Xayolimda bo‘lding uzun kun
Xayolimda bo‘lding uzun kun, Seni izlab qirg‘oqqa bordim. Och to‘lqinlar pishqirgan tunda, Topib ber, deb oyga yolvordim.
Ishon, bunda seni doimo Esga solar chiroyli tunlar, Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar, Esga solar baxtiyor kunlar.
Toleimning oshinosi sen, Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i. Sening bilan birga iqbolim, Ishonchimning sen vafo tog‘i.
Meni qurshar salqin bir havo, Suv ustidan tun quyuladi. Shunda qancha-qancha gaplarni Esga solib oy ham to‘ladi.
Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar Pishqiradi bilmay tinimni. Hiylagar oy, sehrgar dilbar, Solib qo‘yding yodimga kimni?..