Tagor. Chiroqlar
Bir ayvonning tokchasida To‘la nurli chinni chiroq Poril-poril yonar edi Nurlar sochib quchoq-quchoq. O‘ziga xo‘p bino qo‘yib, O‘z nurini o‘zi sevib, Tig‘larini sochar edi…
Oy bulutning orqasida Yaqinida sopol chiroq Yog‘larini so‘ra-so‘ra, Devorlarga tutunini Buruqsitib ura-ura Yonib turar edi. Biroq Qarg‘ab-qarg‘ab shu kunini, Bag‘ri ezik… Dedi: «Opa, Bu kun oyning nechasidir? Qaysi oyning kechasidir?»
Chinni chiroq xafa bo‘ldi, Sassiq tutunlarga to‘ldi. «Senga «opa» bo‘ldimmi men? Men kimman-u, kimdirsan sen? Sen, odobsiz, «opa» deysan, Kimligimni o‘ylamaysan!» – Deb qoshini chizib ketdi, Bechorani ezib ketdi.
Qarg‘ish endi qizgan choqda… Oy ko‘rindi ochiq yoqda! Buni ko‘rgach chinni chiroq Lablarini tishlab qoldi. Kulib turib sopol chiroq: «Singlim, holing qalay?» – dedi…
1924-yil
Tarjimon: Cho‘lpon