, Menda endi eskiday boqmas, Na shirin so‘z va na ko‘hna his, Go‘yo bitgan, go‘yo topilmas. Jinoyatga bedaxlsan sen, Men bilaman, ayb senda emas…

Tingla meni: chiroyliman men. Menga hech kim tenglasha olmas. Bir sengina haramda butun Raqib bo‘la olarding‘ menga: Ammo, aytib qo‘yay men senga, Tug‘ilganman ehtiros uchun, Sen men kabi seva olmaysan; Sovuq ko‘rking bilan sen nechun U bir ojiz dilni qiynaysan? Na haqing bor, na hadding sening, Qo‘y Garoyni menga; u mening.

Bo‘salari yonar betimda, Issig‘i bor hali etimda, Menga qat’iy qasamyod etgan. Borlig‘im-la ko‘pdan armonin. O‘y va xohish, butun farmonin Birga qo‘shgan, ittihod etgan: Xiyonati meni o‘ldirar, Xazon etar, gulday so‘ldirar… Men yig‘layman: ko‘rgin, tizzamni Buqdim endi qarshingda, mana, Sarg‘aytirma mening‘ yuzimni, Yalinaman, qaytarib yana Sevinchimni, oromimni ber. Ul burungi Garoyimni ber… Menga zarra etma e’tiroz: U meniki: senga asirdir, Yo‘llaringda ko‘zi basirdir. Xoh tahqir-la, xohi qilib roz, Ne istasang, aylagil shuni, Ammo, bezdir o‘zingdan uni. Ont ich… (Garchi, men Qur’onni deb, Muhabbatni hamda xonni deb, O‘z dinimni otgan bo‘lsam ham, Ammo, mening onamning dini Sening dining edi) kel, meni Xalos ayla, yod etki qasam, O‘sha dil-la ont ich Garoyni Zaremaga qaytarmoq uchun… Ammo tingla: esla xudoyni, Gar, yo‘q desang, xanjarning‘ kuchin Ko‘rsatmoqqa qodirman oz-moz, Zero, mening vatanim Kavkaz».

Shu so‘zlarni aytdi-da, birdan G‘oyib bo‘ldi darrov u yerdan, Ta’qib etmoq uchun izma-iz Botinolmay, dov qilmay dili, Orqasidan chiqolmadi qiz, U azobli ehtiros tili Beayb qizga asti ma’lummas: Ammo, uning ovozi, u sas Sal anig‘u ajoyib edi, Qo‘rqinch edi, g‘aroyib edi. Qanday yoshlar, qandaydir faryod Bu xo‘rlikdan aylaydi ozod? Ne kutadir uni? Nahot, u Qolgan achchiq yosh kunlarin, bu — Asoratda o‘tkazadir xor? Ey xudoyim, ey parvardigor! Agar Garoy baxtsizni mangu U mahbusday unutsa edi, Yo, g‘amlardan xalos aylab u, Tez o‘limga yuz tutsa edi, Qanday shodlik bilan g‘am to‘lgan Bu jahonni otar edi qiz! Ko‘pdan o‘tgan hayotning laziz Lahzalari, ko‘pdan yo‘q bo‘lgan! Ne bor endi unga dunyoda! Vaqti yetdi, kutarlar uni: Katta ochib tinchlik qo‘ynini Chaqirarlar uni samoda.

Kunlar o‘tdi, ketdi Mariya, Tarki umr etdi Mariya. Ko‘pdan orzu etgan olamni Yangi malak kabi yoritdi. Ammo, uni, go‘zal sanamni Nelar siqdi? Nelar horitdi? Nechun, nechun daf etdi tobut? Nelar uni ayladi nobud? Asoratmi, hasratmi, g‘ammi, Erksizlikda tortgan sitammi, Kasallikmi yo boshqa bir sir, Kim biladi? O‘lmish bexabar…

Latofatli Mariya o‘lmish… U yosh g‘uncha ochilmay so‘lmish!.. Bo‘shab qolmish tumraygan saroy; Uni yana qoldirmish Garoy; Yana o‘zga qirg‘oklar tomon, Yovuz yurish boshlamish yomon, Tag‘in to‘fon, bo‘ronlar aro G‘amgin uchar qon qusar xunrez. Ammo, uning yuragi qora, Olovlanar unda boshqa his. U ko‘p choqlar to‘qinishlarda Qilichini tikka ushlar-da, Yana birdan qotib qolardi, Jinnilarcha nazar solardi Atrofiga bo‘zarib, go‘yo Vahimaga to‘lganday dili, Allanelar g‘o‘ldirab tili Yosh to‘kardi bamisli daryo, Unutilgan u sodiq haram Xon yuzini ko‘rmaydi bu dam;

Unda, azob qo‘ynida mahkum. Sovuq muxsiy qo‘lida mazlum. Qarimoqda xotinlar g‘amda. Ko‘pdan ular ichra haramda Gurji xotin ko‘rinmas; uni Muhofizlar daryoga otgan, Bechora suv ostiga botgan… Knyaz qizi mahv o‘lgan tuni Bajarilib bu qonli sazo Ko‘zin yumgan Zarema… Evoh, Qandaygina bo‘lmasin gunoh, Ko‘p dahshatli bo‘lgan bu jazo! Kavkaz oldi tuproqlarini, Rusiyaning tinch qishloqlarini Urush bilan qilib ming vayron Tavridaga qaytib keldi xon.

