Demon (Iblis)
Mixail Lermontov
Birinchi bo‘lim
Quvg‘indi ruh, qayg‘uli Demon Gunohkor yer uzra uchardi. Mas’ud kunlar xayoli shu on Ko‘z oldidan bir-bir o‘tardi: Malak edi toza va ma’sum, Xandon edi arshi-a’loda.
Hatto yulduz moviy samoda Aylar edi unga tabassum. Tashna boqar edi har zamon Olov sayyoralar diyori, Quyuq tumanlarning qo‘ynidan Asta kechgan karvonlar sari.
U zamonlar, dargohi ulug‘ Xudovandni sevar, inonar Edi. Na kin, na shubhasi bor Bu baxtiyor va to‘ng‘nch maxluq! Bekor, beburd kechgan asrlar Vasvasaga solmagan, imon Toza edi… Tag‘in nimalar… Eslagani yo‘q edi imkon!
Jahon dashti ichra bevatan Kezar sarson, quvilgan nabi. Yillar o‘tar, yana yillarday Navbat ketar, minutlar kabi. Shod emas u, ki yerda xoqon Fanoni der, istar farog‘at, Shuning uchun har yerda, hamon Zavq olmasdan, sochar sharorat. San’atining cheki yo‘q ko‘kday, Xohishiga qarshilik ko‘rmay Shuncha kezdi, shunchalik yurdi… So‘ng nihoyat, ko‘ngliga urdi.
Go‘zal Kavkaz osmoni — shisha, Qanot qoqar jannat matrudi. Pastda Kazbek. Unda hamisha Qor yarqirar — olmos xududi. Chuqur jarda ilon inidek Girdob o‘rab ko‘rinar Daryol. Elkasida ko‘pik—baroq yol Xuddi sherday sakraydi Terek. Uynoqi suv qo‘ng‘iroq chalar…
Tog‘ tepada kezgan jonivor Ko‘kda uchgan parrandaki bor Hammasi ham hayratda qolar. Elkan kabi osmonda yuzgan Engil qanot, oltin bulutlar Uni birga olis janubdan Shimol yoqqa kuzatib borar…
Zumrad daryo oqar to‘xtamay; Tepasida buyuk qoyalar To‘lqinlardan ko‘ngil uzolmay Bosh solishib mudrab qolarlar. Salqin Kavkaz darvozasida Dev qorovul kabi balanddan Minoralar tog‘ yoqasida Chiroy bilan ochilgan edi.
Ammo, mag‘rur Iblis ko‘ngilsiz Xayollari sochilgan edi: Nafrat yog‘ar har nigohidan, Tillarida achchiq haqorat, Rozi bo‘lmay o‘z ollohidan G‘azablanar edi u, faqat.
Ko‘z o‘ngida bordi bir diyor: Jannat kabi go‘zal Gurjiston. Maysa-gilam yozgan vodiylar Go‘yo chaman-chaman guliston. Kumush kabi buloqlar jo‘shqin Jimirlaydi tubida toshi… Shalolar sachratgan uchqun Balki, gurji qizining yoshi. Qora sochi bamisli sunbul Suluv qizlar muhabbatini Gul shoxida o‘qiydi bulbul; Marmar kabi musaffo tuni. Quyuq soya tashlagan chinor, Barglarini shabboda o‘ynar… Jin gul bosgan jarda gohilar Qo‘rqib-pisib yotar ohular…
Bunda sevgi, bunda shan hayot, Yaproqlarning so‘nmas shovqini. Ammo, bular hammasi, hayhot! Qo‘zg‘atolmas Iblis zavqini. Bunda ming xil yam-yashil giyoh, Nafas olar, g‘uborsiz havo. Bunda tinchlik o‘zi bir navo, Lekin, Iblis nafratli, evoh! Oy nurida marvarid kabi Gul bargida shabnam yaltirar. Gurji qizning ko‘zlari kabi Ochiq ko‘kda yulduzlar yonar. Yana shunday go‘zal tabiat Buni asti xursand qilmadi. Quvg‘in shayton, badarg‘a xilqat Bu borliqni pisand qilmadi. Toshday qattiq ko‘ngli yumshamay, Tuyolmadi na quvvat, na his. Neki ko‘rdi, sira xushlamay Unga nafrat yog‘dirdi Iblis!
