Birinchi parda
Boy bir «kupets»ning hovlisida yemak uyi. Og‘ir va katta-katta jihoz (mebel)lar. Teri qoplangan katta divan, uning yonida boloxona zinasi. O‘ng burchakda o‘roq: boqchaga chiqiladigan eshikni ko‘rsatadi. Ochiq havoli qish kunlaridan biri. Kseniya o‘tirib, stol ustidagi idishlarni yuvmoqda. Glafira «fonar» (mehrob singari joy)da gullar bilan ovora. Kecha chopon kiygan Aleksandra (Shura) kirib keladi, yalang oyog‘iga tufli kiygan, sochlari taralmagan, sochlari Bulichovniki singari malla.
Kseniya. Oh, Shurka, ko‘p uxlaysan-da…
Shura. Vaysamang, foydasi yo‘q. Glasha, kofe! Gazet qani?
Glafira. Boloxonada, Varvara Yegorovnaga olib chiqib berdim.
Shura. Olib tush. Shunday katta xonadonga bittagina gazet yozdirishadi, peslar!
Kseniya. Kimni aytayotirsan — «peslar», deb?
Shura. Otam uydami?
Kseniya. Yaradorlarning yoniga ketdi. «Peslar», deb Zvontsovlarni aytasanmi?
Shura. Ha, o‘shalarni. (Telefonni oladi.) 17-63.
Kseniya. Nimalar deb so‘kkaningni Zvontsovlarga bir aytay!
Shura. Tonyani chaqirib qo‘ying!
Kseniya. Bu ketishda nima bo‘lar ekansan, bilmadim?
Shura. Hey, Antoninamisan? Muz tiyg‘onishamizmi? Yo‘q? Nega? Teatrga boraman? Bormay qo‘yaqol! Eh, to‘yidan burun tul qolgan bechora!.. Xo‘p, yaxshi qol.
Kseniya. Bu nimasi — qiz narsani «tul» deysan?
Shura. Kuyovi o‘lganmi, axir, yo‘qmi?
Kseniya. Har nima bo‘lganda ham qiz narsa.
Shura. Siz ko‘rib qo‘yibsizmi?
Kseniya. Voy besharm, behayo!
Glafira (kofe beradi). Gazetni Varvara Yegorovna o‘zi keltirib beradi.
Kseniya. Halitdan muncha mahmadana bo‘libsan. Bilib qo‘y: kamroq bilsang — tinchroq uxlaysan. Senday vaqtimda men hech narsa bilmas edim…
Shura. Siz hali ham…
Kseniya. Ilohim tiling uzilsin!
Shura. Ana, olifta qadam qo‘yib, singling kelayotir. Bonjur, madam! Komman sa va?
Varvara. Soat o‘n bir bo‘lib qoldi, sen hali ham yuvinib-taranmagansan.
Shura. Boshlandi yana.
Varvara. Otam erkalatadi, deb undan keyin… uning kasalligini bilib, borgan sari haddingdan oshayotirsan…
Shura. Tamom bo‘lay dedimi?
Kseniya. Otasi kasal bo‘lsa, parvo qiladimi bu?
Varvara. Sening bu kirdikorlaringni bir-bir aytib beraman otamga…
Shura. Hozirdan rahmat aytib qo‘yaman. Bo‘ldimi endi?
Varvara. Senda es yo‘q o‘zi!
Shura. Ishongim kelmaydi! Esi yo‘q boshqalar bo‘lsa kerak.
Varvara. Tariqcha esing yo‘q!
Shura. Varvara Yegorovna, siz behuda zo‘r berasiz.
Kseniya. Munga nasihat kor qilsa ekan!
Shura. Undan keyin qoningiz buziladi.
Varvara. Xo‘p… xo‘p, jonim! Oyi, yuring, oshxonaga chiqib kelaylik — oshpaz injiqlik qilayotir…
Kseniya. Oshpazning aqli joyida emas shu topda: sho‘rlikning o‘g‘lini o‘ldiriptilar.
Varvara. Yo‘q, bu narsa injiqlikka bahona bo‘lolmaydi. Hozir shunday qirayotirlarki…
Chiqadilar.
Shura. O‘zining chiroylik Andryushasini o‘ldirsalar edi, ko‘rardingiz qiyomatni!
Glafira. Ularning g‘ashiga tegib nima qilasiz? Kofeingizni iching tezroq, shu uyni yig‘ishtirish kerak menga. (Samovarni ko‘tarib chiqib ketadi.)
Shura kursining ketiga o‘zini tashlab, ko‘zlarini yumgan, qo‘llarini malla va paxmoq sochli boshining orqasiga qo‘ygani holda o‘tiradi.
Zvontsov (tufli kiygan, zinadan sharpasizgina tushib kelib, Shuraning orqasidan quchoqlab oladi). Nima xayollardasan, malla qo‘zichog‘im?
