Og’riganda
Bo‘g‘iq, qisiq, asabiy bir ko‘ngil bilan tun-kun To‘shakda, o‘ylar orasinda o‘g‘rashib yotmoq Og‘ir… qiyin…
– Bu yotishning so‘ngi, so‘ngi kelsun! Yozilmaganmi bu tunlar so‘nginda tong otmoq?
Ko‘zimda erta va kech bir yig‘in xayol ochilar, Xayol bilan ko‘raman: ko‘k yuzi bulutli kabi… Butun ko‘ngil va yuraklar olovli – o‘tli kabi, Bulut ko‘zidan esa yerga og‘u – yosh sochilar.
Menim o‘yimmi qora? Yoki yurt ko‘kida bulut, Quyuq bulut to‘dasi qonli yosh to‘kib yig‘lar? Menim bu xasta dilimni yana nechun tig‘lar? Menim-da ko‘ksima yoqmoqmi istar ul bir o‘t?
Bo‘g‘iq, qisiq bu ko‘ngil kuchli o‘t bilan yonadir, U o‘t orasida yurtning xayoli jonlanadir…
Buxoro. 1922, 16 fevral