Irfon keladir

(O‘zbek bilim yurtini birinchi martaba bitirib chiqqan 5 yigitga)

Shu yigitlarki qo‘lga nurli aso Ushlashib yo‘lchilikni ko‘zlaylar; U ulug‘ yo‘lki, bir ulug‘ sahro, Chin saodatni shundan izlaylar.

U quruq, kimsasiz, vahm yo‘ldan Charchamay, suvsamay o‘tib ketmoq! Tugamay o‘tli intilish dildan, Bor to‘siqlarni yo‘q etib ketmoq!

Shu yomon, zim-ziyo uzun kechalar Bizni yutmoq, bitirmoq istaylar. Eskilar qutqarishga kelmaylar, Balki qonlarni tomchilab ichalar…

Toza qonlarga ishtaha saqlab Kutadir yo‘lda och, haris dushman; U ulug‘ yo‘lni nur bilan tozalab, Yetasan istagingga, ey irfon!

Chunki sen – yangi, toza bir kuchsan, Bilaging bir temir, po‘lat kabidir. Chunki sen yog‘du-nurga ko‘p o‘chsan, Tilaging bir olov, bir o‘t kabidir.

Sen uchun yo‘q: o‘lim, mozor, yo‘qolish; Sen uchun bor: hayot, yashash, urunish. Ezgu istakka to‘g‘rilab yo‘l olish Va u yo‘llarda charchamay yugurish!

Shu tilaklarga zo‘r, ulug‘ hurmat! Shu yuraklarga so‘ngi yo‘q himmat!..

Toshkent. 1923, 12–may