Ikkinchi bo‘lim
«Qo‘y, otajon, meni qo‘rqitma; Tamarangni urishmagin, bas. Men yig‘layman, ko‘rgin… unutma, Qi, bu yoshlar birinchi emas. Olislardan kuyovlar bizga Oshiqadir behuda, bekor. Bu el to‘lib yotibdi qizga! Men hech kimga bo‘lolmayman yor! O, so‘kmagin, so‘kma, otajon: Qo‘rib turibsanki, kundan-kun Quzgi bargdek yuzlarim so‘lg‘in; Yovuz og‘u ayladi qurbon! Qarshi turib bo‘lmaydigan vahm — Bilan makkora ruh qiynaydi, Meni halok etadi… qil fahm, Achin! Nahot, ko‘zing qiymaydi?! Aqli aynib qolgan qizingni. Hasratimni to‘kay xudoga, O‘zi saqlar bu yulduzingni. Mening uchun bu dunyo ichra Vaqtichog‘lik qolmadi sira. Qo‘y, ertaroq bag‘riga olsin, Tobut kabi u qora hujra…»
Uni xilvat bir monastirga Eltib qo‘ydi qavmi-qarindosh, Qo‘pol qildan bo‘lgan usti-bosh Yosh ko‘krakni botirdi terga. Baribir, naf bermadi biror Rohibalik usti-boshi ham. Yana o‘sha: xayoli — mubham, Avvalgidek ko‘ngli beqaror. Baribir, u hiylakor nido Yo, sham yongan mehrob yonida, Yo sajdaga qo‘yganida bet, Eshitilar hamon ketma-ket… Ba’zan qora gumbaz ustida Beiz, tovush chiqarmay sira, Ko‘rinardi u qiz qasdida Engil tutun qo‘ynida xira. Yulduz kabi nurlanar edi; Aldab, qayga imlanar edi?
U monastir, ikki yog‘i tog‘ Salqin yerda o‘rnashgan edi. Terak, chinor — g‘ujum ko‘k yaproq Atrofida o‘ynashgan edi… O‘shalarning qo‘ynida gohi, Oralikka inganda kecha, Ko‘rinardi to tong otguncha Oynasidan tanho yotog‘in — Jimillagan xasta nigohi Yosh gunohkor qizning chirog‘in: To‘rt atrofda, salqin soylarda Tilsizlikdan qurigan sho‘ri, Sag‘analar qorovuli but, O‘lik kabi saqlab bir sukut Qatorlashib yotgan joylarda Boshlanardi qushlarning jo‘ri. Toshdan toshga sakrab to‘ymagan, Qo‘ng‘iroqlar chalib o‘ynagan, Oploq to‘lqin urgan buloqlar, Pastga tushib, go‘yo o‘rtoqlar Hammasi bir bo‘lishib, gullar — Orasidan oqib guvillar…
Shimol yoqdan ko‘rinar tog‘lar, Ertalabki shafaq nurida Vodiylarning qo‘yni to‘rida Ko‘kish tuman erigan choqlar, Yuzin qibla tomon o‘girib Chaqirganda muazzin azon, Qo‘ng‘iroqning savti o‘kirib, Manostirni uyg‘otgan zamon, Yosh gurji qiz tikka tog‘lardan Ko‘za olib suvga tushganda, Gul g‘unchalar ochgan bog‘lardan Parrandalar ko‘kka uchganda, Kumush qorli yuksak cho‘qqilar Aks etardi tiniq osmonda, Kechga yaqin, quyosh botganda Qizil nurga cho‘mardi ular. Hammasidan baland va mag‘rur Bulutlarni yorib, tepadan Oq sallali, yo‘l-yo‘l to‘n bilan Kavkaz shohi — Kazbek ko‘rinar.
Ammo, bunday toza masarrat Kirmas edi qiynalib yotgan Gunohkorlik o‘yiga botgan Tamaraning ko‘ngliga albat, Olam unga begona edi. Undagi bor narsalar butun Azob uchun bahona edi — Ham oppoq tong, ham qorong‘u tun. Er yuzini bosganda tinchlik, Mizg‘imasdan kechalar bo‘yi, But oldida yiqilgan ko‘yi, Hushdan ketib yig‘lardi sho‘rlik. Ho‘ngir-ho‘ngir yuksalgan yig‘i Go‘yo daydi o‘g‘rining tig‘i Qo‘rqitardi tungi yo‘lchini. Vahim qilib, bilmay tinchini «Bu — g‘orlarda bog‘liq alvasti Chekkan fig‘on»! deb o‘ylardi u. Qulog‘ini olmasdan asti Horgan otnn tezlar edi: chu!
