III-qism
O‘zing bedor qil, yo rab, bizni bu xobi g‘aflatdan,
Hidoyat qil tariqi haq sori rohi zalolatdan.
1905 nchi, 17 nchi oktyabrda berilmish manifest, ya’ni hurriyat jumla Rusiya fuqarolarini asirlik zindonidan ozod qilib, o‘z huquqi diniya va dunyaviyalarini talab qilmoqda va o‘z mamlakatlarini islohida va o‘z maktab va madrasalarig‘a tartib va nizom ijro qilmakda. Hurlik, muxtorlik ato qilindi va bul hurriyat vositasi va soyasida jumla Rusiya fuqarolari oli alalxusus necha zamonlardin beri har go‘shada siqilib yotqon musulmonlar qafasdin ozod bo‘lg‘on qushlardek har tarafg‘a parvoz qilib, o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida chunon g‘ayrat va hamiyat qila boshladilarki, yolg‘uz musulmonlardin Peterburg‘ shahrig‘a yuborilgan arizalar 500 din ziyodag‘a bolig‘ bo‘ldi. Hech bir shahar, viloyat qolmadiki, davlat Dumasig‘a musulmonlar tarafidin vakillar saylanmoqqa maslahat va mashvarat qilinmag‘on bo‘lsa va hech bir viloyat qolmadiki, islohi mamlakat va ijroyi ahkomi shariat xususida majlis-mushovaralar qurulmog‘on bo‘lsa. Ammo biz Turkiston viloyatining musulmonlari hanuz asirlik zindonida tufrog‘ yemakdamiz. Jumla viloyatlardin millati-millati sadolari eshitilmakdadur. Ammo bizning viloyatimizda nafsi-nafsi navolari tarannum etilmakdadir. Hammada izhori haqqoniyat, bizlarda isrori nafsoniyat, hammada g‘ayrat va hamiyat zuhuri, bizlarda ixtilof va g‘aflat huzuri.
Biza nechun ittifoq o‘rnig‘a odati ixtilof o‘lmish,
Magar bizlarg‘a ro‘zi o‘lmamish millatda g‘ayratdan.
Hammaning maktab va madrasalari murattib va munzim, bizlarg‘a usul va tartib makruh va mahrum, oli alalxusus biz Toshkand musulmonlarig‘a sunnat o‘rnig‘a bid’at, ufoq o‘rnig‘a nifoq, va’z va nasihat o‘rnig‘a jang va shikoyat, g‘ayrat va hamiyat o‘rnig‘a xavfu g‘aflat. Iste’moli majlislarimizning eng amada zaruriyotidin o‘lmish ibodat uchun bino qiling‘on masjidlarimizning darvozaxonasi shikoyatxonag‘a mubaddal o‘lmish. Vaholanki, shikoyatni ramlig‘ida shak va shubha yo‘qdir. Imomlarimizning vazifalari qavmlarig‘a va’z va nasihat birla ahkom shariatni bildirub, g‘ayri-mashru’ ishlardin qaytarmoq bo‘lg‘on holda o‘z vazifalarini ado qilmoqqa to‘y va ma’raka axtarmoqdin qo‘llari bo‘shamas. Agar qavmlarini oldig‘a tushub to‘y va ma’rakag‘a yurmasalar o‘shal kuni imomatdin ma’zul bo‘lur emishlar. Chunki avomunnosning e’tiqodida imomlik qavmning oldig‘a tushub to‘y va ma’raka axtarmoqdin iboratdur va a’yoni qavmg‘a xushomad qilib, girdin ekmakdan kinoyatdur.