Qari Gudal o‘ziga atab Keng, muhtasham hovli soldirdi. Har toshida ming xasta — betob Qullar qonli ko‘z yosh qoldirdi. Qo‘shni toqqa sahardan tortib, Ko‘lka tashlar baland devori. Qoyadagi zinadan o‘tib Yo‘l boradi sho‘x daryo sari: Bu yo‘llardan har kuni bir bor Elkasiga qo‘yib ko‘zani, Engil ko‘chib go‘yo suzgani, Aragvaga chiqardi xumor, Yosh Tamara — Gudal nadrasi Hilpirardi shohi chodrasi…
U zo‘r qal’a tog‘ qirrasidan Sukut bilan boqardi har choq. Bukun bo‘lsa, surnay sasidan To‘lib-toshgan har taraf, har yoq. Qadahlarda toza musallas Aks etadi qandili chiroq. Jam bo‘lishgan yaqinu yiroq Katta bazm: hamma mast-alast… Bukun Gudal qizin to‘y etar, Go‘zal Tamaraning nikohi. To‘rda kelin, yashnab nigohi Qizlar ichra oyni eslatar… Uzoqdagi haybatli tog‘lar Berkitdilar quyosh yarmini, Chapak chalib, o‘ynab o‘rtoqlar Ruhlantirar qizlar bazmini. Avji o‘yin qizib turganda, Childirmani oldi kelinchak— O‘ynab ketdi… Har zarb urganda G‘uncha yozar edi bir chechak. Pirpiratib hilila yengin Goh uchardi qushdan ham yengil. Goh tinardi, suzuk boqardi, Qoshlarini nozik qoqardi, Goho asta bukpb tizzasin Gilam uzra yo‘rg‘alab ketar. Ilon kabi o‘ynab gavdasin Har nigohni o‘zga band etar. So‘ng, boladek kuladi o‘zi,— Mash’aladek yonadi ko‘zi. Bilmadimki, ba’zan kumush oy O‘ynagani xafif, yumshoq nur Hayot kabi, yoshlik kabi boy Bu kulgiga qanday tenglashur?..
Ont ichaman, tundagi yulduz, Kun botishu, sharqning hurmati Bunday go‘zal, bu kabi kunduz Fusunkorni olam ko‘rmadi, Na Eronning buyuk sultoni, Na jaqonning biron xoqoni Bu xil qizni ko‘rolmagan hech, Bu xil ko‘zni so‘rolmagan hech! Haramlarning muzdek chashmasi Inju kabi suvlari bilan Oy baravar bir karashmasi Go‘zallarni juda ko‘p ko‘rgan. Ammo, biron marta bo‘lsa ham Saratonda dim va issiq kech Bunday qomat, bundayin sanam U suvlarda hopitmagan hech. Dona-dona marjondek suvlar Uni ko‘rmay o‘tganlarini, Armon bilan ketganlarini Ehtimolki, asti bilmaylar. Jahon ichra kimsa bir marta Sutday oydin xilvat tunlarda Bunday sochni silay olmagan, Bu xil labga iz sololmagan. Ont ichaman, bu yorug‘ jahon Ayrilgandan beri behishtdan Bunday chiroy ko‘rmay, hech qachon Ozmagandi aqldan-hushdan.