G‘am-hasratga botgan Tamara Derazaning tagida tanho, Xayollarga cho‘milib goho, O‘tiradi yig‘lab bechora. Uzoqlarga tashlaydi nigoh, Tun bo‘yi hech tinmay kutadi… Kimdir unga deydi: keladi! Chidolmasdan tortadi u oh. Qayg‘ularga to‘lgan ko‘z bilan, Ajib, shirin, yumshoq so‘z bilan, Bekorlarga ko‘rinmagan u, Bekor erka qilmagan uyqu. Ko‘pdan beri orziqardi qiz. Avliyolar uchun cho‘ksa tiz, Ko‘ngli hamon unga ketganin, O‘zi bilmay nega ekanin, Charchab, tolib og‘ir kurashdan Orom olay desa biron pas, Bolish botar — bo‘lib otashdan Kuydiradi, ololmay nafas. Sachrab turib, qaltiraydi qiz Go‘yo ishqi tundagi yulduz, Ko‘ksi, butun tani yonadi, Nafas qisar, ko‘zida tuman, Tashna quchoq birdan qonadi, Labda bo‘sa eriydi shu on… . . . . . . . . . . . . . . .
Choyshab yozdi shom qorong‘usi Gurjistonning tog‘u toshiga, Keldi Iblis toshib tuyg‘usi Monastirga — qizning qoshiga. Lekin, unga xalal bergali Botinolmay gangidi uzoq. Tayyor edi u, go‘yo, shu choq Yovuz niyatidan kechgali. Ne qilishni bilmay, tentirab Kezdi devor ostida sokin. Havo tip-tinch. Shamol yo‘q. Lekin Barglar undan qo‘rqdi dildirab… Ko‘z tashladi tepaga asta; Terazani lampa yoritar. U angladi shunda birpasda: Qiz kimgadir ko‘pdan ko‘z tutar! Ana, chingar jaranglab ketdi, Eshitildi kuylagan ovoz. O, u, qanday shirin, latif soz, Zarbi ko‘ngil tubiga yetdi… Xuddi ko‘z yoshidan birma-bir To‘kildi u tovush, to‘kildi… Muncha notinch yurak qurmag‘ur: Bardosh tugab, choki so‘kildi. U ashula shunday soz edi, Shunday yumshoq dilnavoz edi, Ki yer uchun atalib, go‘yo Ko‘kda to‘qilgan ovoz edi. Unutilgan do‘st bilan yana Ko‘rishmakni ixtiyor etgan, Tunni xilvat topganu, pana — yo‘llar bilan bu yerga yetgan Biron malak emasmikan bu? Shunda Iblis eng birinchi bor Muhabbatning dardini tuydi… Nola chekib dili zoru zor, Ishq o‘tida lovillab kuydi. Qo‘rqib, jilmoq bo‘ldi bu yerdan… Qanotini ko‘tarolmadi! Ajab! Quruq ko‘zidan birdan Yoshi oqdi… Hech chidolmadi… O‘sha joyda haliga qadar Odam yoshi emas, o‘sha yosh, O‘sha o‘tdek yosh kuydirgan tosh, Yakka, qora, kuygan tosh yotar…
Qizni sevar bo‘lib kirar u Marhamatli dil bilan shu choq; Vaqti yetdi, kutilgan orzu Ushaldi deb o‘ylab, xush dimog‘, Shu payt uning g‘ururli qalbi, Birinchi bor uchrashar kabi, Intizorlik qaltirog‘ini, Lol va majqul sir qiynog‘ini Angladi… Bu qo‘rqinch hol edi, Yomon tasodifga fol edi. To‘g‘ridan ham, kirsaki, unda Nur kiyingan jannat elchisi, Ul gunohkor qizning soqchisi Malak yashnab turardi tunda. Shu choq qizni aylab sarishta, Qanotiga olib farishta, Asradi u yovuz dushmandan. Pok iloqiy nurlar shu ondan — Kir nigohni ko‘r qildi butun; Iblis ko‘zin qopladi tutun… Shunda shirin salom o‘rniga Og‘ir itob eshitildi unga:
«Ey niyati buzuq ruh, tunda Qim chaqirdi seni, ayt menga! Senga muxlis kishi yo‘q bunda, Ko‘p erkinlik berma qaddingga. Haligacha bu yerda birpas Yovuzlik hech olmamish nafas. Mening ishqim, pok sanamimga Sola ko‘rma qora izingni. Qet! Uchirgim men yulduzingni, Saqlanib qol!» Va Iblis unga Taqqir bilan jilmayib boqdi; Nigohini rashk o‘ti yoqdi; Qaytalabdan o‘tli dilidan Eski nafrat zahari oqdi. «U meniki!— dedi riyokor,— Qiz meniki! Uni qoldir, bas! Kech qolding sen ey, himoyakor Men va unga sen hokim emas! Qizning g‘urur to‘la ko‘ngliga O‘z muhrimii bosib qo‘yganman: Sen ket, bunda men o‘zim ega, Men hukmron, uni sevganman!» Shunda malak g‘amgin ko‘z bilan U bechora qizga bir boqdi; Qanotini ohista qoqdi, So‘ngra g‘oyib bo‘ldi ko‘zlardan…
T a m a r a
O! Sen kimsan, so‘zlaring tubsiz, Do‘zax yubordimi, yo jannat Ne istaysan?
