7. Hazrati Solih alaihissalom

Od qavmindin so‘ng Shom ila Hijoz orasinda Hajar degan yerda Samud qavmi paydo bo‘ldi. Bular ham Od qavmi kabi tog‘larni, toshlarni tilub, mustahkam uylar soldilar. Lekin bu qavm ham to‘g‘ri yo‘ldin chiqib, butlarga ibodat qildilar.

Janobi Haq bularga Solih alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi. Solih alayhissalom haq dinga chaqirdilar. Oz kishi imon kelturub, boshqalari kofirlikda qoldilar.

Bir kun mushriklar «payg‘ambar bo‘lsangiz shul tosh ichindin bolalik teva (tuya) chiqaring», — deb bir katta toshni ko‘rsatdilar. Solih alayhissalom duo qildilar. Allohning amri ila ul tosh yorilub, ichidin bolalik teva chiqdi. Kofirlar ul tevaning anosini so‘ydilar. Bolasi yana shul tosh ichiga kirub ketdi. Bu mo‘‘jizani ko‘rub ham mushriklarning ozlari imon kelturdilar. So‘ngra Janobi Haq ul qavmni ko‘kdin bir ovoz yuborub halok qildi. Solih alayhissalom musulmonlar ila Makkai mukarramaga borub, umrlarini toatu ibodat ila o‘tkardilar.