Buzilgan O'lkaga
Ey, togʻlari koʻklarga salom beran zoʻr oʻlka, Nega sening boshingda quyuq bulut koʻlanka? Uchmoxlarning kavsaridek pokiza, Sadaflarning donasidek top-toza Salqin suvlar togʻdan quyi tusharkan, Tomchilari yomgʻir kabi ucharkan, Nima uchun yigʻlar kabi ingraylar? Yov bormi, deb toʻrt tarafni tinglaylar? Tabiatning oʻtini yoʻq oʻtida, Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar Har qorongʻi, qoʻrqinch tunning betida Shifo istab kelmasin der, qoʻnoqlar. -Bu nega? Ayt menga. Koʻm-koʻk, goʻzal oʻtloqlaring bosilgʻon, Ustlarida na poda bor, na yilqi, Podachilar qaysi dorgʻa osilgʻon? Ot kishnashi, qoʻy maʼrashi oʻrniga -Oh, yigʻi, Bu nega?
Tumorchalar xamoyillar taqingan, Dalalarda lola bargi yopingan, Togʻ-toshlarda oʻyin qilgan, Chopingan Goʻzal qizlar, yosh kelinlar qayerda? Javob yoʻqmi koʻklardan-da, yerdan-da, Xarob boʻlgan eldan-da. Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi, Erkin-erkin havolarni quchgʻuvchi, Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi, Uchar qushday yosh yigitlar qayerda? Togʻ egasi – sor burgutlar qayerda?
Sening qattiq sir – bagʻringni koʻp yillardir ezganlar, Sen bezsang-da, qargʻasang-da, koʻkragingda kezganlar. Sening erkin tuprogʻingda hech haqi yoʻq xoʻjalar, Nega seni bir qul kabi qizgʻanmasdan yanchalar? Nega sening qalin tovshing „ket“ demaydi ularga? Nega sening erkli koʻngling erk bermaydi qullarga? Nega tagʻin tanlaringda qamchilarning kulishi? Nega sening turmushingda umidlarning oʻlishi? Nega yolgʻiz qon boʻlmishdir ulushing? Nega buncha umidsizdir turishing? Nima uchun koʻzlaringda tutashguvchi olov yoʻq? Nima uchun tunlaringda boʻrilarning qorni toʻq? Nima uchun gʻazabingni uygʻotmaydir ogʻu-oʻq? Nima uchun borligʻingda bu daraja buzgʻunlik? Nima uchun oʻch buluti sellarini yogʻdirmas? Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas? Kel, men senga qisqagina doston oʻqiy, Qulogʻingga oʻtganlardan ertak toʻqiy. Kel, koʻzingning yoshlarini surib olay Kel, yarali tanlaringni koʻrib olay, toʻyib olay. Nima uchun agʻdarilgan, yiqilgan Ogʻir toyning zahar oʻqi koʻksingda? Nima uchun yovlaringni bir zamon Yoʻq qilgʻunday temirli oʻch yoʻq senda? Ey, har turli qulliklarni sigʻdirmagan hur oʻlka, Nega sening boʻgʻizingni boʻgʻib turar koʻlanka?
1921