Ko'klam Qayg'usi

Ey qorong‘u uzun qishning xayoli, Ko‘klam chog‘i ko‘zlarimda o‘ynama! Ayriliqning chidab bo‘lmas maloli, Ko‘kat, maysa yuzlarida qaynama!

Bir oz… bir oz ko‘ngil beray ko‘klamda Shaftolining go‘zal, qizil yuziga. Bir oz… bir oz aldanayin ko‘nglimda Bosh chiqargan yigitlikning so‘ziga.

Qarshimdagi kulib turgan yumshoq qiz Ko‘m-ko‘k maysa o‘rtasida bir guldir. Ko‘p yig‘ladim… yoshlarimni qator chiz Va qarshimda go‘zal qizni bir kuldir!

Ko‘klam chog‘i sayroq bulbul sayramas, Ne uchunkim tanburimning tili yo‘q.

U go‘zal qiz chin qarash-la qaramas, Ne uchunkim umidimning yo‘li yo‘q.

Tillarimda har ko‘klamning qo‘shig‘i, Yuragimda har go‘zalning sevgisi, Ko‘zlarimda har qayg‘udan bir yig‘i, Yuzlarimda aldanishning belgisi…

Yolg‘iz menmi ko‘klam chog‘i yig‘lagan? Yolg‘iz menmi har umidda aldangan? Yolg‘iz menmi ko‘kragini tig‘lagan? Yolg‘iz menmi sevinch bilan bo‘lmagan?

Ey ko‘klamning ko‘z tortguvchi kelini, Nima uchun yig‘latasan bir meni?..Qo‘yliq.

1922-yil