Intizom

Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o’z vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo’lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar. Janobi Haq yer-u osmonlarni, oy va yulduzlarni, inson va hayvonlarni, qurt va qushlarni shunday bir nizom ila tarbiyat berib yaratmishdurki, aql bilmakdan, qalam yozmakdan, til so’zlamakdan ojizdur. Dunyoga kelgan payg’ambarlarning har birlari din va shariatlarini tarbiyat va nizom ila yurutmishlar. Xususan, islom dini mukammal ravishda tartib va nizomni rioya qilmishdur. Va bu soyada ozgina zamonda islom urug’lari butun dunyo yuziga yoyilmishdur. Islom davlatlarining barposi nizom va intizom ila o’ldig’i kadi barbod va inqirozi ham tartib va nizomsizlik ila bo’lmishdur. «Xayr, o’tkan ishga salovat». Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay tartibi ila yurutmakg’a bog’lidur. Shogirdlar maktab va madrasalardagi zamonga muvofiq ravishda qurilmish, nizom va tartiblarni rioya qilmaklari loz imdur. Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, o’zlari parishon bo’lurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yurutgan kishilarning ishlari yerida, o’zlari tinch va rohatda umr o’tkarurlar. Hozirgi zamonda bizning Turkiston boylarining ishlari to’xtab, sinuvlarining birinchi sababi ishlarini axloqsiz, bilimsiz, musrif, yalqov kishilarga topshiruvlari ila barobar o’zlarining zamonga muvofiq tartib va nizomdan xabarsizliklarining yemushidur. Payg’ambarimiz: «Kasblarning ortug’roqi xiyonatsiz, yolg’onsiz qilg’on savdo va tijorat ila bandaning o’z qo’li birlan ishlagan ishidur», – demishlar.

Davlatni koni, manbayi tartib-intizom, Sarvatni poydori erur iqtisodi tom. Muhtojlig’ yuzini ko’rar deb gumon qilmang, Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.