Sog‘inub
Ey dilbaro, ishqing bila devona bo‘ldum sog‘inub, Bulbul kabi tun kechalar giryona bo‘ldum sog‘inub.
Bir necha kunlardan beri ko‘rmay visoling, ey pari, Turlik balo ming g‘am bila hamxona bo‘ldum sog‘inub.
Hech kim maningdek kuymagan hajring o‘tiga, ey sanam, Tanho tutashdim man o‘zim so‘zona bo‘ldum sog‘inub.
Tushdi sani deb boshima jabru sitam, hadsiz azob, Aqlu hushimdan oqibat begona bo‘ldum sog‘inub.
Kelgay eding, ey mahliqo har damda ahvolim so‘rab, Bir necha kundur kelmading, hayrona bo‘ldum sog‘inub.
Kim desa jononing kelur bu haftaning oxirlari, Atrofidan ming aylanub, parvona bo‘ldum sog‘inub.
Tashlab g‘arib devonani muncha uzog‘ etding safar, To kelg‘ucha qoplar yutub, biryona bo‘ldum sog‘inub.
Izlab sani har ko‘chada sandan xabar bersa kimi, El ichra ko‘p sharmanda ham afsona bo‘ldum sog‘inub.
Ming shukrkim kelding bu kun sihhat salomat, shodmen, Aylay Nihoniy jon fido, qurbona bo‘ldum sog‘inub.
1912 yil.