Hol

Qaydan kelding, fikrimni bo‘lding, Nega etding meni parishon? Nega buzding munis holimni, O’ylarimni nechun bemakon?

Ehtiroslar, hislar, yonishlar O’lkasini kezardi xayol, Hokim edi mening ruhimda Shunday latif ilhomiy bir hol.

Bir kichik tor, bir yoniq parda Qancha gapni aytib berardi... Onasidan o‘rganganini Chumchuq chuvlab qaytib berardi...

Tikkan edim qalb qulog‘ini Va fikrimga bergan edi jon, Chivin uchsa kelardi malol, Shunga edi sadoqat, imon.

Xalal berma, ozroq qo‘nib tur, Tamom qilay shu gul suratni, Qo‘ygil meni, yurakning qoni Bilan tortay eng so‘nggi xatni.

Tinimsizdir yolg‘iz shaboda, Maysalarning sochi silkinar, Mana, hozir chirqirab turgan Parrandalar, qushlar ham tinar...

Hamma uxlar va faqat tunni Mening o‘zim qarshi olurman. Qarshi olur va tongga qadar Mening o‘zim uyg‘oq qolurman.

Qulog‘imga sekin shivirlab Tun uyquni o‘rgatar menga, Bo‘lganmisan tunda sahroda? Bo‘lmasa kel, so‘ylayin senga...