Shura (ko‘zini ochmay, qimirlamay). Tegmang menga.
Zvontsov. Nega? O‘zingga xush yoqadi-ku? Shunday emasmi? Xush yoqadi, degin!
Shura. Yo‘q.
Zvontsov. Nega?
Shura. Qo‘ying. Aldaysiz. Siz meni yoqtirmaysiz.
Zvontsov. Yoqtirishimni xohlaysan-a, shundaymi?
Zinada Varvara ko‘rinadi.
Shura. Varvara bilib qolguday bo‘lsa…
Zvontsov. Jim… (Orqaroq chekilib, nasihat boshlaydi.) Ha. Albatta… O‘zingizni qo‘lga olishingiz kerak… O‘qishingiz kerak…
Varvara. Bu, Antoninaga beadab so‘zlarni aytib, u bilan sovun ko‘pigi singari, bo‘sh gaplarni gaplashib yurishni yaxshi ko‘radi…
Shura. Ha, aytganlaring rost, men shunaqa sovun ko‘pigi singari gaplarni yaxshi ko‘raman. Senga nima, sovunni qizg‘anasanmi yo?
Varvara. Seni qizg‘anaman men. Bilmadim: sen qanday qilib kun ko‘rar ekansan? Gimnaziyada senga: «Marhamat qilib yo‘qoling», deptilar…
Shura. Bekor gap.
Varvara. Sening u o‘rtog‘ing — jinni narsa.
Zvontsov. Muzika ilmini o‘qimoqchi.
Varvara. Kim?
Zvontsov. Mana bu — Shura.
Shura. Bekor gap. Men muzika ilmini xohlamayman.
Varvara (Zvontsovga). Sen qayerdan bilding muni?
Zvontsov. Shura, sen o‘zing aytmadingmi — muzikaga o‘qimoqchiman, deb.
Shura (chiqib borarkan). Sira unday deganim yo‘q.
Zvontsov. Hm… Qiziq. Men ichimdan chiqarib aytayotganim yo‘q-ku! Sen, Vara, unga juda qattiq muomala qilasan.
Varvara. Sen ortiqcha yumshoq muomala qilasan.
Zvontsov. «Ortiqcha» deganing nimasi? Sen, axir, mening niyatimni bilasan-ku…
Varvara. Niyat o‘z yo‘lida, ammo-lekin sen gumonsiraydigan darajada yumshoq muomala qilasan.
Zvontsov. Miyang aynib qolipti sening…
Varvara. Shundaymi? Miyam-a?
Zvontsov. O‘zing o‘ylab ko‘r: shunday qaltis bir zamonda rashk g‘alvalari yarashadimi?
Varvara. Sen o‘zing nega tushding bu yerga?
Zvontsov. Menmi? Bu yerga… gazetda bir e’lon bor ekan. Undan keyin o‘rmonchi Donat kelgan ekan, «Qishloqda odamlar bir ayiqni qamab olishdi», deydi…
Varvara. Donat oshxonada o‘tiripti. Gazetdagi nima e’lon ekan?
Zvontsov. Jonini chiqarasan odamning! Shunaqa gaplashasanmi men bilan? Nima, yosh bolamanmi men? Azbaroyi xudo, bu…
Varvara. Qizim-a! Otam keldi, shekilli. Sen bo‘lsang bu ahvoldasan.
Zvontsov shoshilib boloxonaga chiqib ketadi. Varvara otasini qarshi oladi. Ustida ko‘k issiq kofta, boshiga ko‘k qalpoq kiygan Shura telefonga tomon yugurib boradi, Bulichov uni yo‘lda tutib olib, indamasdan bag‘riga bosadi, Bulichov ketidan binafsha rido kiygan Pavlin kiradi.
Bulichov (Shuraning belidan quchoqlagani holda stol ketiga o‘tiradi; Shura esa, uning oq tushgan malla sochlarini silaydi). Odamlarni buzib, shu darajada odamlikdan chiqarganlarki, qaragali qo‘rqasan kishi…
Pavlin. Gullab yotibsizmi, Shuraxon? Kechiringiz, salom ham bermapman…
Shura. Yo‘q, men salom berishim kerak edi, taqsir, otam qo‘ymadi — xuddi ayiqday yopishib…
Bulichov. Shoshma! Tek tur, Shurka! Qayerga ketayotir yana muncha xalq? Foydasi yo‘q odamlar urushdan burun ham ko‘p edi bizda. Bekor aralashdik shu urushga…
Pavlin (og‘ir nafas olib). Oliy hokimiyatning bir mulohazasi bordir…
Bulichov. Yapon urushi vaqtida ham behuda mulohazalarga borib, butun dunyoga sharmanda bo‘lgan edik.