D ye m o n
Sen go‘zalsan, qiz!
T a m a r a
Gapir, kimsan? Javob ber, anglat!
D ye m o n
Men u menki, sen yarim tuni Quloq solib tinglading uni. Uning fikri oldi hushingni, Uning dardin anglagan bo‘lding. Uning o‘yi bilan liq to‘lding. U band etdi o‘ngu tushingni. Men u menki, e go‘zal pari, Kimsa sevmas, achinmas uni. Qullarimga men yerda ofat, Ozodlik va idrok shohiman. Men — malaklar, ko‘klarga dushman, Tabiatga yovuz kasofat. Lekin, mana, boq: dog‘ingda men, Tuproq kabi oyog‘ingda men! Mvn keltirdim egib boshimni Ishqing mayin ibodati-la, Eng birinchi yer azobi-la, Eng birinchi to‘kkan yoshimni, Qabul ayla, ol go‘zal, buni, Yorit umrim saodatini. Quloq solgil ohu zorimga: Birgina so‘z bilan meni sen Yana ko‘kka qaytarolasan, Ey parizod, qizg‘an holimga; Ishqing ezgu libosin kiyib, Yovuzlikdan dilimni tiyib, U dargohda porloq nur kabi, Yangi malak, yosh bir hur kabi Qayta yashar edim men u chog‘, Rahming kelsin, ahvolimga boq, Yalinaman, tinglagil meni, Asiringman, sevaman seni! Seni avval bir yo‘l ko‘rdimu, Ajalsizlik, hokimligimga O‘tli nafrat, qarshi bir tuyg‘u Chaqmoq kabi tushdi dilimga. Beixtiyor yerning yarmi g‘am- Shodligiga hasad qildim men: Senday yashash istadim men ham, Sensiz uni fano bildim men. Qonsiz qalbim jimirlab ketdi, Umidli nur jonlandi unda. Bir dard eski yara tubida Ilon kabi qimirlab ketdi. Sensiz nima bu abadiyat? Sensiz nima menga mulk, niyat? Quruq so‘zdir, tutmas asodir, Xudosi yo‘q keng kalisodir.
T a m a r a
Ey makkor ruh, chekil ey beor, Inonmayman dushmanga, yo‘qol! Parvardigar… Hayhot! Bu ne hol! Sig‘ingani yo‘q menda mador… Halokatli og‘u boshimni O‘rab olmish, to‘kar yoshimni! Ey hiylakor, ne kerak senga? Tingla, meni xarob etasan! So‘zing otash, zahardir menga, Gapir, nechun meni sevasan?
D ye m o n
Ey go‘zal qiz, nechunmi? — Hayhot, Bilmam!.. Yangi hayotga to‘lib, Yangi ishqning asiri bo‘lib, Senda ko‘rib baxtimga najot, Jahannamning og‘ir toshini Jinoyatli boshimdan otdim, Hechga butun o‘tmishni sotdim. Kel, dardimning qil ilojini. Shu qop-qora ko‘zlaring malak Ham do‘zaxim, ham jannatimdir. Quvg‘undini etma ko‘p halak, Olov tushgan qalbini tindir. Tingla meni, ishon, rost bilan Bu yerda yo‘q ehtiros bilan Seni shunday sevamanki men, Asti bunday sevolmaysan sen: Barcha o‘yim, barcha niyatim, Ochiq ko‘nglim va hamiyatim, Sha’nu shavkat, hukmdorligim, Butun umrim, butun borligim — Hayotim-la sevaman, go‘zal! Yuragimga surating azal O‘rnatilmish edi ilgari. Ajralmasdan mendan hech qachon Ko‘z oldimda yashnab u hamon Birga yurgan edi, ey pari! Bu shirin nom azal bor edi: Ko‘pdan menga hayajon solib, Kecha-kunduz hushimni olib, Qulog‘imda jaranglar edi. Mas’ud kunlarimda jannatda Sen bilan men edim furqatda. Oh, agar sen bilsaydingki, qiz, Butun umr — asrlar beiz, Huzur qilish va azob chekish, Yovuzlikka maqtov kutmaslik, Yaxshilikka ehson ko‘rmaslik, O‘zing uchun yashash, entikish, Bu abadiy kurashda yana Bekelishuv va betantana Kun o‘tkazish — qanday og‘ir ish! Ham achinish, ham achinmaslik, Har narsani anglash va sezish, Hech narsani ko‘zga ilmaslik, Hammasidan tahqir-la