Qiz qo‘shig‘i

O‘ksiz ko‘ngil qushi Tushdi qafasga. Sira yetolmaydir Erkin nafasga –

Qora kunlar tushdi menim boshimga.

Siqiq qafaslarda Yayray olmayman. Jannat bog‘lar bor-ku, Sayray olmayman –

Yomon kunlar tushdi menim boshimga.

Qip-qizil qon bo‘lib Kunlar botadir… Yomon hidga to‘lib Tonglar otadir… –

Og‘ir kunlar tushdi menim boshimga.

Jannat kabi bog‘lar Bulbulsiz qolgan… Osmon bo‘yi tog‘lar Qulunsiz qolgan… –

Qiyin kunlar tushdi menim boshimga.

Ko‘z yoshimda yuvsam Yurtning bag‘rini. Tilim bilan so‘rsam

Oqqan qonini… –

Qonli kunlar tushdi menim boshimga.

Hasratim ko‘p, elga Ayta olmayman. Armonim ko‘p, dilga Joylay olmayman –

O‘tli kunlar tushdi menim boshimga.

Qafaslarni buzib Uchsam osmonga! Kishanlarni uzib Yetsam jononga!.. –

Yorsiz kunlar tushdi menim boshimga!

Andijon. 1923, 1-iyul