Men Qochmadim

(Toshkentdagi o‘rtoqlarimga)

Men qochmadim! – Nega meni «qochdi» deb Yo‘qg‘a muncha shovqin-suron qildingiz? Quchog‘ini «o‘zlik»iga ochdi deb Oq ismimga qora zanjir ildingiz?

Men «o‘zlik»dan ko‘pdan beri uzilib, «Ko‘plik» ichra botib ketgan tanaman. U «ko‘plik»ning qayg‘usida cho‘zilib, Quloch otib, suzib yurgan yana men.

Men yangilar o‘lkasidan sinmagan Bir qanotni taqib olib qo‘zg‘aldim; Shul yo‘limda yaproqlari so‘lmagan «Yosh yog‘och»ning soyasida to‘xtaldim.

Ikki ko‘zim yalt-yult etib ko‘kimdan Tilagimning yulduzini qaraydir. Chog‘-chog‘ yig‘lab, o‘tib ketib o‘ngimdan Qora bulut uning yuzin qoplaydir.

Biroq yana uning yuzi ko‘rinib, Ko‘zlarimni qamashtirib qo‘yadir. Qilich botib, xanjar dilga urinib, Unga yana qaysi qarash to‘yadir?

Men qochmadim! – Men tilakni izlayman, Qanot kuchlik, borgan sari tezlayman!

Buxoro. 1921-yil