So‘nggi safar o‘ynar erka qiz… Tog‘lar! Gudal mash’alasini, Ozodlikning sho‘x bolasini Balki, ko‘rolmassiz erta siz. Tushirindi qilib ertaga Olib ketar kuyov bir umr. Hayhot! Qimga nozini qilur? Qanday ko‘nar begona uyga? U biladi. Ravshan diydasin Nomuayyan shubha bosadi. Ko‘tarolmay goho siynasin Kalta-kalta nafas oladi. Uning butun harakatlari Ifodali, sodda-to‘pori Xo‘p kelishgan edi o‘ziga. Agar shu choq Iblis ko‘ziga Tushib qolsa, mabodo, bu qiz Tikilgancha qotib qolardi. Eslab ketib o‘tmishni, yolg‘iz Bir oh tortib, nafas olardi.
Yohu! Iblis qizni payqadi, O‘sha zamon sezdi hayajon: Shirin bir kuy go‘yo biyobon — Dashtday ko‘ngli ichra tarqadi. U, yangidan muhabbat-sevgi Chiroy sanamiga yo‘liqdi. To‘ymay boqdi. Xayoli ezgu Kechgan baxti bilan to‘liqdi. Es kitobi varaq yozarkan, Saodatli kunlari bir-bir Yulduz kabi tizilib pir-pir Zanjir kabi o‘tdi nazardan. Bir gezli kuch bog‘lab chambarchars Yangi g‘amga oshna bo‘ldi u. Unda sezgi tilga kirdi, bas, Qoplab oldi ufqni qayg‘u. Tuydi sevgi halovatini: Qayta yashash alomatimi? Vasvasaga solgani qizni Topolmadi aqlida mador. Unutmoqmi? Yo‘q, Parvardigor Bunday kuchni, bundayin hisni Unga asli berganmas edi. Berganda ham bu olmas edi.
Nikoh uchun oshiqar kuyov; Qun botmasda yetib bormoqchi. Sabri tugab ko‘nglida zo‘r dov, Otga bosar ustma-ust qamchi. Etib keldi bexavfu xatar Aragvaning sohillariga. Nortuyalar sohiblariga Zanjir kabi ergashib qator, Darmon ketgan kabi tizidan Bitta-bitta ko‘char izidan. Yuki og‘ir… Bu katta karvon Olib kelar qayliqqa ehson. Jangur-jungur o‘ynar qo‘ng‘iroq, Hali manzil olis, ko‘p yiroq… Senodalning hokimi o‘zi Qelar karvonning bo‘lib ko‘zi. Belda kamar, qilich va xanjar, Jim-jim etar oftobning tig‘i, Elkasida osig‘liq — ham zar, Ham tilladan guldor miltig‘i. Qimmat baho chakmon egnida. Shamol o‘ynar barin qo‘ynida. Shohilardan tuzalgan egar; Guldor yugan toy bo‘ynin egar. Tuxum kabi sag‘ri gupurgan, Go‘yo, birov unga suv purkkan; Tezob, abjir, tusi bebaho Asl saman, go‘yoki tillo…
Qorabog‘ning sho‘x yugurdagi Qulog‘ini chimirar hamon, Vahimaga to‘lib yuragi Ko‘z tashlaydi to‘lqinlar tomon: Tor va xavfli ingichka bu yo‘l O‘ng tomoni chuqur daryo, jar, Qirra toshli buyuk qoya — so‘l, Har minutda kutar bir xatar. O‘zi ham kech. Qorli cho‘qqida Shafaq o‘chay-o‘chay deb turar. Tuman bosdi. Tog‘lar uyquda… Karvon picha tezlab yo‘l yurar.
