Go'zal
Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib, Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻraymen. Ul yulduz uyalib, boshini bukib, Aytadir: „Men uni tushda koʻramen. Tushimda koʻramen, shunchalar goʻzal, Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!..“
Koʻzimni olamen oy chiqqan yoqqa, Boshlayman oydan-da seni soʻrmoqqa, Ul-da aytadirki: „Qizil yanoqqa Uchradim tushimda, koʻmilgan oqqa. Oqqa koʻmilganda shunchalar goʻzal, Mendan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..“
Erta tong shamoli sochlarin yozib, Yonimdan oʻtganda soʻrab koʻramen. Aytadir: „Bir koʻrib, yoʻlimdan ozib, Togʻu toshlar ichra istab yuramen! Bir koʻrdim men uni – shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!..“
Ul ketgach kun chiqar yorugʻliq sochib, Undan-da soʻrayman sening toʻgʻringda. Ul-da uyatidan bekinib, qochib, Aytadir: „Bir koʻrdim, tushdamas oʻngda. Men oʻngda koʻrganda shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir… mendan-da goʻzal!..“
Men yoʻqsil na boʻlub uni suyibmen?! Uning-chun yonibmen, yonib-kuyubmen. Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyubmen, Men suyub…men suyub…kimni suyubmen? Men suygan „suyukli“ shunchalar goʻzal, Oydan-da goʻzaldir, kundan-da goʻzal!"
1919