bezish!.. La’natini yog‘dirib xudo, Dargohidan aylagach judo, Tabiatning quchog‘i butun Muzday sovub qoldi men uchun. Ko‘z oldimda yastanib shunda Moviylandi koinot; unda Ko‘pdan menga tanish, ziynatdor Sayyoralar to‘pini ko‘rdim. Oltin toj-la uchardi ular; Oh, ne xo‘rlik, baridan so‘rdim, Hech bittasi nazar solmadi Eski do‘stni taniy olmadi. Shunda qahrim kelib ularni,— O‘zim kabi quvg‘undilarni Ro‘baro‘ chaqirdim. Biroq, U yovuz yuz, yovuz ko‘zlarni, Evoh! Taniy olmadim u choq. Bu ahvoldan qiynaldim yomon; Vahimaga to‘lib shu zamon, Qanotimni silkib yo‘l oldim. Qayga? Nechun? O‘zim bilmasdan, Eski do‘stlar ko‘zga ilmasdan, Unutdilar… Men yakka qoldim: Shundan keyin jahon men uchun Behisht kabi tor o‘ldi butun, Oqimning hur istagi bilan Borar joyin manzilin bilmay, Besukunu hamda beelkan Oqib ketayotgan kemaday; Gohi paytlar saharda yolg‘iz Ko‘k gumbazda qorayib yurgan, To‘rt tarafga o‘zini urgan, Xudo bilsin, qaydan, qay sari Tinim bilmay bemaqsad, beiz Uchgan bulut parcha singari Men ham uchar edim beqaror Hamdam izlab o‘zimga zor-zor! Insonga ko‘p hokim bo‘lmadim, O‘rgatmadim gunohlarga ko‘p. Yaxshilikni tamom xo‘rladim. Odillikni yerga urdim xo‘p, Uzoq emas… Toza imonning Alangasin o‘chirdim oson… Mehnatimga arzirmi hech on Ahmoq, munofiqi insonning? Men qiynaldim, jahondan bezdim, Tog‘lararo berkinib kezdim, Xuddi ko‘kdan otilgan yulduz — Tun qo‘ynida daydidim yolg‘iz. Tanho yo‘lchi tunda yiroqdan Makrim bilan bir o‘t ko‘rardi, Otini tez unga burardi. Borib-borib baland qirg‘oqdan Jahannamga to‘ntarilardi, O! Bekorga faryod qilardi, Jar toshlari botardi qonga… Parcha-parcha bo‘lgan insonga E’tiborsiz kulib boqardim, Shodlanardim, qanot qoqardim Ammo tezdan g‘azabning qora Bu o‘yini yoqmasdan qoldi, Qon sayridan ko‘zlarim toldi! Men isyonkor tabiat aro Dil zorini bosmoqchi bo‘lib, Buzuq o‘ydan qochmoqchi bo‘lib Unutilmas narsalarni ham Unutmoqqa ont ichib mahkam Bor olamdan tamom jirkanib, Kuchli bo‘ron bilan urushda Chaqmoq, tuman ichra burkanib, Quyunlarni o‘ynab burishda Bulutlarning ustida uchdim, Qeng fazoning qo‘ynini quchdim, Kelib ketgan hamda kelgusi Odamlarning barcha qayg‘usi, Barcha mehnat, barcha kulfati, Barcha chekkan g‘am, uqubati, Hammasini jam qil o‘zingga; So‘ngra mening hali so‘lmagan, Olam unga iqror bo‘lmagan, Tanilmagan zo‘r azobimdan Bir lahzani keltir ko‘zingga… Ular nima bunga nisbatan? Odam nedir? Nedir ish, umri? Kelib ketgan va kelib ketar… Umid borki, hukmdor tangri Hukm etsa ham, afv eta olar! Mening qayg‘um bo‘lsa muttasil, Shu yerdadir, hech qachon o‘lmas, U men kabi abadiy, asl, Mendek uning oxiri bo‘lmas! U ajralmas, men bilan yashar, Goh ilondek o‘ynar, to‘lg‘anar, Goh olovdek kuydirib yonar, Goh tosh kabi fikrimni bosar,— O‘lgan umid, o‘lgan ehtiros Qabridir u. Asti buzilmas!..
T a m a r a
Qayg‘ularing ne kerak menga? Bas qil dedim, bas dedim senga, Gunohkorsan…
I b l i s
Sengami, hur hiz?
T a m a r a
Eshitarlar…
I b l i s
Tanhomasmi biz?
T a m a r a
Xudoyim-chi?
I b l i s
Bizni ko‘rmas u, Ko‘k bilan band, yerni so‘rmas u.
T a m a r a
Jazolar-chi, do‘zax o‘ti-chi?