Yo‘l ustida kichik bir daxma, U daxmada ko‘hna bir mazor, Dushman qo‘li bilan ming laxma Bo‘lgan qandaydir knyaz yotar. Uni endi avliyo deylar, Haqiga yuz ming duo deylar. U yo‘llardan bironta yo‘lchi Yo hayit, yo jang ketar bo‘lsa, O‘sha yerda dam olib pichi Unga ibodat etar bo‘lsa, Saqlanardi musulmonlardan: Xanjaridan, to‘kar qonlardan. Ammo, botir yurakli kuyov Istamadi bu ibodatni, Buzdi — go‘yo o‘chakishgan yov Bobolari qilgan odatni. Chunki, Iblis aldadi uni, Xayolini aynitdi qo‘ymay: U, o‘yida, go‘yo tinch tuni Qaylig‘ini o‘pardi to‘ymay. Yohuv! Kimning sharpasi bo‘ldi, Ro‘baro‘dan, tog‘ oldi qirdan Ikki soya ko‘rindi birdan, O‘q chaqnadi. Vahima to‘ldi. Jasur knyaz churq etmadi ham, Uzangida tip-tikka turdi. Papog‘ini bostirdi, shu dam Uchar otga bir qamchi urdi. Qo‘lida turk qilichi yondi, Burgut kabi olg‘a tashlandi. Yovvoyi dod, bo‘g‘iq bir fig‘on Tutdi butun vodiyni shu choq. Uzoq davom etmadi. Bu on Gurji erlar qochdi tumtaroq.
Yana tinchlik bosdi vodiyni. Yolg‘iz, qonli murdalar yotar. Yo‘lchilarning aylab yodini Mo‘ltir-mo‘ltir tuyalar boqar. Talon bo‘lgan katta boy karvon Moldan asar qolmagan sira, Xristianlar o‘ligi uzra Qora qushlar uradi javlon. Shaxid o‘lgan bechoralarni Otalari yotgan mozori Chorlamaydi. Bechoralarni Qimga yetar fig‘onu zori? Aza tutib, uzoqdan — ulib Onalari kelmas boshiga. Olam to‘lib qonli yoshiga, Singillari turmas oh urib. Qabrlari teppasida hech Sham yoqilmas sahar, kunduz, kech. Ammo, biron muruvvatparvar Yodgor etib o‘tqizar bir but. Osmonida yig‘lar oq bulut, Atrofida gul o‘sar par-par. So‘ngra bundan yurar yo‘lovchi Befotiha o‘tib ketolmas. Uzoq yo‘lda bo‘lmay iloji Bu yerlarda dam olur birpas.
Bug‘u kabi tez uchar saman Xuddi jangga oshiqqan kabi. Ko‘zi soqqa kabi o‘ynagan, Pishqiradi, titraydi labi. Tog‘lar bo‘yi sakraydi goho, Tuyog‘idan yeldirim chaqnar. Shamol nedir tinglaydi. Go‘yo guv-guvida vahm siri bor. Eli chalkash bo‘lib pirpirar Hushsiz, xuddi o‘qday yugurar. Ot ustida chalqancha tushib, Go‘yo, sovuq yeldan uvushib Yo‘lchi yotar: oqargan rangi. Oyog‘ida mahkam uzangi Shilq etadi, otning yoliga Bo‘yni tushar, boqmas yoniga. Yugan tushgan uning qo‘lidan, Jilov tortmas otning yo‘lidan. Silon yopg‘ich shunday qizil qon, O‘ng qon, so‘l qon, hatto ufq qon. Ey chopong‘ich, abjir, qush qanot, Kamon yoyi kabi uchgan ot, Bahodirdek shart yorib jangni Omon saqlay deding xo‘jangni, Ammo qanday yozug‘ bo‘ldi bu, Osetin o‘qiga uchdi u!
Gudal uyi botdi azaga Yig‘i dodi chiqdi fazoga, Eshigida odam yig‘ilgan. Kuyib-pishib bunda yiqilgan Kimning oti? Bu bechora kim? Hatto, osmon javob bermas, jim! Yuzlarida vahima-vahshat Izlari bor, qo‘rqinch va dahshat! Usti-boshi, yarog‘lari qon, Boshi, ko‘zi, oyoqlari qon… Ot yolini siqimlab qo‘li, Behush qotib qolgan bir yo‘li. — Sho‘r peshona, baxtsiz kelinchak Ma’tal bo‘lib kutganing keldi, Ko‘yida qon yutganing keldi. Ammo senga qanday kulajak Bir umrga yumilgan ko‘zlar? Axir, taqdir senga ne ko‘zlar?
