Emar

Hali ham arabchaning, Uzun dumlik «ya»sini, Attorlik rastasining Atirli xulyosini – It yoqa kamzulining Choʼntagida saqlaydi… Majlis boʼlsa, soʼz olib, -Qichqirmoqdan yoʼtalib – Lotinchani «yoqlaydi»…

Koʼcha-kuyda ogʼzidan -Bir tomchi ham! – yaramas, Zararlik soʼz toʼkmaydi. Rais deganday: «epchil, Ish degandan qoʼrqmaydi!»

Kolxoz uning fikricha, Gullaydigan bir narsa! Faqat, «shoʼro bir ozroq, Kenglik bilan qarasa… Ki yaʼni: Oliq-soliqning, Kommunist – firqalikning Ipini tortib qoʼysa…

-Mushtumzoʼrsan, Matmusa, Tur nariga! – demasa, Moliyada oʼtirgan «Shoʼro dushmanlari»ga Koʼp ham hurlik bermasa… Bozorlarni yopmasa, Yot unsurni topmasa! Shunda: kolxoz gullaydi; El barchasi bir boʼlib, Kolxoz dushmanlariga Mushtini tugunlaydi!..»

Hali xam arabchaning Uzun dumlik «nun»ini Dastmoya qilib olib, Baʼzi echki emarlar – Yeydi kolxoz nonini! Xorijda doʼstlari bor, Oq niqobli gazetda Soʼkadilar kolxozni; U quturgan boʼrilar Soʼkadilar – oshikor, Koʼnguldagi zaharni Toʼkadilar – oshikor! Sungilar, kecha-kunduz, Ularni, chegarada Kuzatib yaltiraydi! Berigilar solmaydi Kimsaga qovogʼini; Doyim kulib turadi. Qoʼllari ishdan koʼproq, Chappaklardan qavargan… Har tadbirga tarafdor, Ax, qanday yaxshi «doʼstlar»! Ular bizning orada; Har qonagan yarada – Oʼtkur tirnoqlari bor! Har bir dogʼdan, qoradan, Puchak boʼlgan saradan – Xiyonatlari tomar!… Hali xam arabchaning Damanalik «mim»ini Tortib qogʼoz betiga Emar kolxoz mingini! Har kuni tuya qilib Millionlarning nonini, Oqlaydi jon boricha Oʼz sinfiy vijdonini!..