I b l i s
Hech gap emas, tinglagin picha, Sen sazomni urmasang yerga Do‘zaxda ham bo‘larmiz birga.
T a m a r a
Ey tuyqusdan yo‘liqqan do‘stim, Kim bo‘lsang bo‘l, baribir jo‘shdim, Rohatimni mangu yo‘qotib, Ajab majqul farrahga botib, Ixtiyorsiz tinglayman seni. Agar bordi aldasang meni, So‘zing yolg‘on bo‘lsa mabodo… Bu na sharaf! Rahm et ey xudo. Mening ko‘nglim senga ne kerak? Sen ko‘rmagan barcha qizlardan, Chiroy shohi u yulduzlardan Nahot, ko‘kka men qimmatliroq? Ular, hayot! Hammadan go‘zal, Ta’rifi yo‘q gul chiroylarin Erdagidek qizlik joylarin O‘lim qo‘li buzmagan azal. Yo‘q! Sen menga qasamyod ayla, O‘ylaringdan kech, barbod ayla, Ko‘rasanmi g‘am chekaman men; Xotin hissin ko‘rmoqdasan sen! Yuragimda shubha bor senga… Ammoki sen barchasin tuyding, Hammasini bilasan, suyding, Rahming kelar albatta menga! Ont ich… yovuz bisotingdan kech, Va’da bergin, inontir, uqdir. Nahot, bo‘lak buzilmagan hech Na bir qasam, na va’da yo‘qdir?
I b l i s
Ont ichaman xilqatning boshi, Hamda uning so‘ng nafasi-la, Jinoyatning uyatli toshi, Haqiqatning tantanasi-la! Ont ichaman zafar orzusi, Inqirozning qayg‘usi bilan, Vasling bilan hamda bo‘lg‘usi Dardli hijron qo‘rquvsi bilan; Ont ichaman mute’ ruhlaru, Do‘stlarimning taqdirlari-la, Menga dushman malaklarning u Qonsiragan shamshirlari-la; Ont ichaman ko‘k-la, do‘zax-la; Er sanami san-la, va haq-la, Sening so‘nggi bir nigohingu, Eng birinchi yoshing, ohingu, Lablaringning gul damlari-la, Ipak soching buramlari-la, Ont ichaman aysh-la, kulfat-la, Ont ichaman bor muhabbat-la, Eski o‘chdan tamom voz kechdim, Kechdim mag‘rur o‘ylar bahridan. Bundan bu yoq makrim zahridan yo‘ldan ozib qiynalmas hech kim! Endi osmon bilan kelishmoq, Sevmoq, sig‘inmoqni istayman, Endi ezgulikka erishmoq, Unga inonmoqni istayman, Endi butun bu olamdagi Kasofati ruhimni quvay: Ko‘z yoshim-la peshonamdagi Ko‘k otashin izlarin yuvay; Qo‘y, bu dunyo tinch va voqifsiz Chechaklansin, gullasin mensiz! O! Ishongil; shu zamongacha Visolingga yetishib, seni Anglay olgan faqat mengina. Oyog‘ingga — hokimligimni, Erku, ishqu to imongacha To‘kib solgan faqat mengina. Ishqingni qiz, hadyadek bukun Men kutaman; ayla hamiyat: Bir marhamat, bir oning uchun Qurbon senga bu abadiyat. Yo‘llaringda ey toza sanam, Ovoraman, qalbi kuyukman. G‘arazdagi kabi ishqda ham Vafodorman, inon, buyukman. Falaklarning ozod o‘g‘liman, Seni ko‘kka olib ketaman, Bu jahonga xoqon etaman, Eng birinchi yorim bo‘lursen. O‘sha yerdan, ey go‘zal pari, Go‘zalligi umrsiz bo‘lgan, Jinoyatga, o‘limga to‘lgan, Na sevgida va na nafratda Betahlika yasholmaydigan O‘z nafsidan osholmaydigan, Mayda ehtiros-la g‘aflatda Qolganlarning makoni — yerga; Razolatu, g‘am koni— yerga Qizg‘anmasdan nazar solarsan, Nafrat bilan o‘yga to‘larsan. Bilmaysanmi haliga dovur Odamlarning ishqi neligin? Qon mavjidir, bilmasang — bilgin, Lekin, kunlar o‘tar, qon sovur. Ey go‘zal yor, javob ber menga, Ayrilliqqa, ko‘z yoshlaringga, Yangi chiroy aldashlaringga, Xayollarning xohish, zrkiga, Horg‘inlikka, xafalikka, kim — Jindek qarshi turalar? — Hech kim’ Yo‘q! Sen uchun, ey, sevimli yor, Tor doira ichra lolu zor Kundosh dag‘allikka qul