Kuz
Ko‘m-ko‘k ekan, sarg‘aydilar yaproqlar Og‘riq, mag‘lub, tutqun Sharqning yuzidek; Bo‘ronlarning ko‘zlarikim o‘ynoqlar G‘olib G‘arbning qonga to‘lgan ko‘zidek.
Qora bulut to‘dasikim ko‘klarni Sharqni yopgan parda yanglig‘ yopmishdir. Kuz qo‘shini og‘u to‘lig‘ o‘qlarni Yoz bag‘riga hech sanoqsiz otmishdir!
Balo yanglig‘ qator-qator chizilib Ko‘k yuzidan qarg‘alar ham o‘talar; Sharqdek ichdan yashringina ezilib Ko‘p jonlilar so‘nggi tinni kutalar.
Butun borliq chog‘liq o‘chish oldida, Sovuq… qora qishga ko‘chish oldida…
Buxoro. 1921, 4-noyabr