Pavlin. Va lekin urush degan narsa faqat vayron va xarob qilmasdan, balki katta foyda ham beradi. Chunonchi, uning orqasida katta tajribalar hosil bo‘ladi va shu miqdorda…
Bulichov. Ba’zilar urushadi, ba’zilar hamyonga urishadi.
Pavlin. Va boz ustiga, dunyoda hech bir narsa Ollohning irodasidan xorij bo‘lmaydi, bas, bu nolishlarga nima hojat bor?
Bulichov. Sen, Pavlin Savelev, amri-ma’rufingni qo‘y… Shurajon, sen muz tiyg‘onishga bormoqchimisan?
Shura. Ha, Antoninani kutib o‘tiribman.
Bulichov. Xo‘p… bo‘pti! Ketib qolmasang, biror besh minutdan keyin o‘zim chaqirtiraman.
Shura yugurib chiqib ketadi.
Pavlin. Bo‘yiga yetgan qizlarday qaddi-qomati toza joyiga kelipti.
Bulichov. Gavdasi yaxshi, yengilgina-yu — yuzi o‘xshamaydi. Onasi chiroylik emasdi. O‘zi juda eslik xotin edi-yu, chiroy xususida kamchiligi bor edi.
Pavlin. Bu Aleksandra Yegorovnaning yuzi allaqanday boshqacha o‘zi… Jozibadan ham mahrum emas. Onasi qayerlik edi?
Bulichov. Sibirlik. Sen — oliy hokimiyat… xudodan… kazo va kazo, deysan; xo‘sh, «Duma» nima, Duma, u qayerdan bo‘ladi?
Pavlin. Duma, chunonchi, masalan, hokimiyatning qadrini ketkazish uchun o‘sha hokimiyatning o‘zi tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir narsa. Ko‘plar uni hokimiyatning shumlik bir xatosi, deb biladilar; lekin, muqaddas bir muassasa bo‘lgan ibodatxona ahliga bu xil so‘zlar xususida muhokama yurgizish durust emas. Buning ustiga bu nozik zamonda ruhoniylar toifasining zimmasiga odamlarning ruhlarini ko‘tarmak va ularda toju taxt va vatan muhabbatini olovlantirmak vazifasi yuklatilgan…
Bulichov. Yaxshi olovlantirdingiz, ya’ni bechora xalqni olovda yondirdingiz…
Pavlin. O‘zingizga ma’lum bo‘lsa kerakki, men o‘z ibodatxonamizning mutavallisini qiroatchilar to‘dasini ko‘paytirishiga unatdim va yana yangi solinayotgan ibodatxonaning jomi uchun muqaddas zotlarimiz nomlariga iona va hadya tariqasida mis so‘rab, general Betling bilan gaplashdim…
Bulichov. Ibodatxona jomi uchun mis bergali unamadimi?
Pavlin. Unamadi va hatto xunuk bir hazil ham qildi. Askariy muzikaning karnaylaridagi misni ko‘rgali ham toqatim yo‘q, deydi. Mana, siz, xasta va notob bo‘lganingiz vajidan, ibodatxona jomiga bir narsa iona bersangiz yaxshi bo‘lardi.
Bulichov (o‘rnidan turib). Jom ovozi bilan dardni tuzatib bo‘lmaydi.
Pavlin. Qaydan bilasiz? Fan dardning sababidan bexabar. Ba’zi bir ajnabiy xastaxonalarda dardni muzika bilan davolar ekanlar, eshitib edim. Bizda ham bir o‘t o‘chiruvchi bor, karnayi bilan ish ko‘radi…
Bulichov (kulib). Qanaqa karnay?
Pavlin. Mis karnay. Juda katta, deydilar.
Bulichov. Katta karnay bo‘lsa, tuzatar ekanmi?
Pavlin. Obdon tuzatadi, deydi! Mumkin, hurmatli Yegor Vasilevich, mumkin! Har narsaning bo‘lishi mumkin. Sirru asror ichida, kashf etilmagan behisob sirlar ichida yashaymiz. Bizning ko‘zimizga bir yorug‘lik, bir ravshanlik ko‘rinadi va shu yorug‘lik bizning aqlimizdan keladi, holbuki, u yorug‘lik bizning jismoniy ko‘zimizdagi yorug‘likdir, ruhimiz esa, ehtimol aql tufaylidan badtar xiralashadi va hatto o‘chib qoladi.
Bulichov (og‘ir nafas olib). Obbo, muncha gaping ko‘p ekan sening…
Pavlin (borgan sari avj olib). Chunonchi, masalan, Prokopiy azizlarni oling, avom tomonidan devona deb yuritilgan u zot qanday bir saodat ichida yashaydilar…
Bulichov. Sen yana amri-ma’rufga tushding-ku! Xayr endi, charchadim men.
Pavlin. Chin ko‘ngildan salomatligingizni tilayman. Kamina duogo‘yingiz… (Chiqib ketadi.)