Saroyning chet burchini saylab. Mariyaga esdalik aylab Marmarlardan yasatdi fontan. Tepasiga xoch o‘rnatilmay, Musulmonlar oyi osilmish. (Bu albatta, bo‘lmag‘ur bir ish: Nodonlikning‘ aybi butunlay). Yovuzlar bor, kechib ko‘p yillar Hali uchib ketmagan ular Hali marmar hovuzdan suvlar Qirg‘oqlardan toshib guvillar. Tinim bilmay, to‘xtamay bir on Dona-dona yosh to‘kar fontan: O‘g‘li harbda jon bergan ona Xuddi shunday yig‘laydi yana… O‘tmishning bu rivoyatini U yoqlarda qizlar bilishgan, So‘ngra g‘amgin haykal otini «Yosh fontani», bo‘lsin deyishgan.

Men shimolni tashlab nihoyat, Bazmlarni ko‘pga unutib, Bog‘chasaroy tomon yo‘l tutib, Mudroq ko‘shkni qildim ziyorat; Xalq ofati, jangari tatar Ishrat qilib, bazmlar qurgan Urushlardan so‘ngra bexatar Bekami ko‘st farog‘at surgan Tinch uylarda, bog‘larda sezdim — Xamon rohat yashar kunu tun; Suvlar o‘ynar, gul chechak otar, Tok zanglari tovlanib yotar, Devorlarda yarqirar oltin. Men u yerda tinmay oh urib, Yig‘lab, haqiq tasbeh o‘girib, Bahorida yashnamay so‘lgan Xotinlarning‘ makoni bo‘lgan Panjarali darchalar ko‘rdim, Kungurali parchalar ko‘rdim.

Ko‘rdim xonlar qabristonini; Xo‘jalarning‘ so‘ng makonini. Go‘rlardagi marmar ustunlar Go‘yo taqdir haqida sekin Hazin-hazin taratib unlar So‘zlaganday tuyuldi… lekin, Xonlar qani? Qayda u haram? Butun atrof mukaddas va jim, O‘zgarmishdir… ammoki, u dam Bu bilan band emasdi dilim: Oq gullarning‘ mayin nafasi, Fontanlarning‘ kuylagan sasi Jazb ayladi, qildi faromush, Ixtiyorsiz, menda aqli hush Nomuayyan to‘lqinga tushdi. Shunda saroy ichida bir qiz Soya kabi sirli va izsiz Ko‘z oldimda lipillab uchdi!..

Do‘stlar, kimning soyasin ko‘rdim? Ayting menga, men sizdan so‘rdim: Kimning shakli meni o‘sha chog‘ Ta’qib etgan edi? Kim edi? Hayhot! Butun atrof jim edi. Mariyaning toza jonimi, Yo, Zarema rashk bilan to‘lib Bo‘sh haramda bir ko‘lka bo‘lib Ko‘z oldimda o‘tgan onimi?

Esimdadir shunday bir chiroy, Xuddi shunday sevimli nigoh… Dil o‘shanga ketar butunlay, Surgunda ham g‘ussasi, evoh, Qalbimdadir, tillarimda — oh… Ey aqlsiz! Bo‘ldi! Endi bas, G‘ussa chekma, hech foyda bermas. Bebaxt ishqning‘ notinch, noiloj Oromiga bermishsan xiroj. Hushingni yig‘, to‘siqlarni buz, Tokaygacha sen ojiz mahbus Kishanlarni o‘pib yotasan? Tokaygacha yengil tor bilan, Bu olamda ohu zor bilan Jununingni oshkor etasan?

Men muzaning muxlisi, yori, Men tinchlikning‘ murid, xushtori Tezda butun shuhrat o‘ylari Ham sevgini tamom unutib, Yana sizga tomon yo‘l tutib Ko‘raman, ey Solgir bo‘ylari! Xotiralar asiri bo‘lib, Men boraman o‘sha yoqlarga, Dengiz bo‘yi baland tog‘larga. Yana Tavrid suvlari to‘lib Xursand etar haris ko‘zimni, Hur sezarman yana o‘zimni. Sehrli yurt, diyda yupanchli! Yuragimning erka quvonchi! U yerlarda harna jonlidir: O‘rmon, vodiy, gulistonlik qir, Uzumlarki, yoqut, kahrabo, Teraklaru suvlar salqini; Erta bilan quyosh yolqini Taralganda, esganda sabo, Ayiq tog‘ning‘ aylanasida Zangor havo yarqirar ekan, Tiniq, ko‘m-ko‘k suvning pastida Qizil nurlar barq urar ekan, Toklar oshib, qirg‘oq yo‘llardan Uchar ekan yo‘lchining toyi, Uning hissin o‘ngu so‘llardan Jazb etadi bu yer chiroyi!..

Tugadi · Boshqa kitoblar →