Vaholanki, imomlar noibi Rasulluloh sallollohu alayhi vasallamdurlar. Olloh taoliy anbiyo alayhim-us-salomg‘a o‘z ahkomlarini bandalarig‘a yetkuzmakni va’z va nasihat birla odamlarni dinga va yaxshi amallarg‘a dalolat qilmakni amr qildi. Ul janoblar har qaysilari ma’mur bo‘lg‘on vazifalarini ado qilmak uchun o‘z nafslarig‘a turluk-turluk jafolarni ravo ko‘rdilar. Hargiz va va’z nasihatdin zaboni muboraklarida qusurlik ko‘rulmadi, xususan, hazrat Rasuli akram sallallohi alayhi vasallamning dahani muboraklaridin to‘ti ruhlari parvoz qilg‘uncha «ummatim», «millatim» kalimalarini zaboni muboraklaridin qo‘ymadilar. Qani bizlarda ul janoblarg‘a mutobaqat, qani ul janoblarg‘a muvofaqat. Qachonki ul janob «Kulli nafsi zoiqatul mavt» mazmunicha dorulfanodin dorulbaqog‘a rihlat qildilar. Umuri hidoyat va muhofazatdin va millati xulafoyi roshidin alayhim ar-rizvonni vazifalari o‘ldi. Ul janoblar ham har qaysilari o‘z zamonlarida millat uchun chunon g‘ayrat va jasorat ko‘rsatdilarki, butun Fors va Turkiston balki, aksar Hindiston mamlakatlari bul janoblarning zamonlarida sharafi Islom birla musharraf bo‘ldi. Hammalari o‘zlarini millatg‘a qurbon qildilar. Bas, bul janoblarni noib va vorislari ulamoyi kirom va umaroyi zulehtiromlar o‘ldilar.
Bul janoblarda ham yaqin zamonlarg‘acha o‘zlarig‘a lozim bo‘lg‘on vazifalarni adosida qusurlik ko‘rilmadi. Ammo bul zamondin yuz yildin ziyodroq muqaddam zamondin boshlab ohista-ohista millat devorining har tarafig‘a rahnalar paydo bo‘ldi. Munga sabab ulamo va umarolarimizning o‘z nafslarini rioyasida harakat qilmoqlari bo‘ldi. Podshoh va xonlarimiz bo‘lsa, millatg‘a qilg‘on xizmatlari tanho xotun olmoq va kuchuk urushtirmoq va beg‘ayrat va haqqoniyat dindor kishilarni badarg‘a qilmoq va tutub o‘ldirmoq bo‘ldi. Millat nima, shariat nima, bilmadilar va qaramadilar. Shuning uchun millat devorini rahnalari tobora ziyoda bo‘ldi. Bo‘zaxo‘rlik, qimorbozlik, bachchabozlik, bazm qilmoq va yalochi o‘ynatmoq, erkakni xotun qilmoq va xotunni erkak qilmoq, zino qilmoq, shikoyat qilmoq va bir-birlarini haqorat qilmoq, xususan, og‘izga haqorat qilmoqkim, kufri sarihdur va shularg‘a o‘xshash harom amallar o‘rtalarida chunon shoyi’ bo‘ldiki, haromlig‘i hech kimning dilidin xatir qilmadi. Bu ishlarni alhol bizlarning ota-bobolarimiz rasmlaridur, deb iste’mol qilmoqdadurlar, hattiki ba’zi mo‘yisafedlarimiz bizlar yigitlik vaqtimizda munday ishlarni qilar erduk va munday bazmlarni qilur erduk, bizlarning bachchalarimiz munday o‘yunchi erdi, qani ul bachchalar, zamona fosid bo‘ldi, yigitlar xotun bo‘ldi, deb o‘tgan zamonlarg‘a faxr va bu zamong‘a afsus va nadomat qilurlar. «Innolloha yag‘irmo ba qavmi yag‘ir mo ba nafsihum». Mazmunicha: oxirul amr bu af’oli qabihalarimizni sababidan mulk-mamlakatimiz tag‘ayyur va tabaddul bo‘lib, asir-u, xor-u zalil bo‘lduk.
