Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi

Belgisiz qabringni qora tunlarda Amalimning shamin yoqib izladim. Qizil va pok qoning islarin sochgach, Kuchsiz ko‘yi yurishimni tezladim.

Amalimning yulduzikim ko‘z tikdi Qora, jirkanch o‘lim koni yerlarga. Savol berdim: «Yo‘qotganim qayda?» – deb O‘zimni ham yutmoq bo‘lgan erlarga.

Qo‘lindagi tutam-tutam gulini Qabring topib, sochmoq uchun tirishdi. Gul o‘rniga zahar tilar muhitda Uning qilgan bu ishlari bo‘sh ishdi.

Men-da ojiz – u muhitning oldida – Qabring topib ko‘z yoshimni to‘kmakka Hamda achchiq hiddatim-la ul yerda Oq kallalik qora devni so‘kmakka.

Shuning uchun yulduz kabi yarqirab, Elda qolgan isming bilan turaman. Shul ismni eslab, chizgan yo‘lingdan Yiroq ketmay, qimirlamay yuraman.

Aziz otam, qo‘limdagi gullarning Motam guli ekanini bilmaysan. Shodlik guli ko‘pdan beri so‘lganin Yer ostida pok ruhing-la sezmaysan.

Ana, sochdim qalbimdagi gullarni, Termak uchun chaqiraman qullarni…

1920-yil