Kech kirish
Baland-pastlik, katta-kichik binolar, Qizil, ko‘m-ko‘k, yashil tomlar ustida Ola-bula, quyuq-suyuq bulutlar… Ko‘kni qoplab bir tomonda to‘plangan!
Kun botadir… tarqov, yoyiq lolalar Unda-munda bulutlarning yuzida Sil yuzidek rangi ketib so‘liblar… Qorong‘ilik Sharq tomondan qo‘zg‘algan!
Shom azoni… muazzinning yo‘sinsiz, Kuchsiz tovshi titrabgina cho‘zilgan… Yomg‘ir picha yog‘ib o‘tgan, buzilgan – Qing‘ir ko‘cha chetidagi uzun iz…
Qismat izlab har tomonga tarqalgan.
Katta-kichik, yosh-u qari bo‘shashib, Horib, charchab sekingina qaytadir. Mahallaning bir yeriga to‘plangan Bir to‘p bola… turli o‘yin o‘ynashib, Ketganlarni kutadir…
Belgisizlik qanotini keng yoyib, Koinotni quchog‘iga tortadir. Chirog‘lar ham jin ko‘zidek yiltillab, Xira qarab, mung‘ayib Ko‘rindilar.
Kilkillab –
Yomg‘ir suvi yer bag‘rida yotadir.
Toshkent. 1923, 5–may