Nil qizi

(Birinchi qo‘shiq)

Go‘zal Nil bo‘yidan «Falloh» qiziman. Ehromlar yo‘lida Karvon iziman.

Toshqindan tug‘ildim Erta bahorda, Iliq nurlar emdim Kundan nahorda.

To‘kilgan xurmolar Yemishim bo‘ldi… Olovli sevgilar Yelga tutildi.

Sevganim qul bo‘lib Sotilib ketdi, Minglarcha qullarga Qotilib ketdi…

Butun hayotimni Bir zahar sirdi, Qo‘ynimga sevmagan Bir erkak kirdi!

Onamdan ayrildim «Ona» deguncha, Otamni ko‘rmadim Ko‘zim to‘yguncha…

Nilning barakasi Dunyoga tatir, Fallohning baxtini Kimlar uyg‘otur?..

(Ikkinchi qo‘shiq)

Munbit Nilning mehnatsevar «falloh» qiziydim, Munbit yerlar, dalalarning shan yulduziydim.

Nil suvlari qirg‘oqlardan oshgach, tug‘ildim, Ko‘zni ochgach, qum aralash suvlarga kuldim.

Boshqalarday bu dunyoga yayrab keluvdim, Oilamga bir qush kabi sayrab keluvdim.

Bu unumli tuproqlarda to‘yarman derdim, Yoshligimda bor mehrimni shularga berdim.

Kecha-kunduz ishlaganim qora yer bo‘ldi, Bor kuchimni xashlaganim qora yer bo‘ldi.

Mehnatimga rohat ko‘rib, yayrayin derdim, Xurmozorlar orasida sayrayin derdim!

Faqat dunyo yo‘qsullarga juda tor ekan, Zolim falak yo‘qsullar-la ko‘p o‘ynar ekan…

Yosh umrimni mehnat bilan nobud qildilar, O‘lmay turib keng dunyoni tobut qildilar.

1934-yil, mart