Ko’rgoli keldim

Ishqing o’tig’a kuygoli keldim, Oydek yuzungni ko’rgoli keldim.

Savdoi zulfing tushdi boshimg’a, Sendin savollar so’rgoli keldim.

Bahringga kirdim g’avvos bo’lay deb, Bir durri maqsud olg’oli keldim.

Mani so’rasang, ey guluzorim, Mahvi jamoling bo’lg’oli keldim.

Qofila ketti,manzilga yetti, Men ham boray deb ketgoli keldim.

Soqiy, qadahni qilg’il muhayyo, Vahdat mayidin ichgoli keldim.

Rahmat eshigin Mashrabga ochg’il, Ishqing ko’yida o’lg’oli keldim.