Qish oldida

Ko‘klam ketidan yozni uzatdik, u-da ketdi. Kuzning-da bulutli, qora davri kelib – o‘tdi.

Barglar yana sarg‘aydi, to‘kildi… yana bo‘shlik… Qushlar yana to‘p-to‘p qochalar… qarg‘a faqat shod! Har narsada bir qayg‘u, kadar, rangi so‘lishlik… Ichdangina, tinsizgina har narsada bir «dod»…

Dunyo yaratilganda xunuk, chirkin emish-da, Ko‘klam bila yoz unga kiyimlar kiygizarmish. Kuz hech ko‘ra olmas, ichi tor, qizg‘in emish-da, Har narsani so‘ldirguvchi qo‘lni tegizarmish.

Kuz davrida dunyo kiyimi qolmas emish-da, Qish chog‘ida unga qaramoqlik-da yomonmish.

Bir qarg‘a faqat ko‘zlarini olmas emish-da, Qarg‘a shu uchun qishda kuyarmish-da, yonarmish…

Holbuki, na kuzdan va na qishdan yuz o‘girmay, Har qaysisidan ko‘nglim uchun topdim o‘yinlar. Yozlar kabi qishlarda-da g‘am rangini ko‘rmay, O‘tmoqda quyosh qo‘ynida kunlar kabi tunlar!

Dunyo kiyimi yirtiq esa, qayg‘u kerakmas, Kunning birida yerga tushar paxta kabi qor. Dunyo taniga qor kiyimi nega kelishmas? Oqlik ichida qop-qora ko‘z… o‘t kabi chaqnar!

Ko‘klam kabi qishning-da go‘zal gullari bordir, Yozlar kabi qishlarda-da oltin kechalar bor. Ko‘klam kabi qishning-da go‘zal tunlari bordir, Qishlarda-da yozlar kabi jon – mug‘bachalar bor!

Ko‘klam-da ketib, yoz-da bitib, kuz-da tugaldi; Ey qish bobo, chiq o‘rtaga, navbat senga keldi!..

Toshkent. 1922, 5-oktyabr