Bulichov (o‘ng biqinini uqalay-uqalay divanning yoniga keladi va o‘zicha g‘udurlanadi). To‘ng‘iz, ibodatxonaning muqaddas mayllarini va kulchalarini yeb, toza bo‘kipti, Glafira!.. Hey…
Varvara. Nima deysiz?
Bulichov. Hech. Glafirani chaqirib edim. Oh-ho, toza yasanibsan! Qayerga bormoqchisan?
Varvara. Tuzalgan yaradorlar spektakliga…
Bulichov. Burningga oynak ham qo‘ndirding? Ko‘zning talabi, deb bekor aytasan, modaning talabi bu…
Varvara. Siz, otajon, Aleksandrani tergab qo‘ysangiz bo‘lardi, uning muomalasi jonga tegayotir, hech toqat qilib bo‘lmaydi.
Bulichov. Hammang ham yaxshisan. Bor! (G‘udurlanadi.) Chidab bo‘lmaydi. Shoshma… men bir tuzalib olay, hammangga ko‘rsataman!
Glafira. Chaqirdingizmi?
Bulichov. Ha, chaqirdim. Eh, Glaxa, muncha yaxshisan! Baquvvat, pishiq! Mening Varvaram — bir cho‘p!
Glafira (zinaga qarab olib). Baxti bor uning. Agar chiroylik bo‘lsa, siz uni ham karavotingizga tortardingiz…
Bulichov. O‘z qizimni-ya? Bilib gapir, tentak! Nima deb yotirsan?
Glafira. Bilaman nima deganimni! Shurani, xuddi yot qizday… sollot singari tortasiz…
Bulichov (hayron). Sen, Glafira, jinni bo‘lib qolibsan. Bu nima qilganing: o‘z qizimga kunlaysanmi? Sen Shura xususida unday xayollarga bora ko‘rma. Sollot singari… Xuddi qizday! Ha, sen sollotning qo‘liga tushgan ekansan-da! Xo‘sh?
Glafira. Hech tegishligi yo‘q… Joyi emas munaqa gaplarning. Nega chaqirdingiz?
Bulichov. Donatni chaqir. Shoshma! Qo‘lingni ber! Yaxshi ko‘rasanmi ishqilib? Kasal bo‘lsam ham?
Glafira (uning yoniga tiz cho‘kib). Oh, sho‘rlik boshim… Yo‘q, sen og‘rimagin. Og‘rimagin… (Qo‘lidan chiqib qochadi.)
Bulichov tundlik bilan kuladi, lablarini yalaydi. Boshini chayqaydi. Yotadi.
Donat. Omonmisiz, Yegor Vasilevich!
Bulichov. Shukur! Qani, nima topib kelding?
Donat. Yaxshi xabar topib keldim: ayiqni qamadik.
Bulichov (og‘ir nafas olib). E, bu xursandlik keltiradigan xabar emas, rashk keltiradigan xabar. Endi ayiq bilan mening ko‘nglim ochilmaydi. Daraxt kesilayotirmi?
Donat. Oz-moz. Odam yo‘q.
Kseniya kiradi. Yasangan. Qo‘llarida uzuklar.
Bulichov. Sen nima deysan?
Kseniya. Hech. Sen, Yegoriy, ayiqqa qiziqmasang bo‘lardi, sen ov qiladigan holdamiding?
Bulichov. Sen jim tur, odam yo‘q, dedingmi?
Donat. Qari chollar bilan yosh bolalargina qolishdi. Knyazga asirlardan ellik kishini yuboriptilar, lekin ular o‘rmonda ishlayolmas ekan.
Bulichov. Bo‘lmasa ular xotin-xalaj bilan ishlayolsa kerak.
Donat. Ha, bu bo‘layotir.
Bulichov. Ha, albatta… Xotin-xalaj shu topda och.
Kseniya. Demak, qishloqda yomon buzuqchilik boshlanayapti-da…
Donat. Nega buzuqchilik bo‘lsin, Aksinya Yakovlevna? Erkaklar hammasi qirilib ketdi, bola tug‘ish — kerak narsa. Endi bundan chiqadiki, o‘sha erkaklarni qirgan endi kelib bola yasashi kerak…
Bulichov. Shunaqa, shekilli…
Kseniya. Ana xolos, asirdan qanday bola tug‘ilardi. Unday desam, bardam erkak bo‘lsa… albatta…
Bulichov. Bizning xotin-xalajning esi past, shu uchun undan farzandlik bo‘lishni asir xohlamaydi ham.
Kseniya. Yo‘q, bizning xotinlar — eslik. Bardam erkaklarning hammasini urushga haydab ketdilar, uyda faqat… zakunchilargina qoldi…
Bulichov. Ko‘p odamni ishdan chiqardilar.
Kseniya. Endi qolganlar to‘qroq yashaydilar.
Bulichov. Topding!
Donat. Podsholarning qorni fuqaroga hech to‘ymaydi.
