Navro’z kunida
Xira, o‘chgan, kirlik, kuchsiz dillarga Yorug‘ yog‘du, turmush sepgan yangi kun Sira sevinch bermas o‘zbek qiziga, Yo‘qsa, unga mangulikmi qora tun?
Necha yuz yil kishanlarda entikkan Qashshoq, yo‘qsil, tutqunlarga erk berar, O‘zbek qizi: «Boshqalarga erk bergan, Menga qani erking?..» – desa, ne deyar?
Ko‘klardagi dona-dona sochilgan Yulduzlarmi ezgu kunni olqishlar? Kimga tegar yulduz ko‘zdan otilgan Achchiq, gina, mala’natlar, qarg‘ishlar?
Guloy, To‘ti, Qumri, Oyxon, Yorqinlar Navro‘z kuni devorlarga qaraylar. Ko‘chalarda er-qizlardan oqinlar, Tutqunlarning yonlariga kirmaylar.
Qatorlarga ularni ham olmaylar, Tutqunlarni kishiga ham sanmaylar… Tutqunlarning ko‘z yoshlari bahorning Shudringidek go‘zallikni ho‘llaylar.
«Go‘zallikni sevdim» degan erkinlar Ko‘rib turib uyalmaylar, o‘lmaylar!..
Navro‘z kuni erksizlarga erk berar, O‘zbek qizi erkli kunda bo‘sholmay,
Zindon kabi tor uyidan chiqolmay, Qalin, og‘ir devorlarni yiqolmay, Borlig‘ini keng dunyoga otolmay, Chin erk kunin kuta-kuta telmirar…
Toshkent. 1921, 27–aprel