Tagor. Oq bulutlar bilan to‘lqinlar

– Onajon, u… oq bulutlarda yashayturg‘on kishilar menga mana munday deb baqirdilar:

– Biz uyqudan uyg‘ong‘an vaqtimizdan boshlab to kun tugalishigacha o‘ynaymiz! Biz ertabilangi tong otishining oltunlari va oyning kumush yorug‘liqlari bilan o‘ynaymiz!»

Innaykin, men so‘radim: «Unday bo‘lsa men qanday qilib u yerga sizning yoningizg‘a chiqa olamen?»

Ular javob berdilar: «Erning eng chekka yeriga qirg‘og‘ig‘a kelib qo‘llaringni ko‘kka uzatsang, oq bulutlarg‘a tortib olinursen».

«Onajonim uyda meni kutib qoladir-da, uni tashlab qanday men sizning yoningizg‘a chiqamen?» dedim men.

Shundan keyin, ular bir kuldilar-da, uchib ketdilar.

Lekin men ularnikidan allaqancha yaxshi bo‘lg‘on o‘yyunlarni bilamen, onajon.

Men oq bulutlar bo‘lamen-da, sen oy bo‘lasen.

Men ikki qo‘lim bilan yuzimni to‘samen, uyimizning tomi bo‘lsa ko‘m-ko‘k osmon bo‘ladir…

To‘lqunlarda yashayturg‘on odamlar menga mana munday deb baqirdilar:

«Biz erta bilandan to kech tungacha qo‘shuq aytamiz, biz to‘qtamasdan aylanib yuramiz va to‘qtayturg‘on joyimizni ham bilmaymiz».

Innaykin men so‘radim: «Unday bo‘lsa men sizga nechuk qo‘shula olamen?»

Ular javob berdilar: «Qirg‘oqning eng chekka joyiga kelib ko‘zingni chip yumub, tursang to‘lqunlarg‘a o‘tub qolasen».

Men aytdim: «Mening onam har kun kechasi mening uydan jilmasligimni xohlaydir. Men uni qanday tashlaymenu sizning yoningizg‘a boramen?»

Shundan keyin ular kulushib o‘yyung‘a tushishdilar-da, ketib yo‘q bo‘ldilar.

Lekin men undan yaxshi o‘yyunlarni bilamen.

Men to‘lqunlar bo‘lamen-da, sen yot qirg‘oq bo‘lasen.

Men sening quchog‘ingg‘a yugurib borib kiramen, yugurib borib kiramen, yugurib borib kiramen-da qahqahlab kulub turub tizzangda sochilib ketamen va ikkovimizning qaerda ekanimizni dunyoda hech kim bilmaydir…

Tarjimon: Cho‘lpon