Somon parcha
(Kundalik daftarimdan)
«…Dahr bir selobdir mulxaq fano daryosina, Bizki sargaroniz, ul seloba dushmish xor–u xas. Chirkinur xor-u xas ul seloba o‘ldiqcha ravon, Yetmadan daryoya rohat mumkin o‘lmaz birnafas…» Fuzuliy
Topshirdim o‘zimni muhitning erkiga…
Muhit girdobida bir somon parcha, Bir poxol cho‘pidek oqib boraman. Har amal, har ishni «haq» deb boraman, Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha…
Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni, Chaqmoqdek yaltirab uchish yo‘q endi. Yolg‘on xayollarga ko‘chish yo‘q endi. Oqishning yo‘liga soldim kunimni.
Na isyon, na to‘lqin, na to‘fon, na o‘t – Ko‘zimda og‘ir bir taslim nuri bor. Ey o‘tli kechmishim, yuzingni berkit! Senda shaytonlarning haqsiz zo‘ri bor.
Men endi xuddi bir somon parchasi… Lekin zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda Erkin ko‘piklarning allaqanchasi!
Kirmayman ko‘chaning boshi berkiga, Chunki taslim bo‘ldim muhit erkiga…
Andijon. 1923, oktyabr