Mening kecham
Kech boʻldi, tinib bitdi tovushlar, soʻndi butun uylarda chirogʻlar, tebranmadi yer uzra oyogʻlar, zulmat yana har yon oqa qoldi. Tolpinmadi, sayrashmadi qushlar, jimjitkina inga kirdi, boshini soldi keyinga, soʻlgʻun qanoti ostigʻa oldi. Oʻchmoq, yashamoq qaygʻulariga „chiq“ deb oʻzini uyqugʻa soldi, har dardi yoʻqoldi. Koʻklar sari chaqqon koʻtarilgan togʻ gavdali uylar, qoʻnuqlar, saroylar ayrildi butun dabdabasindan, bir qop-qora haykal tusini oldi. Kunduz sakiz-oʻn yoqqa yugurgan, chopgan, yiqilishgʻan, yana turgan, oʻng, soʻl uni tepkan, buni… inson-da yotib uyqugʻa toldi! Soʻlgʻun, qora, turgʻun dema. Koʻrdim mungli kechaning mungli chogʻinda, koʻb mungli uyimning qirogʻinda yolgʻuz iki narsa yondosh-da: biri shamʼim, biri… koʻnglim! Boshqa hama tinch, jim, oʻchlab uzonishda. Shunday kechalarni sevaman men, bunda yugurish yoʻq, soʻrgʻilush yoʻq. Yurmoq-da, oldamoq-da koʻrulmas; yolgʻuz koʻrunish, soxta kulish yoʻq. Yov shakli koʻzimdan Koʻb uzoqda. Doʻstlar esa undan-da yiroqda. Shunday kechadan oʻrgulaman men!