Yupanmoq istagi
Bilmadim, ko‘nglimni yupatgay kimlar: Tog‘larmi, toshlarmi yo oqar suvlar, Yoki kishanlardan bo‘shalgan qullar, Yoki sevilmasdan tashlangan tullar?
Yoki oydin tunda ko‘zimni olmay Ko‘klardan yupatqich yulduz axtaray? Yoki tong chog‘ida sabo yupatgay, Yoki oydan tomgan vafosiz nurlar?
Yoki ko‘z yoshidan yig‘ilgan bir ko‘l Bo‘yida egilgan tolda bir bulbul Sayrasa, yig‘lasa, ma’shuqasi – gul Kulganda yupatgay ko‘ldagi hurlar?
Charchagan yo‘lovchi yo‘ldan adashsa, Tekis yo‘l qolsa-da, tog‘larni oshsa, Yo‘lni ko‘rsatguvchi yulduz-da qochsa, Shunda yupatgaymi yalang‘och cho‘llar?
Erkin dalalarning erkin sultoni, Sonsiz podalarning yolg‘iz cho‘poni Nay chalib tog‘lardan istasa yorni, Balki, yupatgusi «yor» degan kuylar?
Turmushda, xayolda… har bir narsada Yolg‘iz aldanishni ko‘rgan bir banda Borliqqa qarg‘ishlar yog‘dirgan tinda, Balki, yupatgusi u achchiq so‘zlar?
Dengizlar qaynasa, toshsa suvlari, Kesilsa yo‘lchining istak yo‘llari, Dengizga aylansa o‘ng va so‘llari, Balki, yupatgusi ho‘llangan ko‘zlar?
Ko‘ngilda uyg‘onsa yengil havaslar, Uzilsa, buzilsa oltin qafaslar, Birga ichishsalar bir to‘da mastlar, Balki, yupatgaylar o‘ynoqi qizlar?
O‘ylangan o‘ylar-la ko‘ngil yupanmas, Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas, Aytalar: «Bu tunda yorug‘ sham yonmas, Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘illar…»
Jumabozor stansiyasi (O‘rta Osiyo temiryo‘li).
1922, 9-iyun