Sendan yiroqda
Yiroqlashdim, uzoqlashdim bir necha kun sendan, Hol so‘rab ko‘r mendan: Nega muncha og‘ir keldi bu yiroqlik menga, Anglatayin senga!
Chunki sening qarshingda men ayriliqni o‘ylamay, Ko‘zlaringga tikildim, O‘zligimga, borlig‘imga baho qo‘ymay, sonlamay, Yerga qadar egildim.
U ko‘zlarning toshqinida baliq kabi suzganman, Ayriliqni o‘ylaymi? Boshqa dunyo, boshqa o‘ydan bog‘lanishni uzganman, Senga qarab to‘yaymi?
Mana, endi bir necha kun sendan yiroq qoldim-da, Qayg‘ularga ko‘mildim, Ayriliqda qayg‘u ichra ulushimni oldim-da, Ko‘zlaringni ho‘b bildim!
Endi senga ko‘ngil dardin butkul ochib beraymi, Istaysanmi sen shuni? Istamasang, qistamayman… oldin seni ko‘raymi, So‘ng aytaymi men uni?
Yaxshi… endi qanotimni rostlayin, Uchib borib oldin seni topayin, So‘ng dardimni ochayin!..
Toshkent. 1922, 11-aprel