Ohista-ohista

Vafo aylab yiroqdin oshkor ohista-ohista, Bir ishqim aylading, jono, hazor ohista-ohista.

Na yaxshi marhamatlar aylamishsan nomada izhor; «Muhabbat rasmi qilg‘il» deb shior ohista-ohista.

Jadal birla kishi maqsudig‘a yetgan emas, ore, Bo‘lur vaqti bilan har nav’ kor ohista-ohista.

Nechuk toqat qilaykim, bora-bora zo‘r etib ishqing, Ko‘nguldin oldi sabr ila qaror ohista-ohista.

Berib taskin ko‘ngulg‘a: vasliga bir kun yetarman deb O‘zimni o‘rgatay hajringga, yor, ohista-ohista.

Parishon o‘lmayin to xotiringni jam’i qil, jono, So‘rab holimni xat birlan biror ohista-ohista.

Nechuk osoyish aylay, ey ko‘ngul oromikim, sensiz Bo‘lub borur jahon ko‘zimg‘a tor ohista-ohista.

O‘shal kun bir ko‘rib qolganda qilgan novaki g‘amzang Hanuz aylab kelur ko‘ksim figor ohista-ohista.

Visoling bodasidin qilmasang shodob Furqatni, Xabar aylar ani hajru xumor ohista-ohista.