Bulichov. Nima deding?
Donat. Podsholarning qorni fuqaroga hech to‘ymaydi, deyman. O‘zimiznikilarni boqolmaymiz-u yana ikki ko‘zimiz birovlarning yerida.
Bulichov. Rost, bu rost!
Donat. Bundan boshqa nima desa bo‘ladi: nima uchun urushayotirmiz bo‘lmasa? Shunday qilib, ochko‘zligimizdan kaltak yeb yotamiz.
Bulichov. Rost aytasan, Donat! Mening «krepostnigim» Yakov ham shunday deydi; hamma baloning boshi ochko‘zlik, deydi. U o‘zi qalay?
Donat. Umi? U yomon emas. Eslik narsa.
Kseniya. Xo‘b topibsan esi borni! Eslik odam emas, juda qo‘rs odam.
Donat. Qo‘rsligi esi borligidan keladi, Aksinya Yakovlevna! U u yerda, Yegoriy Vasilevich, o‘ntacha askarlikdan qochgan yigitlarni to‘plab ishga soldi, balodek ishlab yotirlar. Bo‘lmasa hammasi o‘g‘irlik qilardi.
Bulichov. Yo‘q, bo‘lmaydi… Muni Mokrousov bilib qolsa — to‘palang qiladi.
Donat. Mokrousov biladi. U hatto xursand. Unga oson bo‘ldi.
Bulichov.Ehtiyot bo‘l, lekin…
Yuqoridan Zvontsov tushadi.
Donat. Shunday qilib ayiqni…
Bulichov. Ayiq — sening baxting.
Zvontsov. Ruxsat etsangiz, ayiqni Botlingga tutsak. Bilasizmi, u bizga katta yordam…
Bulichov. Bilaman, bilaman! Mayli, unga tut. Bo‘lmasa arxiyereyga tut.
Kseniya (kulib). Arxiyereyning ayiqqa qarab o‘q otishini tomosha qilish kerak edi!
Bulichov. Xo‘sh, men charchadim. Xayr endi, Donat! Ishlarning mazasi yo‘g‘-a? Men notoblanishim bilan ishlar ham buzila boshladi…
Donat indamasdan ta’zim qilib chiqadi.
Bulichov. Aksinya, Shurkani aytib yuborgin. Sen nimaga esankirab turasan, Andrey? Gapiraver!
Zvontsov. Men Laptev to‘g‘risida gapirmakchi edim…
Bulichov. Xo‘sh?
Zvontsov. Men eshitdimki, u ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan aloqa qilib, Koposov yarmarkasidagi qishloq odamlariga hukumatga qarshi gaplarni gapirgan emish…
Bulichov. Gapirma! Shu zamonda yarmarka bor emishmi? Qanday qishloq odamlari ekan? Nega hammangiz Yakovdan noliysiz?
Zvontsov. U, axir, har nima bo‘lganda ham, oilamizning bir a’zosi emasmi?..
Yugurib Shura kiradi.
Bulichov. Har nima bo‘lganda ham… Siz uni ko‘p ham o‘zingizniki, deb bilmaysiz-ku… Mana, yakshanba kunlari ovqat qilgali ham kelmay qo‘ydi… Bor endi, Andrey… Keyin gapirib berarsan…
Shura. Yakovni yomonladimi?
Bulichov. Sening ishing emas. Qani, o‘tir. Sendan hamma dod deb yotir.
Shura. Kim u, hamma?
Bulichov. Aksinya, Varvara…
Shura. Bu hali hamma emas.
Bulichov. Men jiddiy aytaman, Shurajon.
Shura. Jiddiy gapirsang, bunday bo‘lmaydi.
Bulichov. Hamma bilan muomalang qo‘rs, hech narsa qilmaysan…
Shura. Hech narsa qilmasam, qayerdan qo‘rs bo‘laman.
Bulichov. Hech kimning gapiga kirmaysan.
Shura. Hammaning gapiga kiraman, hammaning gapiga kiraverib bezor bo‘ldim, mallavoy!
Bulichov. O‘zing mallasan, mendan badtar. Mana, men bilan ham to‘g‘ri gaplashmaysan! Seni so‘kish kerak edi-ku, ko‘ngil unamaydi.
Shura. Ko‘ngil unamasa, demak, so‘kish kerak emas.
Bulichov. Ha, muni qara! Ko‘ngil unamasa — qilma emish. Unda juda oson bo‘lar edi-ku-ya, lekin mumkin emas!
Shura. Mumkin emas, deysiz, kim mone bo‘layotir?
Bulichov. Hamma… Hamma mone bo‘layotir. Sen buni anglamaysan.
Shura. Sen o‘rgatgin, men o‘rganay, menga mone bo‘lmasinlar…
Bulichov. E, buni o‘rgatib bo‘lmaydi! Sen nima deysan, Aksinya? Nima bu, hech tinmaysan? Nima izlaysan?
