Yong'in

Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q, Go‘daklar nayza boshida... (Xabar)

Nega menim qulog‘imda tun va kun Boyqushlarning shumli tovshi baqirar? Nega menim borlig‘imga har o‘yun Va har kulgi og‘u separ, o‘t qo‘yar?

Ko‘nglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar, Boyqushlarga buzuq ko‘ksin ochganmi? Ota-ona, tanish-bilish, o‘rtoqlar Yurtni tashlab, tog‘ va toshga qochganmi?

Shunday katta bir o‘lkada yonmagan, Yiqilmagan, talanmagan uy yo‘qmi? Bir ko‘z yo‘qmi qonli yoshi tommagan, Butun ko‘ngil umidsizmi, siniqmi?

Podalarning yaylovida bo‘rilar Qonga to‘ygach, uvlaylarmi ko‘plashib, Yiqiqlardan o‘liklarni to‘plashib, O‘tmi qo‘yar alvastilar, parilar?

Tabiatning butun yomon tomoni Shu o‘lkaga faqat jilva qildimi? Mo‘minlarning oq vijdoni, imoni Sham so‘nganday tinsizgina so‘ndimi?

Qilichlarning tillarida qizil qon, Buloqlarning suvi yanglig‘ toshdimi? Yalang bola, yalang go‘dak —ma’sum jon Nayzalarning boshlaridan oshdimi?

Keng yaylovga o‘tmi ketdi, yondimi? «Madaniyat» istagiga qondimi?

1921