Bekami-ko‘st tinch oilani Chaqmoq kabi bosdi bu kulfat. Ko‘nglini yeb qayg‘u iloni Musibatga bo‘ldi qiz ulfat: Qonli yoshga aylanib qalbi Tomchi-tomchi oqdi ko‘zidan. Dami og‘ir… ketdi o‘zidan… Go‘yo, boshi ustida kabi Sochi to‘zib yotgan o‘rnida Eshitilganday bo‘ldi bir nido: «Qo‘y, yig‘lama! Bekor bu yaxlit Koshki, ko‘zni yoshi sob bo‘lsa, Koshki, hayot shabnami taxlit Yoshing murda uzra to‘kilsa. Yo‘q! U faqat ravshan ko‘zingni Tuman kabi qoplab olajak. Anor kabi shu qiz yuzingni Misday qilib o‘tda yoqajak. Yoring bo‘lsa uzoqda, bilmas Sening chekkan ohu zoringni. Endi samo nurlari tinmas Va erkalar nomizodingii. U jannatda qo‘shiqlar tinglar… Bu — hayotning bachkana tushi, Bir g‘aribning fig‘on, nolishi Behisht mehmoniga ne denglar? Yo‘q, bu qazo asli qismatdir, Inon menga, dunyo malagi. Arzimaydi, ko‘zingni art, tur, Yig‘lamoqning yo‘qdir keragi.
«Samo xuddi bir dengiz, Darg‘asi yo‘q, beelkan. Uchar hisobsiz yulduz Tumanlarning qo‘ynidan. Cheksiz ko‘m-ko‘k vodiyda Parcha-parcha bulutlar Iz qoldirmay ortida Erkin qanot qoqurlar. Ularga hijron, visol Na g‘am, na sevinch bermas. Kelajagi orzusiz, O‘tmish uchun achinmas. Bebaxt bo‘lgan chog‘ingda Ularni yodingga sol, Benasib va qaydsiz Yashashni o‘rganib ol!»
«Baxmal kabi yumshoq qora tun Kavkaz cho‘qqisini olganda, Shirin so‘zli fusunkor ochun Jimib uyqusiga tolganda, Sho‘x va yengil yel yurib tog‘da Maysalarni o‘ynagan chog‘da, Parrandalar bezovta bo‘lib, Gur uchganda vahimga to‘lib, Tok tagida gullar to‘yguncha Shabnam shimib, ochganda g‘uncha, Tog‘ ketidan oltin oy sekin Ko‘zlaringga nur quysa tekin, Uchib borar bo‘ldim oldingga Sahargacha mehmon bo‘lgali, Ipak kabi kipriklaringga Jindakkina orom bergali…»
Borgan sari pasayib asta Uzoqlarda tindi bu tovush. Irg‘ib turdi nigohi xasta, Atrofiga boqdi qiz xomush. Ko‘kragidan bosdi iztirob, Qayg‘u bilan qo‘rquv birlashdi. Cho‘chidi-yu, birdan qaltirab Tuyg‘ulari gupurdi, toshdi. Qafasidan chiqdimi joni, Vujudini yondirdi olov? Unutolmay ajib nidoni, Qiynaladi. Yo‘qmikan ayov? Sahar payti charchagan ko‘zlar Shiringina hey… uxlab ketdi. Ammo, payg‘ambarona so‘zlar Xayolini shart qulflab ketdi. Chiroyining ta’rifi behad Namuayyan, soqov kelgindi Qiz oldida boshini egdi, Yangi oydek bo‘lib sarvi qad. Nigohida chunon ham vafo, Chunon mehr, chunon muhabbat Bilan xafa boqardi, go‘yo Qizga achinganday u xilqat. U na malak, na boshqa edi, Na bu qizni qo‘riqchi pari Boshi uzra yashnamas edi — Qamon nurlaridan chambari. U do‘zaxi ruh emas. Yonur. Quvg‘in shayton emas edi — yo‘q! Pok oqshomga o‘xshardi to‘liq, Na kun, na tun, na zulmat, na nur!..