Dardi sirimni kavlama
Ey sabo, gʻambodadurmen, bistarimni kavlama, Chun shafaqoludaman, xokistarimni kavlama.
Har zamone Laylidin manga kitobatlar kelur, Senki Majnun boʻlmasang, sardaftarimni kavlama.
Xonavayronlar bilur aftodalarning holini, Eyki, mahram boʻlmasang, chashmi tarimni kavlama.
To kishiga dard tegmay, boʻlmadi bagʻri kabob, Dilda darding boʻlmasa, dardi sirimni kavlama.
Hajr toshidin zarru ofat boshigʻa yetgan oʻzum, Kishtiyi motamdadurman, langarimni kavlama.
Yeti doʻzax oʻrtanur aftodalarning ohidin, Otashi hajrida kuygan mijmarimni kavlama.
Lomakonning shahrini bu hu bila sayr ayladim, Jabrayil, borgʻil nari, bolu parimni kavlama.
Bahri rahmatga kirib, qildim vujudimni adam, Maʼrifatdin bexabarsan, daftarimni kavlama.
Durri daryoyi maoniy boʻldi chun Mashrab, vale Diydabino boʻlmasang, koʻz gavharimni kavlama.