Kseniya. Doktor keldi, undan keyin Bashkin kutib o‘tiripti. Aleksandra, ko‘ylagingni tuzat, bu qanaqa o‘tirish?
Bulichov (o‘rnidan turib). Qani, chaqir doktorni. Yotish menga zarar qiladi, yotaversam og‘irlashaman. Eh, uch endi, Shurajon! Oyog‘ing chiqmasin, ehtiyot bo‘l!
Doktor. Salom! Xo‘sh, ahvollar qalay?
Bulichov. Maza yo‘qroq. Uncha yaxshi qaramaysan, deyman, Nifont Grigorevich.
Doktor. Qani, bo‘lmasa, u uyga o‘taylik-chi…
Bulichov (uning yonida ketarkan). Sen menga eng o‘tkir, eng qimmat dorilarni ber: men do‘stim, bir ish qilib tuzalmasam bo‘lmaydi! Tuzatib yuborsang — kasalxona solib beraman, uning kattasi bo‘lsang, undan keyin bilganingni qilib yotasan…
Chiqadilar. Kseniya, Bashkin.
Kseniya. Doktor nima deydi?
Bashkin. Rak kasali, deydi, buyrakda rak bor, deydi…
Kseniya. Voy, xudoyim-ey! Nima balolar deydi bular!
Bashkin. Bu dard — og‘ir dard, deydi.
Kseniya. Ha, albatta! Har kim o‘z ishini hammadan qiyin, deb biladi.
Bashkin. Bevaqt og‘ridi! Hammayoqdan, teshilgan xaltadan yoqqanday, pul yog‘adi, gadoylar ham ming so‘mlik bo‘lishdi, bu bo‘lsa…
Kseniya. Hi, hi! Odamlar shunday boy bo‘lishayotirki, nimasini aytasan!
Bashkin. Dostigayev shunday semiriptiki, tugmasini solmay yuradigan bo‘pti, gapirsa faqat mingdan gapiradi. Yegor Vasilevichning bo‘lsa, shu tobda, miyasini bir pardaga o‘xshagan narsa bosayotir. Tunov kun — men, deydi, asl ishning ko‘chasiga ham kirganim yo‘q, deydi. Bu nima degani?
Kseniya. Voy, men ham sezayotirman: allaqanday xunuk gaplarni qiladi.
Bashkin. U, axir, sen bilan opangning puliga kattalik qiladi-ku. Ko‘paytirishi kerak emasmidi?
Kseniya. Adashganman men, Mokey, allaqachonlar bildimki, adashganman. Prikazchikka erga tegdim-u, bilib tegmadim. Senga tekkan bo‘lsam, yaxshi kun kechirar edim! U bo‘lsa… e, xudoyim-ey! Juda aynigan odam! Uning qo‘lida nima kunlarni ko‘rmadim. O‘ynashdan qiz topib, yana uni mening yelkamga mindirib qo‘ydi. Yaramas, past odamni kuyov qildi… Qo‘rqaman men, Mokey Petrovich. Bu kuyov bilan Varvara meni davlatdan quruq qoldirib, bor-yo‘g‘imni shilib, gadoylik ko‘yiga solishadi…
Bashkin. Har narsa mumkin. Urush vaqti! Urushda na sharm-hayo bo‘ladi, na rahm-shafqat!
Kseniya. Sen bizning eski xizmatchimizsan, seni odam qilgan mening otam, sen mening to‘g‘rimda o‘ylagin…
Bashkin. O‘ylab yotirman… (Zvontsov kirib kela boshlaydi.)
Zvontsov. Xo‘sh, doktor keldimi?
Kseniya. Yo‘q, u uyda.
Zvontsov. Mokey Petrovich, movut nima bo‘ldi?
Bashkin. Betling olgali unamaydi.
Zvontsov. Unga qancha berish kerak o‘zi?
Bashkin. Eng kami biror besh ming…
Kseniya. A, o‘g‘ri-ey! O‘zi tag‘in keksa chol-a!
Zvontsov. Janna orqalimi?
Bashkin. Ha, o‘sha belgilangan tartib bilan.
Kseniya. Besh ming! Nimaga bu? A?
Zvontsov. Hozir pulning qadri yo‘q.
Kseniya. Birovning cho‘ntagida bo‘lsa-da…
Zvontsov. Qaynota rozimi?
Bashkin. Men mana shuni bilgani keldim-da…
Doktor (chiqib kelib, Zvontso vning qo‘lidan ushlaydi). Xo‘sh, gap shuki…
Kseniya. Voy, bizni bir sevintirsangiz-chi…
Doktor. Kasalning mumkin qadar ko‘p yotishi kerak. Har qanday ish, besaranjomliklar, xafa bo‘lishlar — unga juda yomon, zararlik. Ishqilib, tinchlik, xotirjamlik! Undan keyin… (Zvontso vning qulog‘iga shivirlaydi.)
