Yorug’ yulduza
(Hazar esdaligi)
Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla Otalarning tarixdagi xatosin; Shul xatodan osig‘lanib yovlarning El ko‘ksida surgan ishrat, safosin.
So‘zla, anglat o‘tgandagi turmushning Butun qonli, shonli, jonli yerlarin. Ko‘z oldimga jilvalantir yurt uchun Jonlar berib, qonlar to‘kkan erlarin.
O‘ynat, qo‘zg‘at, to‘lqinlantir, hovliqtir Keng Hazarning ko‘m-ko‘k yumshoq suvlarin. So‘zlattirib charchat, horsin, charchasin, Teri oqsin, ko‘kka chiqar bug‘larin.
Ko‘piklantir, mayda oppoq ko‘pikdan Ko‘ylak kiydir, yasantir suv betlarin. Ul suvlar-la pardoz qildir, kiyintir Tog‘li, toshli qirg‘oqlarin, chetlarin.
Nega jimsan, nega javob bermaysan? Nega ko‘zing qizarindi, yoshlandi? Nega yuzing so‘lgan kabi yumshardi? Nega senda bir talvasa boshlandi?
Bilaman men: so‘zlamaysan shuning-chun
So‘zlaydirgan yaxshi so‘zing yo‘q erur. Og‘iz ochsang yo‘qsil elni ezmakka, Qon qilmoqqa hasratlaring ko‘p erur.
Mayli, mayli, qandoq achchiq bo‘lsa ham, To‘g‘ri so‘zni yashirmasdan so‘zlay ber. Har qanchalar yurak yorgich kuy bo‘lsa, Botir bo‘lib sekingina kuylay ber.
O‘tganlarning zahari ham bu kunda Ko‘ngillarga tegmay o‘tar kabidir. Kechmishlarning yig‘isi ham shu kunda Yo‘qsil dilni suyuntirar kabidir.
Falokatlar ko‘rgan ota-bobolar Istiqlolning qimmatini bilmagan. El va yurtni saqlar uchun so‘ng xonlar Tuzukkina chora, tadbir qilmagan.
Biz, yo‘qsillar, boshqalarga qul bo‘lib, Chet oyoqlar tovonida ezildik. Har yaramas, har buzuqning tagida Alam tortgan, jabr ko‘rgan biz edik.
Yetar, bo‘ldi! Meni gapga solding-da, O‘zing unda tinglabgina turasan. Yana, tag‘in ta’sirlanib so‘zimdan, Oh-voh qilib o‘zni har yon urasan.
So‘zla sen-da tillaringni o‘ynatib, Eski olam ichra bizni olib bor. Yashrin yotgan pardalarni, zulmatni Qarab turma, nuring bilan yirt, yubor!
Yalintirma, boshqalarga yalingan Kabi sen ham yalintirmoq istaysan.
Ezilganni ezishlikka, sen go‘zal, Ozroq sharm, ozroq hayo qilmaysan.
So‘zla, anglat, go‘zal yulduz, tez so‘zla, Men-da sening chiroyliging so‘zlarman. Hazardagi ko‘piklarga birlashib Seni maqtab shirin kuylar kuylarman.
Og‘iz ochding, tovshing keldi, ey yulduz, So‘zla-so‘zla, yot kishi yo‘q, ikkimiz!..
Bahri Hazar. 1920, 19-avgust