Qor

Kuchsiz, titroq, oppoq, kichik tomchilar, Turmay, tinmay tuproq uza yog‘adir. Yel bizlarni, bilmam, nechun qamchilar?! Ko‘klarda ham ayozlikdan oqarg‘an Bir ko‘z bormikim, yoshi Bizning alam, o‘lim bilan sug‘orilgan Yerimizning ko‘chigiga oqadir. Bu kichkina, o‘ksuz, oppoq bebaklar, Ucha-ucha yetmay qolg‘an tilaklar Eskan yelning qo‘llarig‘a o‘zini Tashlab qo‘yar, borlig‘ini unutar. Hech uzmayin yuqoridan ko‘zini Titrab-titrab qora yer uzra tushar! Tushgach, butun tushkanlarday toptalar... Teggan yerin bilmay bosg‘an oyoqlar, Pichratalar buning oppoq betini. Bosgan izin ko‘rmay o‘tgan tuyoqlar, Toptab-toptab, oh... aytolmam ketini... Yana bir kun ko‘k ko‘kragini ochib, Kula-kula bunlar sari boqg‘anda, Yana bir kun qizlar kabi tabiat, Qulog‘iga oltin halqa taqg‘anda, Bunlar butun pichroqlardan ayrilib Ko‘klar sari qarab uchib ketadir. Yana uchish, yana o‘yin, yana erk, Oh... u kunlar!... Sho‘r suvlardan chiqib kelgan bu maymun, Tulki, ilon, shayton, aldovchi mal’un Anglizlar!... Hamda uning quyrug‘ini tutkanlar!