Kseniya. Nega menga aytmaysiz? Men xotiniman-ku?
Doktor. Ba’zi bir xususlarda xonimlar bilan gaplashuv yaramaydi. (Yana pichirlab gapiradi.) Bugun kechqurun qilamiz.
Kseniya. Nima qilmoqchisiz?
Doktor. Konsilium, ya’ni doktorlar kengashi.
Kseniya. Voy, sho‘rim…
Doktor. Uning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Xo‘p, xayr bo‘lmasa! (Chiqib ketadi.)
Kseniya. Muncha qo‘rs bu odam… Uni o‘chsin! Besh minutda besh so‘lkavoy oladi. Bir soatda 60 so‘m… Buni qarang!
Zvontsov. Operatsiya qilish kerak, deydi.
Kseniya. Yorishmi? Yo‘q, bu bo‘lmaydi! Yorishga men yo‘l qo‘ymayman…
Zvontsov. Menga qarang, bu nodonlik bo‘ladi! Xirurgiya, ya’ni jarrohlik — bu bir ilm…
Kseniya. Ilming boshingdan qolsin! Tuzukmi! Sen ham menga dag‘al gapiradigan bo‘lding…
Zvontsov. Men sizga nazokat qoidalarini o‘rgatayotganim yo‘q, sizning nodonligingizni aytayotirman…
Kseniya. Sen o‘zing ham juda alloma bo‘lib ketganing yo‘q!
Zvontsovqo‘l siltab yiroqlashadi. Glafira yugurib o‘tadi.
Kseniya. Qayerga? Glafira. U uydan chaqirdilar…
Kseniya u bilan birga eri yoniga kirib ketadi.
Zvontsov. Qaynota bevaqt kasal bo‘ldi.
Bashkin. Rost, yaxshi bo‘lmadi. Shunday zamon keldiki, esli odamlar, xuddi nayrangboz singari, havodan pul topayotirlar…
Zvontsov. Ha, albatta, undan keyin inqilob bo‘lishi aniq.
Bashkin. U menga ma’qul emas. Beshinchi yilda bir bo‘ldi. Hech narsa chiqmaydi.
Zvontsov. Beshinchi yilda inqilob emas, bir to‘palang bo‘ldi. U vaqtda dehqonlar bilan ishchilar uylarida edilar. Endi ular urush maydonida. Endigi inqilob to‘ralar, gubirlar, vazirlarga qarshi bo‘ladi.
Bashkin. Unday bo‘lsa — bersin xudo! To‘ralar fuqaroning badaniga, xuddi kanaday yopishgan, uzib olib bo‘lmaydi…
Zvontsov. Oq podshoning ishga yaramasligi kunday ravshan bo‘lib qoldi.
Bashkin. Kupetslar orasida ham shu gap bor. Allaqanday bir qishloqi podshoning xotini tasarruf qiladi, deydi.
Varvara zinada quloq solmoqda.
Zvontsov. Rost. Grigoriy Rasputin degan odam.
Bashkin. Jodugarlik bu! Ishongim kelmaydi.
Zvontsov. O‘ynash bo‘lsa-chi? Unga nima deysiz?
Bashkin. Bu ham cho‘pchakka o‘xshaydi. Podshoning xotiniga generallar qahatmidi?
Varvara. Yo‘q yerdagi gaplarni gapirayotirsiz?
Bashkin. Hamma shuni gapiradi, Varvara Yegorovna, har qalay, mening fikrimcha, podsho bo‘lmasa bo‘lmaydi.
Zvontsov. Petrogradda o‘tirgan podsho emas, fuqaroning miyasiga kirib o‘tirgan podsho. Spektakl tamom bo‘ldimi?
Varvara. Boshqa kunga qoldirildi, allaqanday tergovchi kelib: «Kechqurun yaradorlar keladi», dedi. Ularga joy yo‘q emish.
Glafira. Mokey Petrovich, sizni chaqirayotirlar.
Bashkin stol ustida issiq kartuzini qoldirib, ketadi.
Varvara. Nega sen bu bilan sir otishasan? O‘zing bilasanki, bu odam bizdan gap olib, oyimga yetkizadi! Shu kartuzni o‘n yildan beri kiyadi. Bu — mumsik! Yag‘iri chiqib ketipti. Hayronman, nega sen bu o‘g‘ri bilan…
Zvontsov. E, qo‘ysang-chi! Men mundan Betlingga pora berish uchun qarz so‘ramoqchiman…
Varvara. Men, axir, senga aytmoqchimanki, u ishlarning hammasini Janna orqali, Liza Dostigayev eplaydi, deb! Unda arzon ham tushadi…
Zvontsov. Yelizavetta seni yomon tushiradi…
Kseniya (erining uyidan turib). Bir ish qilib unating muni: tek yotsin! Hadeb yuradi, zo‘r berib Mokeyni so‘kadi… Ey, xudoyim!..
