Tun
Erkin she’r
I
Tun yomon, tun qorong‘i, Tun qo‘rqinch, tun azob! Tunda eski va yangi Har narsa xayol va sarob.
Tunning uzunligi, Chuqurligi ko‘p yomon. Tunning buzuqligi, Yolg‘izligi beomon!
Tunda har narsaning tovushi Yiroqdan guvillab kelar. Tunda ko‘p chog‘lar yuzimga Jinlarning qo‘llari urilar.
Oh, tunning qalin pardasi Qanday gunohlarni yashirmas. Oh, tunning tovushsiz na’rasi Hech jonni qo‘rqitmay qolmas!
Tunning yashirin quchoqlarida O‘limlar, qonlar to‘lgandir! Uning aldamchi bog‘larida Qancha yosh gullar so‘lgandir!
II
Tinchlanib o‘ltirib yulduzdan Ertaklar eshitmak bo‘lsam Yo o‘zim istab topgan qizdan Bir qarash, bir ko‘rish so‘rasam.
III
Har yerdan qancha tovushlar Devlardek na’ra solurlar. Tegramda nayza – qilichlar Jonimga hamla qilurlar…
Salqin suv koni – buloqlar Kunduzlar chanqaganimda Shir-shirlab ko‘nglimni yo‘qlar. Men darrov olmaganimda Battarroq qaynab oqardi. Bir ho‘plab kunda men ichsam, Kayfimga qancha yoqardi. Istardim: qo‘yniga qochsam!
Oh, tunda og‘u bo‘lar, har Manbadan tomchi suv ichsam, Oh, tunda nozli buloqlar Ko‘nglimga tarqatalar g‘am!
Bu tunda, sevgili yorim, Qoldingmi mendan uzoqda? Bilmaysan: og‘riqli bag‘rim Qon yig‘lar tunda, bu yoqda!
Bu tunkim, sirli, qorong‘u, Yo‘llarda sharpa-da yo‘qdir. Ko‘nglimda to‘p-to‘la qayg‘u, Oh, yo‘llar qancha uzoqdir!
Kel, endi tashlama, qo‘yma, Bu tunning qo‘ynida yolg‘iz. Hijronni boshima yoyma, Ey tundek sochi qora qiz!..
1922-yil