bo‘lib, Qayg‘u bilan hasratga to‘lib, Yuraksiz va sovuq insonlar, Mug‘ombir do‘st, yozuz dushmanlar, Samarasiz tilak, qo‘rquvlar Bo‘sh va og‘ir mehnat, qayg‘ular Orasida gulday so‘lishni, Bekorlarga xarob bo‘lishni Taqdir azal yozmagan aslo, Bunday lahad qazmagan aslo. Baland devor ostida g‘amgin, Odamlardan, xudodan nari Ibodat-la axtarib taskin Beehtiros so‘nmaysan pari. Yo‘q! Yo‘q! Seni, ajoyib xilqat, Boshqa olam, boshqa bir qismat -, Boshqa azob, boshqa hayajon — Kutmakdadir, sen menga inon, Tashla eski orzularni sen: Unut uning har narsasini, Evaziga ochib beray men Mag‘rur idrok darvozasini, Menga tob’i ruhlarni butun Oyog‘ingga cho‘ktirayin tiz, Sehr to‘la malaklardan qiz, Joriyalar beray sen uchun, Senga atab Sharq Yulduzidan Oltin jig‘a uzib berayin, Shabnam terib gullar yuzidan U jig‘aga tizib berayin. Kun botishning la’li nuridan Bo‘ylaringga bog‘ichlar o‘ray, Atrofingda havolarni man Xushbo‘y nafas bilan to‘ldiray. Qulog‘ingni ajib kuy bilan Sira tinmay erkalatay men, Firuzadan, qahrabolardan Koshonalar tayyorlatay men. Dengizlarning tublarin quchay, Bulutlardan balandga uchay, Er ne’matin senga tutay qiz, Farmoningga yig‘lab cho‘kay tiz, Sevgin meni!..
Va u ohista O‘tday yongan lablari bilan Qizning xuddi xandoni pista Lablariga yopishdi birdan. Qiz yalindi. Yolg‘on so‘z bilan Aldadi u, ishontirdi u; Yonib turgan kuchli ko‘z bilan Tikka boqdi va yondirdi u. Xanjar kabi qop-qora tunda Hech davosiz chaqnadi shunda. Hayhot! Hayhot! Yovuz ruh yana Yana bir yo‘l qurdi tantana! Qiz ko‘ksiga uning bo‘sasi Hayhot! O‘lim zaharin quydi. Qizning dod deb chinqirgan sasi Tun tinchligin tashvishga qo‘ydi. U tovushda muhabbat, azob, Yolvorishu, gina, iztirob, Yosh umr-la, alvidolashish, Olam bilan so‘ng judolashish — O‘lim degan xabar bor edi, Bu eng so‘nggi ohu zor edi.
Shu vaqtda tun qorovuli Taqillatib taqildog‘ini, Har yon tutib ding qulog‘ini Odat qilgan har kungi yo‘li — Tikka devor aylanasida Yolg‘iz kezib yurar edi tek. Birdan cho‘chib, sharpa sezgandek Qiz oynasin shunda pastida Hayron bo‘lib to‘xtadi qoldi, Atrofiga tinch quloq soldi. Boqar ekan u jimjit tunga Ikki labning cho‘lp-cho‘lp bo‘sasi, Zaifona qiyqiriq sasi Eshitilganday tuyuldi unga. Chol cho‘chidi, dili uvishdi, Yuragiga kir shubha tushdi. Lekin, tindi hammasi shu choq Faqat mayin shabada yiroq Yaproqlarning zorin bu yoqqa Keltirardi uzoq yerlardan. Tog‘ daryosi qora qirg‘oqqa So‘ylar edi o‘tmish sirlardan. Vahim bosdi, u chol qo‘rqardi Ichdan allanelar o‘qirdi. Yovuz ruhni, qora arvohni Xayollardan quvib tashlay deb, O‘ylaridan yomon gunohni Duolar-la yuvib tashlay deb, Dir-dir titrab o‘ng qo‘li bilan Cho‘qinib u iltijo etdi, Indamasdan, o‘z yo‘li bilan Shoshilgancha tez yurib ketdi.
Uxloq pari kabi beozor, Tobutida yotar edi qiz, Oppoq yuzi, u gulday uzor, Kafandan ham oq edi… Esiz Yumilmishdi kiprigi mangu… Lekin kiprik ostidagi u Mudrab yotgan ko‘zlar uyg‘oq deb Yo o‘pish, yo kunga ilhaq deb Kim o‘ylamas edi boqqanda Jigari yosh bo‘lib oqqanda? Ammoki, u ko‘zlarga quyosh Oltin nurin quyardi bekor, Yig‘lab o‘pib qavmi-qarindosh, Ular uchun kuyardi bekor. Yo‘q! Qattiqdir o‘limning dasti, Uni hech kim buzolmas asti!