Vaqtiki hukumatdorlarimiz bizlarni bul tariqa g‘aflatda va jaholatda topdilar. Millatimiz devorining qolg‘on yerlarig‘a rahna solib, shariatimizni obodlig‘ina eng amada sabab bo‘ladurgon masjid va madrasa vaqflarini tavaqquf qilinib, qozilarimizning nomlarini «narodniy sudya» nom qo‘yilib, uch yuz so‘mdan vasiqa qilmoq qozilarimizdin olindi. Qozilarimiz hukmlarini polojeniyega muvofiq qilmoqqa majbur bo‘ldilar va soira-soira rahnalar paydo bo‘ldi. Ammo o‘z hukumatdorlarimizning ko‘zlarini g‘aflat chunon qoplamishki, hanuz o‘z nafslarining foydasini axtarmoqqa mashg‘uldirlar va ul foydadin millat va shariatg‘a xoh foyda o‘lsun, xoh zarar o‘lsun har bir harakatlaridin manfaati shaxsiyalari maqsuddir. Va har fikrlarida rioyani nafslari mavjuddir.
Ulamolarimizda hukumat yo‘qki, millat devorini rahnalarini isloh qilsunlar va hukumatdorlarimizda g‘ayrat yo‘qki, bu islohda ulamolarimizg‘a yordam bersalar, alalxusus, har millat sohiblari o‘z huquqi milliya va maoliyalarini talabida hur va muxtor bo‘lg‘on bu zamonda va har viloyatda islohi mamlakat uchun majlis, mushovaralari qurulg‘on bu asrda bizning Toshkand shahrida islohi mamlakat xususida na bir ijtimo’imiz bor va na bir maslahatimiz bor va na huquqi diniya va dunyaviyamizni talabida bir ariza berduk va na davlat Dumasig‘a vakil saylamoq xayolimizg‘a kelur. Yolg‘on bo‘lmasun, mundin bir-ikki oy muqaddam ulamo va hukumatdorlarimizning g‘ayrat to-murlari harakatga kirib, o‘z huquqlarini talabida ariza bermoq uchun ikki-uch bor ijtimo’ qildilar. Afsuski, ul ijtimo’lari ham yolg‘uz palov va ziyofatxo‘rlik birla nafsoniyatdin iborat bir majlis bo‘ldi. Ariza bermoq munda tursun, arizani tartibig‘a ham ittifoq qila olmadilar. Chunki har kim o‘z manfaati shaxsiyasini mulohazasida so‘z so‘zladi.
Qo‘rqurmanki, biz bechoralar shul g‘aflat va shul ixtilof va shul nafsoniyat soyasida hama mustafid bo‘lg‘on hurriyatning ne’matlaridin ham mahrum qolmasak deb. Agar shundan ham mahrum bo‘lsak, millatimizning devorig‘a solingan rahnalar tobora ziyoda bo‘lmog‘ida hech shubha yo‘qdir. Agar shul hol birla ketsak, tongla qiyomatda biz, ahli islomni qo‘llarimiz kimning yaqolarida bo‘lsa kerak.
Biz fuqarolar, qo‘ydek musulmoniya, amaldorlarimiz cho‘pon misllik bo‘lib, tongla bizlarning ahvolimiz borasida mas’ul bo‘lsalar kerak. «Kullikum rao’ va kullikum mas’ul an raiyata», oramizda bo‘lgan rahnalarni islohi hukumatdorlarimizning quvvat va g‘ayratlari birla mumkindir. Loaqal shunga ham bir g‘ayrat qilmasalar, misola bu rahnalarni bir nechasi bachcha va yalochilarni o‘ynatmoqdurki, mundan muqaddam gazetlarda yozilib erdi va ul gazetalarni o‘qug‘on kishilar g‘ayrat va hamiyat qilishib, necha yerlarda bu ishlarni man’ig‘a fuqarolarni o‘zlari ko‘shish qilishlari, ammo yerlarda man’ig‘a muvofiq o‘lsalar ham ba’zi joylarda qo‘llarida hukumat bo‘lmag‘on vajhidin man’ qilmoqqa qodir bo‘lmadilar. Agar hukumatdorlarimiz bul ishlarda ulamo va fuqarolarga yordam berib bosh qo‘shsalar erdi, butun Turkiston viloyatidin bu ishlarni barham bermoq mumkin erdi. Bas, bu ishlarni to‘g‘risidin qiyomatda savol o‘lsa, kimning domanin tutarmiz. Ikkinchi do‘xtur masalasidurki, boqiyasi bor.
«Taraqqiy» gazetasi, 1906 yil, 7 mart