Katta yo’l bo’yida uchragan yaproq uchun

1

Yaproq, yaproq…putoqlarda Qaltirag’an varam yaproq. Yuzlaringni so’ng choqlarda Bugun bosib ketgan tuproq.

Ot o’tganu chang chiqargan, Changlar kelib senga qo’ng’an. Qo’ng’an changlar qola berg’an, Shular bilan ranging o’nggan…

Yana har kun yo’ldan o’tgan Har oyoqdan chang qo’zg’alar, Keng ko’chadan ko’tarilgan Har bir zarra senda qolar…

Sening ko’m-ko’k toza yuzing Ko’zga taqir ko’rinmaydir. Shaftolimi, olxirotmi, Ko’ksultonmi – kimsan o’zing? Tiriklikdan nishon bormi? Nega sira bilinmaydir?

2

Seni siypab, erkalatib, Asta-sekin ko’kartirgan Go’zal ko’klam o’tib ketdi! Hozir yozning eng yetilgan Qirchillama vaqti yetdi. Sen yotasan changga botib…

Erta-indin qovog’ini Burishtirib kuz ham kelsa, To’plab idish – oyog’ini Sekin-sekin yoz ham jilsa.

Chang ostida sarg’ayasan Bir pirpirab yerga tushib, Kechalarni to’ng’ib, ushib, Oxir yerga yem bo’lasan.

3

Aynib berib havo agar Hozir yomg’ir yog’sa edi. Betingdagi sariq changlar Loyqalanib oqsa edi.

Yozning alvon ko’ylagiga To’yib-to’yib qarar eding, Bir gulman-ku men ham unga Deb maqtanib yon-beringga Bir ozgina yayrar eding…

4

– Sevinchi ber! ko’k yalangga Qora bulut chodir qurdi. Yuzingdagi qalin changga Tomchi-tomchi nam yugurdi!

Oq tomchilar tasbih yangliq Cho’zulushib chizildilar. Seni ezgan tuproqlar ham – Ko’kdan tushgan to’qmoq bilan – Xo’p yanchilishib ezildilar!

Chang ostidan chiqmoq bilan Silkinishib bir jonlilik Ko’rsatarlar tengrangdagi Alamzada yaproqlar ham! Shudir yozning asli ranggi!..

Toshkent, 1924 yil, 25 may