Shevchenko. Kichkina maryanaga
O‘s, go‘zalim, o‘s, mening qushcham, Ey, sen mening lola rangim, o‘s. Hali qalbing parchalanmagan, Yaproq yozu ochil, ma’sum o‘s. Sen ko‘kargan jimjit vodiyni Odam zoti ko‘rmagan hali, Agar bilib qolguday bo‘lsa Yulib olib, quritar seni. Na pokiza navnihol yillar, Na husnga to‘lgan yuzlaring, Na tong chog‘i ko‘z yoshi yuvgan Sening qora qiyg‘och ko‘zlaring. Na-da ma’sum, poku ozoda, Va begunoh qiz qalbing sening Och ko‘zlarni to‘ydirolmaslar… To‘ydirolmas, yumdirolmaslar. Ular kelar, o‘g‘irlar seni Va do‘zaxga sen bechorani Kuydirarlar tashlab beomon… Qiynalursan o‘t azobida, Va Tangrini qarg‘arsan yomon. Yangi gulim ochila ko‘rma, Ochilmasdan, xazon bo‘la qol; Hali qalbing parchalanmagan, G‘unchalikda sekin so‘la qol.
Gar bo‘lmasa bir kulba xonang Va kutmasa hamshira onang, Bundan yomon bir xo‘rlik yo‘qdir, Diling qayg‘u bilan to‘liqdir.
Menda yo‘qdir singil va opa, Bu baxt menga tamom begona. Men bu baxtni hech bir bilmadim; Faqat shunday qovrildi umrim.
…………………………………….. Qachonlardir uzoq yot elda, Ko‘zim mening yo‘qoldi senda! Qismat yomon, deya yig‘ladim, Bir oshiyon, deya yig‘ladim. ……………………………………..
Uzoq kezdim dengizda sarson, Sirdaryoga chiqdik bir zamon; Langar tashlab to‘xtagan bo‘ldik, Ya’ni bo‘shab dam olgan bo‘ldik. Vatagadan xat keltirdilar, O‘qigali el o‘ltirdilar. Biz, ikki do‘st yonboshlab yotdik, Ikki sirdosh xayolga botdik; Men: «Dunyoda ona va bir xat Toparmanmi», der edim faqat. – Sen yolg‘izmi? – deb so‘radim jim, – Uyim, bolam bor, – dedi do‘stim, – Kulba xona, ona, hamshira Boru, biroq xat yo‘qdir sira…
Tarjimon: Hamid Olimjon