Kuz guliga

Rangi o‘chgan, Umri kechgan Kuz guli, Bu yo‘li Pastroq egil, Menga bir o‘pish bergil!

Burun yoz edi, To‘la noz edi, Endi kuz keldi, Qadding egildi, Ranging so‘lmoqda, Yoshlar to‘lmoqda G‘amli ko‘zingga. So‘lg‘in yuzingga Kimsa qaramay, «Uzayin», – demay… O‘tib ketmoqda! Kuz yetilmoqda, Qishdan chopar bor, Yomon xabar bor!..

Endi noz qilma, Nozlanib kulma! Kel, labimga kel, Bir ozroq egil, Bir yayrab o‘pay! Shunga esirib, Ruhingga kirib Ko‘klamga yetay!..

Andijon. 1925, 21-mart