Erkinlik istagi
Erkin ko‘nglim chiday olmas bu siqiq, Bu bog‘langan, bu «egalik» turmushda. Agar shunday ketaversa, bu aniq: Tilak uchun qila olmas bir ish-da.
Shuncha chog‘lar chidab kelgan ko‘nglimga Bu kungina o‘z chizig‘i tor keldi. Go‘yo uning qo‘l tegmagan bo‘yniga Ip bog‘lanib, juda qattiq tortildi.
U intilib, u urinib yotadir Tor qafasdan qutqargali o‘zini. Tevarakka achchiq qarg‘ish otadir, Bilmadimki, qon bosganmi ko‘zini?
Bundan burun ul ko‘p og‘ir tinlarni Chidam bilan, tinchlik bilan o‘tkardi. Qarshisida avrab turgan jinlarni Ko‘ra turib qo‘ramadi, ketkardi.
Shuning uchun tubanlarning tubani, Yovuz, buzuq kishilar ham erkincha Talarlardi, emarlardi-da – uni So‘karlardi orqasidan er-kecha.
U qanday tor, qanday siqiq yerlarda, Qanday buzuq chiziqlarda bo‘lmadi? U qanday hur, qanday tuban erlarda – Qilini ham qimirlatmay turmadi?
Endi ul ham tor chiziqdan bezgandir, Qaytib unga kirishlikni istamas. U ma’nosiz «egaliklar» ezgandir, Ular bilan bir tin bo‘lsin – turolmas!
U erkinlik, o‘zboshlilik istaydir, Ketga qarab – o‘lim bo‘lsin – ketmaydir!..
1922-yil