Kleo‘patra uyqusi
1
Kleo‘patra Nilning bo‘yida O‘z qo‘li bilan nilufar uzdi. Go‘zal chechakni, yoziqsiz gulni Ishdan chiqardi, turmushin buzdi.
Bir to‘plam qildi, bir ipak bilan Boshiga osib, uyquga ketdi. U uxlaganda butun Misrda, Butun o‘lkada uyg‘oqlik bitdi…
Jim tur, farishta, qanoting qoqma, Fir’avnning qizi tinchlab uxlasin! Uning yuzidan, go‘zalligidan Oshiqning ko‘ngli bir orom olsin!
Uning yotishi – kunning botishi! Qorong‘ulikda yulduzlar o‘ynar. Butun oshiqlar, ko‘ngli yoniqlar Go‘zal o‘ylarni shu chog‘da o‘ylar.
Tuban qarab yur, Nilning suvin ko‘r: Qanday chiroyli, limillab oqar, Fir’avn qiziday, ilon iziday Buralib oqar, qimirlab oqar…
2
Kleo‘patra uyg‘ondi nega? Nega u chog‘siz uyqusin ochdi? Uning ko‘zidan, go‘zal yuzidan Uyqu, qizillik, to‘liqlik qochdi!
Ana: qo‘lini gulga uzatdi, Boq: ipni uzdi… gullar qo‘lida! Oh… g‘ujum qildi, yerga tashladi. Ko‘p yo‘qsil gullar qurbon yo‘lida…
– Nega tashladi? – Gul so‘lgan edi… Shuning-chun zolim yerga tashladi! O‘zini ko‘r bir: mast ilon yanglig‘ Joyida yotib, to‘lg‘oq boshladi.
Bor, ey yigit, sen Nilning bo‘yidan Zolim qizi-chun nilufar keltir! Zolim qizini bu sirli kechda Ko‘p urintirma, tezroq tinchlantir!
Bir to‘plam gulni boshiga ossa, Yana uyquga ochar quchog‘in, Yo‘qsa, bu zolim hech bosa olmas Yuragidagi «sevmaslik» dog‘in…
3
Qo‘y, sen qo‘zg‘alma… mening ko‘ksimda Ko‘z yoshim bilan o‘sgan chechak bor, Shuni berarman, bir hidlash bilan Sevgiga botib bir umr uxlar!..
Buxoro. 1921, 17 avgust