Sharh aylasam ishq daftarini
Sharh aylasam ishq daftarini, jon chidayolmas, Ham jonu jahon, odamu hayvon chidayolmas.
Avrodi muhabbat o’qubon masjida kirsam, Masjid kuyaru toqi farozon chidayolmas.
Mayxona kirib, vasli sanamdin xabar olsa, Zohid kuyaru oqilu nodon chidayolmas.
Mahshar kuni gar barq urubon chiqsa nigorim, Do’zax kuyaru jannatu rizvon chidayolmas.
Ishq daftaridin gar o’qusam sura bayakbor, Beshubha, biling, oyati qur’on chidayolmas.
Gar nar’a urub tavsani himmat mina qolsam, Olamg’a tushub sho’rishi afg’on chidayolmas.
Mashrab, sen agar da’viye ishqi sanam etsang, Billohki, anga jisming ila jon chidayolmas.