Sezgi

Bog‘chalarda so‘ldi gullar – so‘ldi gullar, sezmadim, Qip-qizarib botdi kunlar – botdi kunlar, sezmadim, Qayda qoldi qonli qinlar – qonli qinlar, sezmadim, Sochlaring bog‘lab olib, bog‘lab olibdir sezgini!

Bir yiroq yo‘lkim, uning yo‘qdir keti – yo‘qdir keti, Chang va tuproq bo‘ldi, ketdi… unda ko‘plarning beti, Ming jahannamdir, jahannamdir uning ikki cheti, Bir kuni o‘lgay adoshib qon muhitning kelgini…

Ko‘zlarimni men tikib qoldim – tikib qoldim unga, Lolagullarni ekib qoldim – ekib qoldim unga, Toza ummidni tutib qoldim – tutib qoldim unga, Chunki men ko‘rdim, ko‘rib qoldim kerakli belgini!..

Qo‘qon. 1923, 9–dekabr