Men va boshqalar

(O'zbek qizi og'zidan)

Kulgan boshqalardir, yig'lagan menman, O'ynagan boshqalar, ingragan menman. Erk ertaklarini eshitgan boshqa, Qullik qo'shig'ini tinglagan menman...

Boshqada qanot bor, ko'kka uchadir, Shoxlarga qo'nadir, bog'da yayraydir. So'zlari sadafdek, tovushi naydek, Kuyini har yerda elga sayraydir.

Menda qanot bor, lekin bog'langan... Bog' yo'qdir, shox yo'qdir, qalin devor bor. So'zlari sadafdek, tovushi naydek Kuyim bor... uni-da devorlar tinglar.

Erkin boshqalardir, qamalgan menman, Hayvon qatorida sanalgan menman.

Toshkent. 1921, aprel