Tamarani xurram kunlari Bayramda ham hech qachon bu xil Yasan bilan ko‘rmaganda el. O‘sgan yerin sarin gullari Eski urf-odat bo‘yicha Qiz ustinda hid sochishardi, O‘lik qo‘lda qolgan ko‘yicha Go‘yo yer-la xayrlashardi. Ehtirosga to‘la yuzida O‘limdan hech asar yo‘q edi. Unga boqqan kishi o‘zida U tirik deb ko‘ngli to‘q edi. Unda marmar kabi ham sezgi, Ham aqldan, hisdan begona, O‘lim kabi sirli va ezgi Bir chiroydan bordi nishona. Lablarida ajab bir kulgi Qotib qolmish edi beozor, Diqqat bilan boqqan ko‘zga u Talay g‘amdan berardi axbor: U kulgida hayotdan judo Bo‘layotgan dilning nafrati, Eng so‘nggi o‘y, so‘nggi niyati Hamda yerga sassiz alvido, Degan kabi bir hol bor edi; Qayg‘usiga olam tor edi. U burungi hayot kulgisi Behudaga qoldirmishdi iz, Endi uni ne qilardi qiz, Hokim ekan o‘lim uyqusi? Bir kulgining bir o‘xshari bor. Qech tushganda, quyosh botganda, Dengizda zar erib o‘tganda, Kazbek uzra kumush kabi qor Birpas asrab shafaq nurini Yiltillaydi uzoqdan qiyo. Ammo yarim jonli bu ziyo Yoritmaydi kimsa yo‘lini!..
Qo‘ni-qo‘shni, qavm-qarindosh G‘amli safar uchun yig‘ilgan. Ko‘ksi qisib dami tiqilgan Qari Gudal ko‘zlarida yosh, Faryod qilib yig‘lab zoru zor, Sochlarini yulib, so‘nggi bor Oq otiga mindi, qo‘zg‘aldi — Barcha mozor sari yo‘l oldi. Yo‘l olisdir, tinmay birma-bir Uch kecha-uch kunduz cho‘zilar: Bobolarin yonida ular Tamaraga qazmishlar qabr. Qishloqlarni o‘t qo‘yib bosgan, G‘ariblarni talagan, osgan Gudalning bir o‘tmish avlodi Ko‘kka chiqib fig‘oni-dodi Kasal bo‘lib yotib qolganda, Gunohlarga botib qolganda Ayblarini yuvmoq qasdida Faqat bo‘ron o‘ynagan, uchgan, Qarchig‘aylar zirvasin quchgan Qoya uzra, bulut pastida Urug‘iga aylab nishona Solmoq bo‘lgan edi butxona, Tezda Kazbek qorlari aro Bir kaliso yasaldi tanho Suyaklari unda bo‘ldi jo. O‘sha baland qoya sal o‘tmay Go‘ristonga aylandi bazo‘r, Ko‘kka qancha yaqin bo‘lsa go‘r, Go‘yo bir oz issiq bo‘lganday? Odamlardan narida har dam Go‘yo so‘nggi uyqu buzilmas… Bekor! O‘tgan sevinch, o‘tgan g‘am O‘lganlarning tushiga kirmas…
Bir farishta moviy samodan Oltin qanot qoqib o‘tardi; Ul gunohkor jonni dunyodan Quchog‘ida olib ketardi. U yupatib gunoh qizini Shubhalarin quvardi undan, Gunoh bilan azob izini Ko‘z yoshi-la yuvardi undan: Jannat sasi olisroq yerdan Eshitilarkan ularga, birdan Ularning hur yo‘llarin kesib, Xuddi kuchli shamoldek esib Do‘zaxi ruh guvillab uchdi, Quyun kabi samoni quchdi. U dovuldek kuchli edi-yu, Chaqmoq kabi yaltirar edi, G‘ururlanib tentaklarcha u «Qiz meniki! Yo‘qol sen!» dedi. Tamaraning gunohkor joni, Vahm bilan to‘lib har yoni Farishtaga o‘zini urdi, Duo o‘qib qaltirab turdi. Kelajakning taqdiri shu choq Hal bo‘lardi: chunki u tag‘in G‘azab bilan solib qovog‘in Qiz oldida yoymishdi quchoq. Ammo uni, ey parvardigor, Shu choqda kim taniy olurdi? Qanday g‘azab bilan u g‘addor Achchig‘lanib nazar solurdi, To‘lmish edi butkul so‘nggi yo‘q — Dushmanlikning o‘lim zahri-la Yuzlaridan go‘rga xos sovuq Yog‘ar edi yovuzlik, hiyla. «Ket shubhalar qora ruhi, ket!» Dedi osmon elchisi unga: «Ket ey beor, chekil ey bezbet, Endi sening hadding yo‘q bunga! Etar shuncha tantana qurding, Etar shuncha sen yo‘ldan urding; Endi hukm soati yetdi, Parvardigor