Yana zarafshon

Fil minib, o‘t yoqib o‘tib ketdim Yana ustingdan, ey cho‘ziq daryo! Yana qirg‘oqlaringga his sepdim, Munga sen berma boshqa xil ma’no:

Hisni qirg‘oqlaringga sepmoqlik Menda bir eski, tentak odatdir. Yosh to‘kib tuprog‘ingni o‘pmoqlik Keng xayolimda bir saodatdir.

To‘rt yog‘ing ko‘m-ko‘k o‘t va maysa ekan, Quchog‘im shu qadar ochildiki, men Tanlarimga botib ketib-da tikan Sezmadim, «gul» dedim… yo‘qolding sen Ko‘zlarim oldidan… Qarab qoldim, Yana yo‘llarga och nazar soldim.

Boy tabiat butun go‘zalligini, Bilaman, ko‘kragingdan olgandir. Boy dala maqtanuvchi menligini Yashnatib, ko‘ksinga qadalgandir. Shu go‘zal chehralarga suv emizib Burilib, aylanib oqib yotasan. Shu qadar jonlilarga yem yegizib Qora dashtlar tomon chopib yotasan.

Shu go‘zal chehralar kulib yotsin, Qora dashtlar tomon chopib oqaver! Tovushing yo‘qsul elni uyg‘otsin, Kuchli, loy suvlaring bilan birga U o‘lim uyqusi oqib bitsin!

Yana bir qatla hurmatim senga!..

Samarqand, Temiryo‘l bekati.

1923, 29-aprel