Zvontsov. Borsang-chi sen, Varya…
Bulichov (uzun chopon kiygan, oyog‘ida kigizli tufli.) Xo‘sh, qani: yana nima deysan? Urush yomonmi?
Bashkin (uning ketidan kelarkan). Kim bir narsa deydi?
Bulichov. Kim uchun yomon?
Bashkin. Biz uchun.
Bulichov. «Biz» deganing kim? Sen o‘zing aytasanki, urush orqasida odamlar million-million pul topishayotir. Xo‘sh?
Bashkin. Demak… xalq uchun yomon…
Bulichov. Xalq deganing — qishloq odami, unga baribir: xoh yashasin, xoh o‘lsin, mana sen aytgan haqiqat.
Kseniya. Jahling chiqmasin, deyman! Senga zarar qiladi…
Bashkin. Nega unday deysiz? Shu haqiqat bo‘ldimi?
Bulichov. Asl haqiqat, deysanmi? Mana shu — asl haqiqat. Men rostini aytaveraman: mening ishim — pul topish, qishloq odamining ishi — g‘alla yetkazib berish, mol sotib olish. Bundan boshqa haqiqat bormi?
Bashkin. Bu-ku, albatta, shunda-ya, lekin shunda ham…
Bulichov. Xo‘sh, gapir: «Shunda ham» deganing nima endi? Mening davlatimni o‘g‘irlagan vaqtingda nima o‘ylaysan o‘zing?
Bashkin. Nega meni xo‘rlaysiz?
Kseniya. Hoy, Varya, nimaga qarab turasan, axir? Tinchitsang-chi otangni. Tinch yotmasa bo‘lmaydi.
Bulichov. Sen hali xalqni o‘ylaysanmi?
Bashkin. Yana tag‘in ko‘pchilik oldida xo‘rlaysiz! O‘g‘irlagan emish! Buni isbot qilish kerak!
Bulichov. Isbot qilib o‘tirish kerak emas. Hamma biladiki, o‘g‘rilik — qonunga sig‘adigan ish. Seni xo‘rlash ham darkor emas. Xo‘rlash bilan sen tuzalmaysan, balki badtar bo‘lasan. O‘g‘rilik qilgan ham sen emassan, pul o‘zi o‘g‘rilik qiladi. U o‘zi kattakon o‘g‘ri.
Bashkin. Munaqa gaplarni faqat Yakov Laptev gapirardi.
Bulichov. Hali ham o‘sha gapirayotir. Bo‘pti, chiq endi, Betlingga pora bermanglar. Hali ham juda ko‘p oldi; kafaniga ham, tovutiga ham yetadi — beimon cholning. Siz nega yig‘ildingiz bu yerga — nima ishingiz bor?
Varvara. Hech bir ishimiz yo‘q.
Bulichov. Hech gap ham yo‘q. Unday bo‘lsa, o‘z ishingizga boringiz. O‘z ishingiz bordir-ku? Aksinya, buyurgin, mening uyimni jindak shamollatishsin. Juda havosi buzildi, achchiq dorilarning hidi bosib ketgan. Ha, undan keyin Glafiraga aytgin, klyukva kvasidan olib kelsin.
Kseniya. Senga kvas yoqmaydi-ku?
Bulichov. Bor, bor! Nima yoqadi, nima yoqmaydi — o‘zim bilaman.
Kseniya (chiqarkan). Bilsang edi…
Hamma chiqadi.
Bulichov (qo‘li bilan stolga tayangani holda uning tegrasini aylanadi. Oynaga qarab turib, tovushini to‘la— deyarlik chiqarib so‘zlanadi). Ishing yomon, Yegor, afting ham o‘zi, birodar… sira o‘zingnikiga o‘xshamaydi!
Glafira (patnisda bir stakan suv bilan). Mana, sut.
Bulichov. Mushukka ber uni. Menga kvas ber. Klyukva kvasidan.
Glafira. Sizga kvas berishga ruxsat etmaydilar.
Bulichov. Ular ruxsat etmaydi, lekin sen olib kelaver. Shoshma! Sen nechuk o‘ylaysan: men o‘lamanmi?
Glafira. Bekor gap, o‘lmaysiz.
Bulichov. Nega?
Glafira. Ishonmayman.
Bulichov. Ishonmaysan? Yo‘q, azizim, mening ishim yomon! O‘zim bilaman: juda yomon!
Glafira. Men ishonmayman.
Bulichov. Qaysarsan, qani, kvasdan ber! Araq tomizib ichaman… U foydalik narsa. (Bufetga tomon boradi.) Berkitib qo‘yipti, la’natilar. Cho‘chqa bolalari! Saqlaganlari-da. Xuddi bandiga o‘xshayman. Qamalgan hisobida…
Parda.