qat’iy amr etdi! O‘tdi unga sinov kunlari, O‘tdi unga azob tunlari, Erning foniy kiyimi bilan Zulm zanjiri yechildi undan. Bilgil! Uni ko‘pdan kutardik, Ko‘pdan unga biz ko‘z tutardik. U shundayin ruhlardandi-ki, Ular uchun hayot — bir damdir, Betasalli, bir onli g‘amdir. U shundayin ruhlardandi-ki, Rab ularning jonli torini Yaratmishdir sarflab borini. Ular asli dunyo uchunmas, Va dunyo ham ular uchunmas! Qattiq baho bilan sermehnat Shubhalarin yuvdi u butun. U qiynaldi, sevdi. U uchun Endi ishqqa ochildi jannat!» Yovuz ruhga xo‘mrayib boqib, Ul farishta keng nafas oldi, Sevinch bilan qanotin qoqib, Ko‘k dengizi ichra yo‘qoldi. Mag‘lub bo‘lgan Iblis shu zamon Tentakona tilaklarini, Orzularu istaklarini Hammasini qarg‘ab beomon Yana mag‘rur, bir o‘zi yakka Burungidek beishq, bepakka Mulzam bo‘lib, qayg‘uga toldi. Bu jahonda tentirab qoldi! Haligacha tog‘ yon bag‘rida Qoyishaur vodiysi uzra Quyuq bulut, tuman bag‘rida Uzoqlardan ko‘rinib xira G‘amgin nazar tashlab to‘rt tomon U xaroba turadir hamon. O‘sha haqda bolalar uchun Hikoyalar saqlamish kuchin… Ro‘yo kabi u tilsiz haykal, U sehrli kunlar guvohi, Qop-qorayib ko‘rinar sal-pal Daraxtlarning ichidan gohi. Pastda ovul chechak otadir: Er yam-yashil gullab yotadir; Guvillagan tovushlar pastda Tog‘dan toqqa urilar asta, Pastda mayin shabada yelar, Uzoqlardan karvonlar kelar, Ko‘piklanib yarqirab irmoq Quyi tushmay, sakraydi har yoq. Beg‘am bola kabi tabiat Hamisha yosh; sho‘x hayot bilan Quyosh, bahor nabotot bilan Ko‘ngil ochib o‘ynar har soat. Bir zamonlar navbati bilan O‘z davrini kechirgan saroy, Xuddi do‘stu oilasidan Judo bo‘lgan, ayrilgan gadoy Rangi o‘chgan, g‘amgin boqadi, Ko‘ngillarni o‘tda yoqadi. Uning yangi yashovchilari Oy chiqishin kutib turalar; Bu ularning hur bayramlari, Chirqillashib o‘ynab yuralar. Yangi rohib — qari o‘rgumchak Uya to‘qir sayrashib chik-chik. Zangori, ko‘k kaltakesaklar Mayda toshlar hamda kesaklar Orasidan chiqishib shomda, Giz-gizlashib o‘ynashar tomda. Astagina inidan ilon Zinapoya ustiga chiqar; Goh kulajak bo‘lib bir zamon Kallasini pinjiga tiqar; Goh uzayib, o‘tgan zamonda Katta urush payti maydonda Esdan chiqib qolgan qilichdek Qimirlamay yotib olar tek… Bari vahshat; o‘tgan yillardan Hech bir yerda iz yo‘qdir benom: Asrlarning qo‘li bulardan Sekin-sekin o‘chirmish tamom. Tili yo‘qdir, so‘zlay olmaydi, Hech narsani eslatolmaydi Na shuhratli Gudal otidan, Na sevimli qizi zotidan. Ammo ular ko‘milgan mozor Zirvadagi butxona omon, Olloh panohida beozor, Bulut ichra ko‘rinar hamon. Eshigida qorovul bo‘lib, Boshdan-oyoq qorga ko‘milib, Temir sovut o‘rniga mangu Muz kiyinib qotib turgan u Saqlaguchi granit toshlar Atrofiga sovuq ko‘z tashlar… Ko‘chay degan ko‘chkilar mudrab Sovuq urib, muzlashib, titrab To‘rt atrofda shalolalardek Osilishib turadilar tek! Bo‘ron soqchi bo‘lib yuradi, Devorlarning changin suradi. Qo‘shiq aytib baqirar goho, Soqchilarni chaqirar goho. Bir ajoyib kaliso bor deb, Kavkaz tog‘larida turar deb, Oq bulutlar sharqdan yelishar: Sajda qilmoq uchun kelishar. Ammo, ko‘pdan bu go‘rlar uzra Hech kim kelib yig‘lamas sira. Tund Kazbekning baland qoyasi U o‘ljani saqlar, ko‘z uzmas. Odamlarning mangu nolasi Ularning tinch uyqusin buzmas.