Meni yo’qlar kishim bormu

Namangondin ketar bo’lsam, meni yo’qlar kishim bormu? G’ariblik shahrida o’lsam, meni yo’qlar kishim bormu?

Qani qavmu qarindoshim, bu yo’lda bo’lsa yo’ldoshim, Ko’zumdin oqizib yoshim, meni yo’qlar kishim bormu?

Muhabbat sharbatin ichtim, qazondek qaynabon toshtim, Bu foniy dunyodin kechtim, meni yo’qlar kishim bormu?

Tushubdur boshima savdo, ramuzu ishqdin g’avg’o, O’ziga ayladi shaydo, meni yo’qlar kishim bormu?

Turarga toqatim yo’qtur, yurarga holatim yo’qtur, Yurakda ishq o’ti cho’qdur, meni yo’qlar kishim bormu?

Qarorim yo’q turay desam, Namangonda yuray desam, Jahonni sayr etib kezsam, meni yo’qlar kishim bormu?

Bu miskin zor Mashrabni kishi holini bilmaydur, Bu yerdin bosh olib ketsam, meni yo’qlar kishim bormu?