Yana qor

Yana qor! Oq kafan o‘raldi yana, Yana ko‘k quydi yerga parlarini. Qarg‘aning tillari buraldi yana, Yana qish chorladi «nafarlar»ini…

Qop-qora dev kabi bulut yig‘ini Qoplab oldi yana quyosh yuzini. Yotqizib yoz botir «yengish tug‘i»ni, Uyqudan ochmadi sira ko‘zini.

Kutdilar yoz qizi – bahor oyining Yangi kunda yasalguvsi to‘yini. Yoz kabi turli gulga ko‘p boyning, Dedilar, bo‘lguvsi chechak o‘yini.

Qarigan qish boboy chidolmasdan To‘y kutilganda qildi bir bosqin. Nega ergashdi unga qorli bo‘ron? Ko‘p qo‘pol edi asti ul ozg‘in.

Bir faqat qarg‘alar qor ustida Qag‘lashib qish boboyni alqaylar. To‘ngdirguvchi zahar sovuq tunda Beva-bechoralar yomonlaylar.

Har yetim ko‘zda tomchi-tomchi zahar, Har faqir uyida inglayish va yig‘i. Har sariq yuzda so‘nggi shu’la so‘nar, Har tomon, har tarafda bir qayg‘i… Yana qish… Qor-kafan yopildi yana, Qarg‘aga to‘y… o‘yin topildi yana!..