Bayron. Vido

Alvido, yor! Agar shu balo Qismatda bor bo‘lsa – alvido! Sen berahm bo‘lsang ham, ammo, Men dushmanlik qilmasman – vido!

Quchog‘ida shirin, osuda Uyqu bilan to‘lib yotganing, Yor hislari also ko‘zingga Badnom bo‘lib uchramas saning!

Agar qalbim urishlarini, Jindak seza olsayding – inon! Shuncha yomon ko‘rmakdan mani Bo‘lur eding o‘zing pushaymon.

Yurt kulsa ham endi mayliga, Zarbi gali sendadir bu bor: Men mubtalo bo‘lgan baloda Seni maqtov qilar sharmisor.

Mayli qaro, osiy bo‘lay man, Haq ham beray qarg‘amoq uchun, Ammo, meni quchib o‘rgangan Qo‘llar bilan o‘ldirmoq nechun?

Sen ishonkim, sevgi o‘tini Yolg‘iz yillar so‘ndira olur. Achchiq g‘azab ikki yurakni Ajratolmas va ojiz qolur.

Shu sezgi senda ham saqlanur, Sevib yonmoq qismatdur menga, Bir o‘y bilan yuragim yonur: Endi doim yotdur men senga.

O‘luklarga alamli faryod, Oh, naqadar mudhish bu taqqos? Ikkimiz ham hayotmiz, hayhot… Kunlar o‘tar bevalarga xos.

Shirin tili shod etgan chog‘da Qizimizni erkalar ekan, ‘Qizim, otang sendan uzoqda’, Deya imo qilganingda san –

Payqaganda mas’uma buni, Uni o‘p-u shu onda bedod Sevging ichra jannat topganni Va xayrixoh bo‘lganni et yod.

Agar qizda, tashlab ketganing, Bir yer topsang padarga o‘xshash, Ura boshlar yuraging sening Va qo‘zg‘alar manda ham shu g‘ash.

Gunohimni bilarsan, balki? Majnun bo‘lib suyganim, xolos. Armonlarim xazon va seni Suymak bilan kuyganim, xolos.

Borlig‘imni titratding, ishon, Kiborlikni sevmas bu mag‘rur Ruhim seni derdi va bu jon, Endi undan abad ajralur.

Hamma bitdi – so‘zlardir abas, Men aytganlar undan ham yomon, Lekin qalbga biz hokim emas, Unda orzu cheksizdir hamon.

Alvido, yor! Sendan uzoqda, Har bir munis narsadan mahrum, Qalbim azob degan tuzoqda, Bundan ortiq bo‘larmi o‘lim?

Tarjimon: Hamid Olimjon